Ketma-ket chalingan ogohlantiruvchi va jangovar signallardan so‘ng karyerda gumburlagan ovoz eshitiladi hamda osmonga chang-to‘zon ko‘tariladi. Yer ostidagi rudani oltinga aylantirish bir nechta bosqichlardan iborat va bunda minglab mutaxassislar mehnat qiladi.
Geologlar ma’dan joyini aniqlaydi, hududga burg‘ulash nuqtalari belgilanadi, chuqurlar kavlangach portlatuvchilar portlatish ishlarini bajaradi. Ma’dan ulkan texnikalarda kondan tashib chiqilib, 3-gidrometallurgiya zavodiga jo‘natiladi. Bu yerda bir necha syexdan o‘tib, tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltiriladi.
Yerjan Janaxmetov Shimoliy kon boshqarmasi konchilik bo‘limida muhandis bo‘lib ishlaydi. Uning har kunlik “hujjat yo‘qlamalari”da portlatish uchun ketgan vaqt soatidan tortib sarf-xarajatlarigacha bo‘lgan ma’lumotlar qayd etiladi. Yerjan o‘z ishini puxta o‘zlashtirgan yetuk mutaxassis shu bilan birga sohada izlanishlar olib borgan yangilikka yaratuvchanlikka intiluvchi yoshlardan biridir.
U foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib oluvchi karyerlarda ommaviy portlatish ishlarida qo‘llaniluvchi portlovchi modda igdanit tarkibini o‘rgandi. Izlanishlari natijasida igdanit tarkibini o‘zgartirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish mumkinligini isbotladi.
-Eng oddiy portlovchi modda igdanit karyerlarimizda quruq kuduqlarni zaryadlashda va portlatish ishlarini olib borishga mo‘ljallangan, - deydi Yerjan Janaxmetov. -Mening rasionalizatorlik taklifim Shimoliy kon boshqarmasi konlarida portlatish ishlarini olib borishda portlovchi moddalar tarkibidagi komponentlarning texnik xususiyatlarini o‘zgartirmay turib, miqdorini almashtirish orqali samaradorlikka erishishni maqsad qilgan.
Portlovchi modda tarkibida mavjud ammiakli selitra Navoiyazot AJ sharoitida ishlab chiqariladi va mahalliylashtirilgan mahsulot hisoblanadi. 1 kg uchun o‘rtacha narx 1 900 so‘m, dizel yoqilg‘isi import qilingan mahsulot hisoblanadi va 1 kg uchun o‘rtacha narx 11 500 so‘mni tashkil etadi. Bu ammiakli selitra narxidan 6 baravar yuqori demakdir. Shimoliy kon boshqarmasi konlarida portlatish ishlarini olib borishda dizel yoqilg‘isi sarfini tejash maqsadida, eng oddiy portlovchi modda igdanit 94% (ammiak selitra) + 6% (dizel yoqilg‘isi) tarkibini 95% (ammiak selitra) + 5% (dizel yoqilg‘isiga) o‘zgartirish hisobiga (yillik dasturga muvofiq) dizel yoqilg‘isi sarfini 118, 881 tonnaga tejash mumkin.
Agarda korxona Yerjan Janaxmetovning rasionalizatorlik taklifidan foydalanadigan bo‘lsa, bir yilda 221,5 tonna dizel yoqilg‘isi iqtisod qilinadi. Bu esa yilliga 2,1 mlrd so‘mdan ortiq iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini beradi.
Ha, Shimoliy kon boshqarmasida yangilik yaratishga ishtiqyomand Yerjan Janaxmetov singari ilmli yoshlar ko‘plab topiladi. Ular haqida hikoya qilish ular faoliyatidan uchquduqliklarni boxabar qilish maqsadida biz ham izlanishdan to‘xtamaymiz, albatta. Negaki, ilmlik yoshlar yurt istiqboli, yurt tayanchi!.
Laylo KARIMOVA,
SHKB axborot xizmati rahbari.