LOTIN-КИРИЛЛ

Mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli kuchaymoqda

Guvohmizki, mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadri ulugʻlangan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan kechayotgan yangilanish jarayonlarini bitta soʻz bilan ifodalash joiz boʻlsa, mazmun-mohiyatida "xalqni rozi qilish, ogʻirini yengil qilish" ezgu gʻoyasi mujassam.

Hayotbaxsh islohotlar jarayonida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, mahalliy kengashlarni xalqning haqiqiy "ovoziga" aylantirish borasida ham keng qamrovli oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Jumladan, mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga qoʻshimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilganligi hokimiyatlar boʻlinishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

Vakolat va masʼuliyat oshirildi

Agar avval mahalliy Kengashlarning vakolatlari miqdori 20 taga ham yetmagan boʻlsa, hozirda ular qariyb olti barobarga oshib, 120 dan ortganini koʻrishimiz mumkin.

Oldinlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet boʻyicha vakolatlari cheklangan edi. Hududda orttirilgan mablagʻning oʻzi boʻlmasdi. Keyingi yetti yil ichida hududlarning mahalliy byudjetga oid vakolatlari tubdan oshirildi. Belgilangan mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish summasi mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldiriladigan tartib yaratildi.

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari mahalliy byudjetlardan tumanlar va shaharlar byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqish hamda tasdiqlash, tegishli byudjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish vakolatlariga ega boʻldi.

Bundan yetti yil oldin deputatlar faqat hokimninggina yillik hisobotini eshitgan boʻlsa, hozir mahalliy darajadagi 60 dan ortiq organlarning 120 ga yaqin masalalardagi hisobot va axborotlari deputatlar tomonidan tinglanmoqda.

Avvallari u yoki bu masala boʻyicha idoralarning hisobot (axborot)larini faqat bir yilda bir eshitish belgilanardi. Hozir esa har oy, har chorak, har yarim yilda eshitish kabi davriy hisobot eshitishga oid vakolatlar karrasiga oshdi.

2017-yilgacha prokuror yoki ichki ishlar organlari rahbarlarining mahalliy Kengashlarga hisobot berishi tugul, hatto uning majlis ishida qatnashishini tasavvur qilib boʻlmasdi. Bu masala muhimligidan, davlatimiz rahbari 2016-yil dekabrda Prezidentlik lavozimiga saylangan kunidan 2 kun oʻtib, oʻz maʼruzalarida "Hozirgi kunda Oliy Majlisimiz Senati tomonidan har yili Bosh prokuraturaning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi, masalan, uzoq Olot tumanida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar boʻlimlarining hisobotini kim eshitadi?" deb alohida taʼkidlagan edi.

Mazkur maʼruzadan kelib chiqib, bugungi kunda ushbu rahbarlarning mahalliy Kengashga hisobdorligi belgilab qoʻyildi. Ichki ishlar tizimining eng yuqori mansabdor shaxsidan tortib, mahalladagi inspektorgacha xalq vakillari oldida hisobdorligi taʼminlandi.

Yangilangan Konstitutsiya qoidalarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi murakkabliklarni bartaraf etish, qonunchilikning tizimliligini taʼminlash maqsadida 2024-yil 2-fevralda Prezidentimizning «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolat mahalliy Kengashlarga oʻtkazildi. Jumladan:

— taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari bilan kelishgan holda tegishli hududda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish;

— atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba hisoblanadigan ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilarini saqlash poligonlarining joyini davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilash;

— shahar yoʻlovchilar transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish haqini toʻlashning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi tariflarini belgilash;

— hovli, uy atrofi hududlarini saqlash va turar joylardan foydalanish qoidalarini tasdiqlash hamda boshqa funksiya va vakolatlar nazarda tutildi.

Shuningdek, mahalliy Kengashlarning davlat organlari hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirildi. Shu sababli, farmon bilan Kengashlarning qator vakolatlari qayta koʻrib chiqilib, ular sohalar boʻyicha tizimlashtirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklatilishi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi, normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan mahalliy Kengashlarning qonunda belgilangan vakolatlariga xos boʻlmagan vazifalar ijrosi boʻyicha mahalliy davlat ijroiya hokimiyati organlari masʼul hisoblanishi qatʼiy mustahkamlandi.

