Savol: Ta’tillar haqida tushuncha bersangiz ?
Yoz kelyapti: mehnat ta’tili haqida muhim 9 savolga javob
Yoz yaqin, bolalar maktabdan ta’tilga chiqishi barobarida kattalar ham mehnat ta’tillarini ko‘pincha yozda olishadi.
- Ta’tillarning qanday turlari mavjud?
Ta’tillarning quyidagi turlari mavjud:
– har yilgi asosiy mehnat ta’tili;
– har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili;
– ijtimoiy ta’tillar;
– ish haqi qisman saqlanadigan ta’til;
– ish haqi saqlanmaydigan ta’til.
Ta’tillarda bo‘lgan davrda xodimning ish o‘rni (lavozimi) saqlanib qoladi va bu davrda ish beruvchi xodimni ishdan bo‘shatishi mumkin emas.
- Asosiy ta’tilning muddati qancha?
Har yilgi asosiy mehnat ta’tilining eng kami 21 kalendar kun bo‘lishi kerak.
Quyidagilarga har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:
18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — o‘ttiz kalendar kun;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga — o‘ttiz kalendar kun.
davlat organlari xodimlariga – 27 kalendar kun
ayrim pedagoglarga – 56 kalendar kun.
Xodimga bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun qo‘shimcha 2 kalendar kundan ta’til beriladi. Ushbu ta’tilning muddati 8 kalendar kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Masalan xodim korxonada 20 yildan beri ishlaydi, unga har 5 yil uchun qo‘shimcha 2 kundan ta’til beriladi va bu 8 kalendar kun bo‘ladi, 25 yil ishlasa ham 8 kalendar kun beriladi, undan oshmaydi.
- Noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim uchun ta’til qanday hisoblanadi?
Xodim qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilsa, boshqa ishga o‘tkazilsa yoki ishdan chetlashtirilsa va kelgusida avvalgi ishiga tiklansa majburiy progul vaqti yillik asosiy va qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Masalan, xodim 2024 yil yanvarda ishdan noqonuniy bo‘shatilgan bo‘lsa va 2024 yil dekabrda ishga qayta tiklansa, o‘rtadagi qariyb 12 oy muddat uchun xodimga mehnat ta’tili hisoblanadi.
- Dastlab ishga kirganda ta’til qancha vaqtdan keyin beriladi?
Birinchi ish yili uchun mehnat ta’tilini xodim 6 oy ishlaganidan keyin olishi mumkin bo‘ladi. Ish beruvchi bilan kelishgan holda 6 oy o‘tgunigacha ham mehnat ta’tili berilishi mumkin.
6 oy o‘tgunigacha xodimning xohishiga ko‘ra quyidagilarga har yilgi mehnat ta’tili majburiy beriladi:
– ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
– 14 yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga;
– 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga;
– rezervga bo‘shatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni o‘tagan sobiq harbiy xizmatchilarga;
– 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga;
– ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotganlarga;
– jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlarga.
- Ta’til vaqti haqida xodim qancha vaqt oldin xabardor qilinishi kerak?
Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi.
Xodim har yilgi mehnat ta’tili beriladigan vaqt to‘g‘risida ta’til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin xabardor qilinishi kerak.
- Ta’tilni keyingi yilga ko‘chirish mumkinmi?
Har yilgi mehnat ta’tili har yili ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.
Ishlab chiqarish sabablariga ko‘ra joriy yilda har yilgi mehnat ta’tilini to‘liq berish imkoni bo‘lmaganida, xodimning roziligi bilan ta’tilning 14 kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin.
- Ta’til muddatini o‘zgartirish mumkinmi?
Xodimlar quyidagi hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega:
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlanganda;
har yilgi mehnat ta’tili o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;
davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda;
jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Mehnat ta’tilidan foydalanishga monelik qiluvchi sabablar ta’til boshlangunigacha kelib chiqqan bo‘lsa, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ta’tildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi.
Bunday sabablar ta’til davrida kelib chiqsa, ta’tilning qolgan kunlari uzaytiriladi yoki ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chiriladi.
Xodim mehnat ta’tilidan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan, yuzaga kelgan sabablar to‘g‘risida ish beruvchini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
- Ta’tilni bo‘lib olish tartibi qanday?
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ta’tilning bir qismi
14 kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.
- Ta’tildan chaqirib olish mumkinmi?
Mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki keyingi ish yilida berilishi kerak.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlarni, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uchquduq tuman adliya bo‘limi.