FVV kelayotgan toʻrt kun ichida kuchli quyosh urishidan saqlanish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Oʻzbekistonda 25—29 iyul kunlari juda issiq havo boʻlishi kutilayotgani xabar qilingandi. FVV fuqarolarga quyosh urishidan saqlanish qoidalarini eslatdi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, ob-havoning keskin isib ketishi ayniqsa bolalar, qariyalar va bemorlarga ogʻir taʼsir qiladi. Hatto sogʻlom odamlar ham baʼzi bir qoidalarga rioya etishlariga toʻgʻri keladi. Quyosh urishi ochiq havoda toʻgʻri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir boʻladi, lekin issiq taʼsir qilgandan soʻng 6-8 soat oʻtib ham boshlanishi mumkin.
- iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 ga qadar tik tushadigan quyosh nurlari ostida boʻlmaslik;
- tabiiy matolardan tayyorlangan kiyim, yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiyish;
- quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqish;
- suv ichish rejimiga amal qilish (tartibsiz koʻp miqdorda suv ichish chanqoqni bosmaydi, lekin yurakni zoʻriqtiradi. Yaxshisi achchiqroq damlangan choy, kvas, har xil sharbatlar, mineral suv ichish lozim);
- quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish;
- quyoshda boʻlib qaytgandan soʻng, dush qabul qilish yoki hoʻl sochiq bilan artinish;
- och qoringa yoki ovqatdan keyin quyoshda yurmaslik.
Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:
- darmonsizlik, charchoq, bosh ogʻrigʻi va chanqash kuzatiladi;
- bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada ogʻriq boʻlib, puls va nafas tezlashadi. Ayrim paytlarda koʻngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin;
- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushdan ketish holatlari sodir boʻladi.
Ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.
Quyosh urishining ogʻir shaklida ter ajralishi toʻxtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam koʻrsatilmasa, nafas olish va yurak faoliyati toʻxtashi mumkin.
Quyosh yoki issiq urganda birinchi tibbiy yordam
- bemorni salqin joyga oʻtkazish, chalqancha yotqizish, boshini salgina koʻtarib qoʻyish, kiyimlarini yechish, butunlay tinch muhit yaratish va toza havo kelishini taʼminlash;
- agar bemor hushida boʻlsa achchiq choy yoki sovuq suv ichirish, (yaxshisi suvga 0,5 litrga 0,5 choy qoshiqda tuz qoʻshish);
- boshini sovuq suv bilan hoʻllash yoki boshiga nam sochiq qoʻyish;
- ogʻir holatlarda bemorni hoʻllangan choyshab bilan oʻrab qoʻyish yoki ustidan sovuq suv quyib turish mumkin, lekin ehtiyot boʻlish kerak (tana harorati 30 gradusdan tushib ketmasligi lozim). Agar iloji boʻlsa qon tomirlari koʻp boʻlgan qoʻltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suv toʻldirilgan baklajka qoʻyish;
- quyosh yoki issiq urgan bemorlarni yaqin oʻrtadagi davolash muassasasiga olib borish zarur, ogʻir hollarda esa zudlik bilan tez yordam brigadasini chaqirish zarur.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchi tibbiy yordamni toʻgʻri koʻrsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkinligini, asosiysi, kishi oʻzini yoʻqotmasdan hammasini toʻgʻri va tez bajarish zarurligini eslatdi.