Farmon bilan shuningdek, Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi ham belgilab qoʻyildi.

Aholi muammolari va mahalliy Kengashlar faoliyati

Mahalliy Kengashlar ishi bir qarashda sezilmayotgandek tuyulishi mumkin, lekin mamlakatimizning biror-bir hududi yoʻqki, u hatto chekka qishloqlardagi aholi boʻlsin, mahalliy kengash taʼsiri boʻlmagan boʻlsa.

Gap kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, turli ijtimoiy daftarlarga kirgan yurtdoshlarimiz haqida bormoqda. Adolat, ochiqlik, xalq ishtirokini taʼminlash maqsadida ijtimoiy roʻyxatlarga kiradigan har bir oila, ayol, yosh boʻladimi, barcha-barchasi oʻsha hududdagi mahalliy Kengash deputatlari tomonidan ochiq oʻrganilib, Kengashda muhokama qilinib, kimki haqiqatda muhtoj boʻladigan boʻlsa, aynan shularga yordam koʻrsatiladigan tizim yaratildi.

2019-yildan boshlab byudjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi. Mamlakatimizda keng ommalashib borayotgan mazkur "Ochiq byudjet" jarayonlarini ham mahalliy Kengash ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Zero, aynan mahalliy Kengashlar tuman va shahar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foiz qismini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetida shakllangan qoʻshimcha mablagʻlarning 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishga tasdiqlab bermoqda.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiya tarkibi tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritilmoqda.

"Mahalla yettiligi" va Kengash hamkorligi

Bugungi kunga kelib, zamon talabi oʻzgardi, eskicha ishlashni hozirgi hayotning oʻzi qabul qilmayapti. Odamlar orasiga, mahallaga kirib bormagan idora, masʼul hayotdan ajralib qolyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu maʼnoda, «mahalla yettiligi»ga koʻmaklashish, mahallalarda qabul qilinayotgan qarorlarning haqqoniyligi va asosliligini taʼminlash maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va «mahalla yettiligi»ning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida joriy yilning 4-aprel kuni Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va "Mahalla yettiligi"ning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish sxemasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va "Mahalla yettiligi"ning oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari tasdiqlandi.

Bu hamkorlikni bir soʻz bilan tushuntirganda, maʼnosi shundaki, aholi muammolarini hal qilishning "mahalla — tuman mahalliy kengashi — viloyat mahalliy kengashi — Senat" uzluksiz tizimi yaratildi.

Mahalliy ijro hokimiyatining xalq vakillariga bogʻliqligi kuchaydi. Bundan yetti yil avval mahalliy ijro hokimiyati organlari hududda biror ijtimoiy-iqtisodiy tadbirni oʻtkazmoqchi boʻlsa, bundan har doim ham mahalliy Kengash xabardor boʻlmagan. Bugungi kunda mahalliy ijroiya organlarining ishi xalq vakillarisiz bitmaydi. Bu adolatli haqiqat boʻlib, biror-bir yirik tadbir oʻtkazilmoqchi boʻlsa, xalq vakillari uni moliyalashtirish manbalari boʻyicha oʻz qarorlarini qabul qilishi lozim boʻladi.

Sessiyalar tigʻizligi

2017-yilgacha mahalliy Kengash sessiyasi bir yilda 4-martagina oʻtkazilgan. Hozirgi kunga kelib, xalq vakillari ishtirokisiz hududda biror-bir muhim qaror qabul qilinmaydi. Buning isbotini biz mahalliy Kengashlarning majlislari avvalgidek bir yilda 4-marta emas, balki har oyda 1-2-martadan oʻtkazilishidan yaqqol bilib olishimiz mumkin. Har oyda boʻladigan sessiya kun tartibida kamida oʻnta masala boʻlishi fikrimizning yaqqol isbotidir.

Qarorlarning ochiqligi: avvallari mahalliy Kengashning qarorini hech qayerda koʻrmas edik. 2021-yil 1-iyuldan mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini qabul qilish (chiqarish)ga ketadigan ortiqcha muddatlarni qisqartirish, ularni ishlab chiqishda inson omili va aralashuvini kamaytirish, shuningdek, qarorlar bilan aholini doimiy ravishda tanishtirib borish maqsadida Kengash qarorlari "E-qaror" elektron tizimi orqali amalga oshiriladigan boʻldi.

"E-qaror" elektron tizimini chetlab oʻtgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlarini qabul qilish (chiqarish)ga yoʻl qoʻyilmasligi, bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emasligi hamda u qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi belgilab qoʻyildi. Bu tom maʼnoda, inqilobiy, tarixiy qaror boʻldi. Ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik, aholi uchun qulaylik tamoyillariga toʻla mos kelib, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashda sezilarli ish boʻldi.

Bundan tashqari, vakillik organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, mahalliy Kengash deputatlari bilan fuqarolar oʻrtasida elektron muloqot maydonini yaratish maqsadida 2022-yil 20-sentyabrda Oliy Majlis Senati Kengashining «Xalq deputatlari Kengashlari faoliyatiga "Raqamli xalq deputatlari Kengashi" kompleks axborot tizimini tatbiq etish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “kengash.gov.uz” platformasi ishlab chiqilib, barcha mahalliy vakillik organlari faoliyatiga joriy etildi. Bugungi kunda mahalliy Kengashlarga oid barcha axborotni ushbu platformadan olish imkoniyati yaratilgan.

Kengashlardagi shart-sharoit

2020-yilgacha mahalliy Kengashlarning na bir xonasi, na biror-bir doimiy ishlaydigan kadri boʻlmagan. Joylarda mahalliy ijro hokimiyati tashkiliy- kadrlar boʻlimining bitta mutaxassisi sessiya boʻlayotgan vaqtlarda koʻmaklashib turgan xolos. 2020-yil 14-sentyabrda qabul qilingan qonun bilan mahalliy Kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etildi. Hozirga kelib respublikamizdagi 221 ta mahalliy Kengashda 700 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 2-fevraldagi "Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni bilan mahalliy Kengashlar binolariga va ularni moddiy-texnik jihatdan jihozlashga doir minimal talablarni ishlab chiqish, 2024-yil 1-oktyabrga qadar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, 2025-yil 1-dekabrga qadar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari uchun belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda bino (ishchi xonalar) bilan taʼminlash va jihozlash boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi qoʻyildi.

Mahalliy Kengashlarga koʻmaklashish maqsadida Oliy Majlis Senati devonida Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi tashkil etildi. Ushbu markazning vazifalari sifatida mahalliy Kengashlar faoliyatini zamonaviy talablarga muvofiq tashkil etishga huquqiy, uslubiy yordam berish, mahalliy Kengashlar faoliyatidagi muammolarni oʻrganish va ilmiy-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, mahalliy Kengashlar deputatlarining malaka oshirishini taʼminlash, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari boʻyicha xabardor qilib borish va ular uchun muntazam ravishda oʻquvlar tashkil etish, mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirishga koʻmaklashish kabilar belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, mahalliy Kengashlar bundan yetti yil avvalgilaridan mutlaqo farq qiladi. Bugungi mahalliy Kengash deputatlari oʻz okrugidagi muammolarni aniq biladi hamda uni hal qilish uchun «Mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda zarur choralarni koʻrmoqda.

Albatta, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqni rozi qilish, ogʻirini yengil qilishda mahalliy Kengash deputatlari oldida ulkan vazifalar, oʻz yechimini kutib turgan masalalar turibdi. Buning uchun shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi zamonda kuzatuvchi emas, balki fidoyi, vatanparvar, bilimli, masʼuliyatli xalq vakillari safi yanada kengayishi talab etiladi, agar har bir deputat oʻz hududidagi kamida bitta muammoni hal qilsa, mamlakat boʻylab kamida olti mingga yaqin muammo hal boʻladi.

Sakina SAIDGʻOZIYEVA,

Jamoat xavfsizligi universiteti mustaqil izlanuvchisi

O'qilgan: 191 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: