LOTIN-КИРИЛЛ

Xalqni birlashtirgan Ayteke biy

Ayteke biy - 380 yilligiga

 Qozog‘iston xonligi tarixida o‘z faoliyati bilan mamlakatning tarixiy o‘tmishida chuqur iz qoldirgan ko‘plab shaxslar yashab o‘tgan.  Vaqt o‘tishi bilan  xalq hayotida mamlakat  taraqqiyotida ularning o‘rni muhimligi yanada namoyon bo‘lmoqda. Bunday tarixiy shaxslar o‘rtasida Ayteke biy alohida o‘rin tutadi.

BIY ATAMASI...

“Biy” atamasini qozoq tilidan tarjima qilganda: "Xalq tomonidan saylangan sudya" degan ma’noni anglatadi. Mahalliy (ovul), mintaqaviy, qabila va urug‘-aymoqlar o‘zlariga yo‘lboshchi sifatida biy saylaganlar va uning atrofida jipslashib hayot kechirganlar. Barcha masalalarda xoh u maishiy, xoh u huquqiy mavzularda bo‘lsin biy oxirgi so‘zni aytgan so‘nggi qarorni qabul qilgan. Bir so‘z bilan aytganda biy  ham sud, ham tergovchi hisoblangan.

Qozoq xalqining mashhur olim va tadqiqotchisi Shoqan Ualixanov ularning qozoq an’anaviy jamiyatidagi roli va o‘rnini shunday tavsiflagan: "Biy nomini olish uchunxalq oldida bir necha bor o‘z huquqiy bilimlarini va notiqlik qobiliyatini namoyish etish kerak edi". Bundan ko‘rinib turibdiki, biyga nafaqat xalqni boshqarish huquqi berilgan balki  o‘zi ham chuqur diniy va dunyoviy bilimlarga ega  ajoyib notiqlik  san’ati gapga chechanlik qobiliyatiga ega bo‘lish talablari ham qo‘yilgan.

BO‘LISH YOKI BO‘LMASLIK?

Sibirdan Qaratau va Sirdaryo vodiysining janubiy qirg‘oqlarigacha ko‘chmanchilar tomonidan katta maydonni egallagan qozoq ovullari asosan mol chorvachiligi bilan shug‘ullanishgan. Lekin  yaxshi  tayyorgarlik ko‘rgan va qurollangan Jungar (mongollar) qo‘shinlarining to‘satdan hujumlari qozoq xonligi uchun haqiqiy xavf solardi.  "Bo‘lish yoki bo‘lmaslik", degan savol hayot yoki o‘lim masalasiga aylangandi. Bu davr Qozog‘iston tarixiga "Aqtaban shubrinda" nomi bilan kirdi. Aynan o‘sha og‘ir davrda qozoq jamiyati har qachongidan ham obro‘li va taniqli arboblar va tashkilotchilarga muhtoj edi.

Qozoq xalqi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ular urug‘larga bo‘linib, tarqoq yashashgan. Asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan tarqoq xalqqa hujum uyushtirish, mol-mulkini kuch bilan tortib olish qiyinchilik tug‘dirmagan. Shu sabab ular bir bayroq ostida birlashishni yillar davomida orzu qilishgan. Xalq bo‘lib shakllanib, bir bayroq ostida birlashgan vaqtdan buyon mamlakatda «Uch juz»lik birligini saqlashga intilish kuchli bo‘lgan.

UCH JUZ HAQIDA

O‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun «Uch juz» haqida ma’lumot berib o‘tsam! Qozoq xalqi shajarasi  «ulug‘ juz», «orta juz» va «kichkina juz»ga bo‘linadi. Har bir urug‘ ana shu uchala juzdan tarqalgan bo‘lib, tug‘ilgan farzand tili chiqishi bilanoq, avvalo qaysi «juz» va qaysi «urug‘»dan ekanligi ya’ni ota-bobolarining shajarasi o‘rgatiladi.

1663-1759 yillarda umr kechirgan Tole biy «ulug‘ juz», 1667-1764 yillarda yashagan Qazbek biy «orta juz», 1644-1700 yillarda yashagan Ayteke biy «kichkina juz»  bosh biyi bo‘lib saylangan.

Bugungi kunga qadar qozoq xalqining uchta buyuk o‘g‘li, uchta ulug‘vor donishmandi - Tole biy, Qazbek biy va Ayteke biy qozoq xalqi uchun milliy birlik va birdamlikning abadiy ramziga aylangan, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Xalq g‘ami, millat tashvishini yelkasiga ortmoqlagan  mamlakatni adolat va diyonat  bilan boshqargan biylarning ehtirosli nutqlari xalq tomonidan muqaddas kitoblardagi  muqaddas so‘zlar kabi  qabul qilingan. Ular faoliyatining millat tarixidagi ahamiyatini  bundan ortiqcha baholab bo‘lmaydi, albatta!.

AYTEKE BIYNING SHAJARASI

Ayteke biy 1644 yilda hozirgi O‘zbekiston hududidagi Nurota tog‘ining Buxoro yerigacha cho‘zilgan Qizbibi tog‘ining etagida tug‘ilgan. Kelib chiqishi «kichkina juz» Alim qabilasining Tortqara urug‘idan. Amir Temurning bosh maslahatchisi Oraz Hojining beshinchi avlodi hisoblanadi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Oraz Hoji O‘rta Osiyodagi ulkan davlat asoschisi  Samarqand shahrini poytaxtga aylantirgan buyuk Temurning eng yaqin maslahatchilaridan biri edi. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekdan keyin Samarqandning taniqli hukmdori hisoblangan Yalangto‘sh bahodir Ayteke biyning bobosi bo‘lgan.

UNING YOSHLIGI

Besh yoshidan boshlab ovul mullaridan o‘qish va yozishni o‘rgangan. Katta bobosi Aqsha xonning tarbiyasida bo‘lib, qondoshlar qo‘ni-qo‘shni xalqlar, elchilar  bilan o‘zaro munosabatlarni shakllantirish ilmini o‘zlashtirgan. Shundan so‘ng askarlik ko‘nikmalarini o‘rganish va oshirish maqsadida bobosi Yalangto‘sh bahodir tarbiyasiga olinadi.

Shu yillari Samarqanddagi «Sherdor», «Tilla –qori» madrasalari olimlaridan dars oladi.O‘qishni mashhur Ulug‘bek madrasasida davom ettirib,  arab, fors va turk tillarini o‘rganadi. Madrasadagi o‘qishini tugatgandan so‘ng,  ona yurtiga qaytib otasi bilan xalqni boshqarishda ishtirok eta boshlaydi.

BIYLIKKA KELISHI

Ayteke biy 21 yoshida Buxoro va Samarqand atrofida yashagan qozoqlar, o‘zbeklar va qoraqalpoqlarning bosh «sudya»si bo‘lgan. Xorijdan kelgan elchilarning qabullarida ishtirok etgan. Aytish joizki, avval o‘tgan qozoq biylari va xalq donoligi xazinalarini, mashhur ajdodlarning ilmu an’analari bilan birlashtirilgan notiqlik san’atini o‘zlashtirganligi Ayteke  Baybek o‘g‘liga mashhurlik olib keladi. 25 yoshida biy sifatida taniladi. Uning aytayotgan so‘zlari fikrlarining keskinligi  o‘tkir qilichga qiyoslanadi.30 yoshida kichik juz bosh biyi etib saylandi.

Tauke xon 1680  yilda taxtga o‘tirganda Ayteke biy xonning bosh maslahatchisi bo‘lgan edi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, onasi Qirgulsulu Tauke xonning qizi bo‘lgan deyishadi.  Xon saroyida  20 yilga yaqin vaqt davomida bir bayroq ostida birlashish, uchta juzning o‘zaro kelishmovchiliklari tufayli yuzaga keladigan turli nizolar, xalq hayotiga oid  o‘tkir masalalarni hal etishda, qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirishda so‘nggi  so‘z ko‘pincha  Ayteke biyga tegishli bo‘lgan.

YeTTI NIZOM  QABUL QILINGAN

Tole biy,  Qazbek biy, Aytike biy mamlakatni idora qilishga bag‘ishlangan «Yetti Nizom»ni yozishga va uni butun xonlik bo‘ylab tarqatishga qaror qilishadi. Turkiston yaqinidagi umumxalq qurultoyida qabul qilingan va xalqning irodasini o‘zida aks ettirgan ushbu yirik Nizom  qozoq jamiyatida milliy birlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynagani bilan ham ahamiyatlidir.

Ayteke biy tomonidan  «Yetti Nizom»  hujjatlar to‘plamiga taklif etilgan qonunlardan biri «adolatli jazo» ya’ni o‘lim hukmi «sotib olish» tamoyiliga almashtiriladi. Bunda  vafot etgan kishiga «Suyak quni», agar u iste’dodli biror bir san’at yoki hunarning egasi bo‘lgan bo‘lsa «Oner quni» singari uch bosqichli to‘lov miqdorini amalga oshirish «Yetti Nizom» bilan belgilab qo‘yilgan.

UNING HAYOTI XALQQA TEGISHLI

Qozoq xalqida: «Kichkina juzni qo‘liga qilich berib, yovga qo‘y» qabilida naql aytiladi. Ayteke biy ham bobosi Yalangto‘sh bahodirdan o‘rgangan askarlik ko‘nikmalarini Tauke xon bayrog‘i ostida namoyish qilgan botirlardan. Xonning maslahatchisi va yaqin yordamchisi sifatida Sayramga hujumni qaytarishda ishtirok etadi. Ruslar bilan munosabatlarda muayyan muvozanatni o‘rnatishga ko‘maklashgan. Qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz xalqlarining Jungar (mongollar) bosqinchiligiga qarshi harakatlarda birlashishga yordam bergan edi.

E’tiroflisi, Tole biy,  Qazbek biy, Aytike biy  haqiqat va adolat yo‘lida o‘z xalqiga halol xizmat qilishni o‘zlarining muhim vazifasi deb bilgan. Birga achchiq mag‘lubiyat alamini, g‘alabalar quvonchini baham ko‘rishgan.

Bobomiz Ayteke biyning: «Xalq ko‘z yoshlari quyoshda qurib ketmaydi», «Mening hayotim xalqqa tegishli, men esa faqat o‘limimga egaman», «Biy butun qozoq xalqining hayoti va taqdiriga ta’sir qiladigan oqilona qarorlar qabul qilish uchun yuqori ahloqiy darajada bo‘lishi kerak» - degan so‘zlari afsonaga aylangan uchta buyuk biy hayoti mazmunini o‘zida  aks ettirgan, deyish mumkin.

MANGU QO‘NIM TOPGAN MAKON

1699 yilda yilda bobosi  Seytqul  avliyo dafn etilgan  Nurotaga ziyoratga kelgan Ayteke biy oradan bir o‘tib 1700 yilda vafot etadi. Shu orada qozoq xalqiga qalmoq bosqinchilarining hujumi bois, biy otani Turkistonga olib borish va u yerda dafn etish imkoniyati bo‘lmaydi. Bu sovuq xabardan ilojsiz qolgan xalq Ayteke biyni Seytqul bobosining oyoq tomoniga dafn qilishgan.

Ayteke biy vafotidan so‘ng, Nurota tog‘i atrofida yashovchi ko‘pchilik ovullar aholisi Sirdaryo qirg‘og‘iga ko‘chib o‘tishadi. Hozirda Ayteke biyning oltinchi yettinchi avlodlari Qozog‘iston Respublikasining Qizilorda, Turkiston  viloyatlarida, ba’zilari esa  O‘zbekiston Respublikasining Navoiy, Buxoro Samarqand viloyatlari hamda Nurota tumanida yashaydilar.

PAYGʻAMBARNING QADAMI TEKKAN  JOY   

Mashhur tarixchi Muhammad Nar Shaxidin tomonidan 943 yilda yozilgan "Buxoro tarixi" asariga ko‘ra, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) Nurotada bo‘lganligi qayd etiladi. Shuning o‘ziyoq, Nurota muqaddas zamin ekanligidan dalolat berib turibdi. Qolaversa, bu tuproqda buyuk bobomiz Ayteke biy – Seytqul avliyoning  dafn etilgani barchamiz uchun bu maskan qadrini yanada oshiradi.

2008 yilda  madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari Ravshanbek Mansurov har ikkala mamlakat O‘zbekiston va Qozog‘iston  rahbarlariga murojaat qilib,  Ayteke biy – Seytqul avliyo maqbarasini qurishga ruxsat oladi. 27 avgust kunida  maqbara qurilishi uchun birinchi qoziq qoqildi, shu tariqa nyecha asrlardan beri xalqning orzusi bo‘lgan maqbara qurish masalasi ijobiy yechimini topdi.  Qurilish 9 oy davom etdi. Majmuaning maydoni 6 gektar bo‘lib, uning hududida masjid, mehmonxona va bog‘ mavjud.

XULOSA O‘RNIDA

Shu o‘rinda maqolani tugatishim ham mumkin edi. Lekin men ham  bobom Ayteke biyning avlodidan «kichkina juz»ning  «yetti urug‘i» uning ichida «nog‘ayli teleu» urug‘idan ekanligimdan faxrlanganimni yozmasam bo‘lmas.

Darhaqiat, Ayteke biy bobomiz butun umri davomida turkiy xalqlar birligini  orzu qilgan va shu yo‘lda kurashgan. Bugun uning orzusi amalga oshdi. Hozirda tili, dini, tarixi tutash, madaniyati mushtarak bir daryodan suv ichgan O‘zbekiston va Qozog‘iston - ikki qardosh xalqning birligi va do‘stligining ramzi hisoblanadi.

Rayhon QODIROVA,

«Uchquduq» gazetasi muxbiri.

 

O'qilgan: 245 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: