O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an taklifiga binoan 6 iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif doirasida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining 3-yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish,, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, "yashil" energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmasevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.