Vazirlar Mahkamasi “Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda uning hududiy bo‘linmalariga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur xizmat DYHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integrallashgan platformasiga integratsiya qilgan holda YAIDXP orqali ko‘rsatiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan DYHXXga an’anaviy (og‘zaki yoki yozma) tarzda murojaat qilishlari mumkin.
Mazkur qaror bilan Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning ma’muriy reglamenti ham tasdiqlandi.
Reglamentda:
-yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan YAIDXP orqali elektron murojaat qilish tartibi;
-yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi belgilab berilgan.
2024 yil 30 avgustga qadar yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan elektron murojaat etish uchun zarur bo‘lgan axborot tizimi yaratiladi.