Naim Amonov
Shimoliy kon boshqarmasi direktori
Shimoliy kon boshqarmasi "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatining yirik bo‘linmalaridan biri bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan qimmatbaho metallar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishga xizmat qilmoqda.
Qizilqum bag‘ridagi bu korxonaning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan barcha bo‘linmalarida ish bir zum ham to‘xtamaydi. Ishchi- xodimlarning faoliyati belgilangan reja asosida kecha-yu kunduz bir maromda davom etmoqda. Ana shu mehnat tufayli kon boshqarmasi jamoasi kasb bayramini yaxshi natijalar bilan qarshiladi.
Har bir sohada investision loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi hamda ishlab chiqarish ko‘lamining kengayishiga imkon beradi. "Kokpatas va Daugiztau oltin konlarida ma’dan qazib olishning uchinchi navbati" investision loyihasi nafaqat kon boshqarmamiz, balki kombinat rivojiga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biridir. Ayni paytda ushbu loyiha asosida 3-sonli gidrometallurgiya zavodida 2 ta yangi tegirmon bloki barpo etilmoqda. Ularning foydalanishga topshirilishi bilan tegirmonlar soni 8 taga yetadi. Zavod quvvatini yanada oshirish, ma’danni qayta ishlash hajmini 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Eng quvonchlisi, joriy yilda yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini 12 foizga ko‘paytirish mo‘ljallanmoqda. Yaqin kelajakda flotatsiya, shuningdek, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish syexlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Loyiha tannarxini arzonlashtirish maqsadida, tegirmon bloklarini barpo etishga mo‘ljallangan aksariyat qurilish materiallari, jihoz va ehtiyot qismlar o‘zimizda mahaliylashtirilib, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Navoiy mashinasozlik zavodi va bizning bo‘linmalarda ishlab chiqarilmoqda.
Shimoliy kon boshqarmasida joriy yilning to‘rt oylik yakunlari jamoa bor imkoniyatlarini ishga solayotganidan dalolat beryapti. Jumladan, tog‘ jinslarini qazib olish hajmi kon ishlarini rivojlantirish rejasiga nisbatan 108,2 foizga bajarildi va o‘tgan yilning joriy davriga nisbatan 111 foiz o‘sish sur’ati ta’minlandi. Burg‘ilash ishlari rejasi 108, sulfidli ma’dan qazib olish rejasi 118,7, 3-sonli gidrometallurgiya zavodiga sulfidli ma’dan yuklash rejasi 105,3 foizga uddalandi.
Ochiq kon ishlarida iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sayotganligi va rejalar ado etilayotganligi ishchi-xodimlar ish sharoitlarining yaxshilanishiga imkon yaratyapti.
"Sharqiy" va "Daugiztau” konlari dispetcherlik xonalariga zamon talabiga mos ravishda zamonaviy kompyuterlar va interaktiv doskalar o‘rnatildi. "Daugiztau” konida davriy uzluksiz texnologiyasi majmuasi magistral konveyeri 2,2 kilometrga uzaytirildi. Natijada og‘ir yuk tashuvchi avtoag‘dargichlarning dizel yoqilg‘isi, moy mahsulotlari, avtoshina va boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklar ortiqcha sarfining oldi olinmoqda. "Adjibuget” konida sanoat maydoni infratuzilmasi, xodimlar uchun dam olish xonalari va 5-sonli AYOQSH ishga tushirildi. Hozirgi kunda "Daugiztau" kar’yerini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Boshqarma konlarini texnik va texnologik qayta jihozlash ishchi loyihasi doirasida kovshining hajmi 7 kubometr bo‘lgan 2 dona zamonaviy "Liyebxerr 9100 rusumli gidravlik ekskavatorlari keltirildi.
Kon boshqarmasi istiqbolini ko‘zlab, "Sharqiy” ochiq usulda qazib olish koni va Avtomobil transporti boshqarmasida "VSG" kompaniyasi hamkorligida kon ishlarining ish unumdorligini va samaradorligini oshirish bo‘yicha qator yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yaqin kunlarda "Sharqiy” konida ishchi-xodimlar uchun 250 o‘rinli oshxona foydalanishga topshiriladi "Mag‘ribkon” konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida yuk ko‘tarish quvvati 90 tonna bo‘lgan 3 dona va yuk ko‘tarish quvvati 55 tonna bo‘lgan 1 dona avtoag‘dargich keltirilishi ko‘zda tutilgan. Markaziy-moddiy texnika bazasida Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan 100 tonnalik avtomobil tarozilarini o‘rnatish yuzasidan qurilish-montaj ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlarga xolisona baho berib, ishonch bilan aytish mumkinki, bunday bunyodkorliklarga haqiqiy professionallar, o‘z kasbining ustalari, ko‘zlangan maqsadlarga yetishish yo‘lida jipslashgan jamoa va malakali mutaxassislar qodir, albatta!
Ahil jamoamiz bilan hukumatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qat’iy kirishganmiz. Aytish joizki, kombinatning kelajagi ulug‘vor, istiqbollar uchun poydevori mustahkam. Biz esa har kungi qilayotgan fidoylarcha mehnatimiz bilan nurli istiqbolni tobora yaqinlashtiryapmiz, deyishga to‘la asoslarimiz bor.