LOTIN-КИРИЛЛ

Toshkentga yetaklagan xushxabar

       TUSH

      Qandaydir bir taqdimot marosimida emishmiz. “Uchquduq” gazetasi muharriri Feruza Yandasheva taqdirlanmoqda ekan. Qo‘lida alvon buket. Havas bilan qarsak chalib  turibman. Tushdagi oniy lahzalik quvonchdan yuragim potirladiyu uyg‘onib ketdim. Odatda, xosiyatli tushlar ko‘raman, shuni o‘ylab, bugungi tushimning ortidan ham xayr kelishiga umid bog‘ladim. Kun o‘rtasida Feruza bilan qo‘ng‘iroqlashib tushim haqida aytishga ham ulgurdim. Oradan bir hafta o‘tdi yo o‘tmadi.
Tushlik vaqti bo‘lgan, xodimlar birin-sirin uyiga shoshilmoqda. Tongdanoq taxtini egallagan bobo quyosh Qizilqum cho‘llarini qaynoq nuriga to‘ldirib yuborgan. Ulovga ilinib olgunimcha jazirama boshimni qizdirib, qo‘limdagi sumkamni saqichdek yumshatib qo‘ydi. Texnik takomillashuv bor bo‘lsin-da! Ilmning qudrati avtomobillarning ichiga ham yoz-qishni joylashtirib qo‘ygan! Avto ichida biram yoqimli, muzdek havo aylanar, biroq yoshlarbop musiqa ohangi tashqarida kezib yurgan javzoga hamohang. Beixtiyor, sanoat maydonlarida issiqni issiq, sovuqni sovuq, demay mehnat qilayotgan qahramon insonlarni o‘ylayman, xayolan minnatdorchilik bildiraman. Manzilimga yetaman. Odamning uyida, kasbida magniti bo‘lsin ekan, uydan ishga, ishdan uyga tortadigan ohanrabomizning borligi ne’mat!
      Uyimning ohanrabosi – Madinamga qaynona-oyimlardan ko‘p yaxshi fazilatlar o‘tgan. Ayniqsa, pazandaligi, chaqqonligi buvisiga o‘xshaydi. Ovqat-oziqni qo‘limdan olgan. Hozir ham tushligimga shirin taom yonida salati bilan tayyor. Qo‘llarimni yuvarkanman, qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Feruza,
salom-alikdan keyin menga tushimni eslatib gapiryaptiyu o‘zimning maqola yozishim esimda yo‘q, 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga Feruzaning taqdirlanganini taxmin qilib quvonyapman (“Hartugul, yaxshi tushim bilan hissa qo‘shdim”, deb!). Ammo, Feruzaning aytishicha, men taqdirlanayotgan ekanman.
“Uchquduq” gazetasi
   “Uchquduq” gazetasi keng qamrovli gazeta. Tumandagi iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy jarayonlar to‘g‘risida xabar beradi. Vatanimizning bag‘rikenglik islohotini o‘zida ifoda etgan gazetada o‘zbek, qozoq va rus tillarida materiallar mavjud. Sevimli gazetamiz tumandagi turli sohalarda mehnat qilayotgan qahramonlar hayotini yoritadi, yangiliklardan voqif etadi. Nuriya Po‘latova, Laylo Karimova kabi jurnalistlarning ocherk, badi’a va hikoyalari bilan mushtariylarini zeriktirmaydi, ijodkorlarga qanot beradi.
So‘zga mehrim borligini payqagan Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati rahbari - matbuot kotibi Rayhon Qodirova bilan har gal suhbatlashganimda, yozgan maqolalarimni huzur bilan o‘qishini va tug‘ilajak ijod mahsullarimni yana kutib qolajagini ta’kidlaydi. Matbuot kotibi, jurnalist Rayhon opaning rag‘bati, sof o‘zbekcha ohangda “Nilufaroy” (yana bu vodiycha ohang!), deya rayhoniy nafislik bilan gapirishi meni yana yozishga undasa kerak. Axir, ko‘p yillik tajribali jurnalistning e’tirofi bu – andak-mundak narsa emas-ku!
Aprel oylari edi. Rayhon opa qo‘ng‘iroq qilib respublikada o‘tkazilayotgan tanlovga jamoatchi muxbir sifatida maqolalarimni yubormoqchi ekanini, kerakli hujjatlarimning nusxalarini berishim zarurligini aytib qoldi. Erta-indinni bahona qilib yurdim. Boisi, o‘sha paytlar Qo‘chqor Norqobilning gazetaga bergan intervyularini o‘qib qolib, so‘z xazinalariga hayratlanib, shu kungacha yozganlarimdan uyalib, o‘zimni o‘zim o‘yib yurgandim. Lekin, baribir hujjat nusxalarimni berib yubordim. Tanlov haqida-ku ham batamom unutibman. Biroq, jurnalist bo‘lmasam-da, so‘zga mehri bor bir inson sifatida Feruzaning yaxshi yangiligidan juda quvondim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eng yaxshi material” tanlovining “Gazeta va jurnallarda chop etilgan materiallar” yo‘nalishi bo‘yicha Respublika tanlovidagi rag‘batlantiriluvim meni yaxshi ko‘rgan barcha yaxshilarimni quvontirdi.
Yo‘ldagi o‘ylar

Yangilikning yaxshisi ham, yomoni ham odamni o‘tib ketgan umriga qaytib, yashab kelishiga “imkon” beradi. Ayni damda o‘zim avtobusdamanu ruhim o‘tmishimda kezib yuribdi. O‘zimga nazar tashlayman: ildiz, poya, bargga o‘xshayman. Ildizim Namangan tuproqlariga botib ketgan. Yalang yursa oyoqqa botmaydigan mayin-mehribon toshlari, ko‘k bilan kezlashgan tog‘u adirlari, to‘q-zangori choponda sollanib turgan azim daraxtlari, sochidan tovoni qadar adabiyot bo‘lgan onamdan ichgan sutim, meni katta qilgan mehribon buvim, dunyoda eng oppoq rang qorning rangi, deb hisoblasak, ana shu qordan-da vijdoni oq otam, sog‘inchi yuragimni hapqirtiradigan mahallam, undagi qo‘shnilar, sho‘xliklarim, o‘kinchlarim, qaytmas bolaligim, jigarlarim, uzoq-yaqinlarim! Qadrdon maktabim, o‘rtoqlarim, ziyoli va mehribon o‘qituvchilarim, adabiyot muallimalarim, shoiram Mahfuza Yo‘ldosheva, Respublikadagi eng kuchli universitetim, ilmlari yuqqan kursdoshlarim, turkiyshunoslik, jahon adabiyoti, arab tili ustozlarim... Anglaganim, bugun qog‘ozga tushirayotganim – so‘zlar ildizimda tug‘ilgan ekan. Ammo, yana bir haqiqat borki, bu tug‘ilish va yashash orasidagi farq. Men kabi tegrasi jannatmonand bog‘larga boy tuproqlarda tug‘ilganlar kammi? Joni ijod muhabbatiga payvand yurak ostida to‘qqiz oy yashaganlar, har kuni bir kitob bo‘lgulik umrlar ozmi?
“Yurgan daryo – o‘tirgan bo‘yra”, deganlaridek, taqdirim daryo kabi mavjlandiyu 2003 yilda umr yo‘llarim Namangandan Uchquduqqa tutashdi. Yigirmaga kirib bir bora poytaxtni ko‘rmagan qiz Navoiyga yo‘l olarkanman, tug‘ilgan tuproqdan olislanib, o‘zbekning alpkelbat yigitiga yor-yor bo‘lib kelibman. “Vaqt yugurik”, deganlari shu bo‘lsa kerak, umrim shamoldek yelibdiyu o‘shandan beri o‘zim qirqqa, sog‘inchlarim yigirmaga kirib qolibmiz. Bu uzun yo‘llarmi yo hazrat Boburdek tug‘ilgan tuproq sog‘inchi o‘rtadimi va yo yaxshilar ilhom berdilarmi, hartugul yaxshilarning e’tibor va e’tiroflari ijod olamiga yo‘l ochdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatining ijodkorlarga bo‘lgan e’tibori sabab yelkamga qanot bitdi! Yaratgan menga, poydevoridan shifti qadar har g‘ishti ilm bo‘lgan qudratli korxonada, tirnog‘idan sochining uchigacha ilmga yo‘g‘rilgan olimlar, kasbi – hayoti bo‘lgan fidoyi mutaxassislar, qalbi ummon yaxshi do‘stlar bilan ishlash ne’matini berdi! Uchquduqqa kelganimda biroz odmi xarakterli, so‘zamollikdan yiroq, oddiy o‘zbek qizini kombinat bosqichma-bosqich o‘stirdi, tarbiyaladi va hali hamon tarbiyalamoqda. Tug‘ilgan ijodning yashab qolishi uchun yaxshilar naqadar zarur!
Toshkent. AOKA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosi. Bino bayramona bezatilgan, bayroqlar ildirilgan. Kiraverishda tashrif buyurayotganlarni tabriklar bilan qarshilashmoqda. To‘rtinchi qavatda joylashgan majlislar, brifinglar o‘tkaziladigan muhtasham zalda tantanavor shukuh, millat oydinlarining yuzlarida bayram kayfiyati hokim. Meni Toshkent salobati bosgan, xayajonlarim, tasavvurlarim o‘zimdan ham katta! Navoiy viloyatidan kelganimni bildirishim bilan ustoz-jurnalistlar orqasidagi qatorga o‘tirishimni aytishdi. Ulug‘ nomga ega ustozlar madaniyat va sipolik bilan yig‘ilganlarga bir-bir razm solib chiqishmoqda. Yonimda, oldinda, ortda jurnalistu blogerlar. Xayajonimni bosish uchun suv ichaman. Tadbir boshlanish vaqti O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Milliy
mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akramjon Fozilov, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi Xolmurod Saidov kirib keldilar. “Fayzbog‘”da Sherzodxon Qudratxo‘jani kuzatib boradigan inson sifatida tashrifidan quvonib ketdim, ajoyib gurung bo‘lishini tasavvur qildim. Suhbatlarida ma’rifat, farosat ayni paytda keskinlik bilan bergan javoblari ko‘plab jurnalist yo blogerlarni esankiratib qo‘yadigan o‘ziga xos nutq sohibi!

Tadbir davomida jurnalistikaning tarixi, buguni va ertasi to‘g‘risida mutasaddi rahbarlar, ustoz-jurnalistlarning, noshirlarning so‘zlari tinglandi, bu qimmatli suhbatlar bir umr yodimdan chiqmasa kerak! Bu kungi ma’rifatli atmosferadan katta hayrat bilan chiqdim. Hayratlar uchun rahmat, AOKA!

Qutlug‘ dargoh
Muhtaram Prezidentimiz jamiyatdagi har bir ayolning baxtli yashashi haqda ko‘p-ko‘p ta’kidlaydilar, xotin-qizlarga e’tiborni kunda-kunora qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda ham ko‘rish mumkin, ayollarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyatlar xavas qilgulik!
Kombinatimiz – qutlug‘ dargoh, kim nima izlasa ushbu qutlug‘ dargohdan topadi. Mehnat faoliyatim davomida, ish taqozosi sabab, kon boshqarmamiz xodimlari bilan ko‘p suhbatda bo‘laman. Ana shu suhbatlarda ko‘pchilik ayollarimiz baxtli ekanliklarini, hayotlaridagi ba’zi bir tashvishlar mehnat jamoasidagi do‘stlar bilan maosh olganlarida (hazil-chin aralash!) unutilib ketishini gapirib qoladilar. Men faxr va ishonch bilan ayta olamanki, Prezidentimiz ta’kidlagan sharoitlar kombinat tizimida ishlayotgan barcha ayollar hayotida faoliyatida mavjud. Bu dargohda ishlagan, ishlayotgan xodimalar respublikamizning eng baxtiyor ayollaridir. Ularning biri menman!

Nilufar MUYDINOVA,
SHKB mutaxassisi.

O'qilgan: 224 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: