Biz har kuni baxt bilan to‘qnashamizu uni payqamay o‘tib ketamiz. Ruhiyatimizdagi noqisliklar, tafakkurimizdagi kemtiklar bu xokisor ne’matni anglashga imkon bermaydi.
Aslida, tongda uyqudan ko‘zimizni ochganimiz hamono baxtning yuzi yuzimizga uriladi. Bolalarimiz bag‘rimizda, to‘rt muchamiz salomat, yana bir yangi tongni tinchlik-xotirjamlikda kutib olishdan ortiqroq huzur bormikin? Ha, baxtni his etmog‘i uchun insonga con-sanoqsiz bebaho ne’matlar hadya etilgan.
Yaqinda protez qo‘lning narxini ko‘rib kapalagim uchdi. Hech qanday savdo narx-navoyu dallolsiz tuhfa etilgan qo‘llarimizning borligi qanday yaxshi! Texnika naqadar zamonaviy bo‘lmasin, Yaratganning qudrati oldida ojizligi milliardlarga xarid qilingan protez qo‘lni har besh yilda alishtirib turilishi zarurligida yaqqol ko‘rinib turibdi. Beminnat xizmatchimiz bo‘lgan, rizq manbaimizning bir qismini yig‘adigan qo‘llarimiz esa mehnatdan toblansa toblanadiki alishtirishimizni kutmaydi.
Inson tabiati o‘zi shunaqa: bizda go‘yoki hammasi to‘kis va muhayyo bo‘lishi kerakdek, hayot bizni baxtli qilish uchun qarzdordek! Aslida, berilgan ne’matlardan foydalanib, baxt yaratiladi. Biroq, oramizda shunday insonlar borki, boshidagi baxt qushini anglamaydi. Noshukurlik, oxirini o‘ylamaslik evaziga boridan ham ayriladi. O‘zining, otasining ism sharifi ustidan qora chiziq tortadi.
2024 yilning 13 yanvar kuni tungi soat 01:30 larda Navoiy viloyati IIB “NKMK” IIB Uchquduq maydoni va “NKMK” AJ Shimoliy kon boshqarmasi idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi xodimlari bilan hamkorlikda kon jihozlarini taьmirlash syexida o‘tkazilgan tadbir davomida chiqish postida ushbu syexning keng profillar taьmirlash ustasi R.Uga tegishli sumkasi tekshirilganida uning sumkasida korxona mulki bo‘lgan umumiy og‘irligi 4 kg qo‘rg‘oshin bo‘laklarini hech qanday hujjatlarsiz olib chiqishga uringan vaqtida ushlangan. Ashyoviy dalillar va xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2024 yilning 14 fevral kuni huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 61-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Inkor etib bo‘lmas dalillarga asosan huquqbuzarga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Shimoliy kon boshqarmasi korxonalariga obi-hayot issiqlik, suv-gaz ta’minoti va oqova suvlar syexi faoliyati bilan kirib keladi. Syexning bir nechta uchastkalari ma’muriy binodan uzoqda – sanoat maydonlarida yoki cho‘l hududlarida joylashgan. Halol rizq topishga bo‘yni yor bermagan ayrim kimsalar korxona mulkiga ko‘z olaytirib, o‘g‘irlik sodir etish rejasini tuzganligi achinarli albatta. Vaholangki, korxonaga tegishli har qanday buyum jihoz anjom qat’iy nazar nazorat ostida!
Joriy yilning 13 yanvar kuni soat 14:30 larda fuqaro E.N. sheriklari Z.B va S.A.lar bilan Uchquduq tumani Shalxar OFY hududida Shimoliy kon boshqarmasi issiqlik suv - gaz taьminoti va oqova suvlar syexining zaxiradagi mulki bo‘lgan o‘lchami 2 metr 35 sm bo‘lgan 1000 diametrli, o‘lchami 1 metr 90 sm bo‘lgan 630 diametrli, o‘lchami 1 metr 62 sm bo‘lgan 426 diametrli, o‘lchami 52 sm bo‘lgan 219 diametrli metall quvurlarni hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan noqonuniy kesib olayotgan vaqtida ushlangan. Ular o‘zaro til biriktrib, 1 268 kg metall quvurlarni talon-taroj qilib, kon boshqarmasiga 2 216 464 so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Qilmish-qidirmish, deganlaridek mazkur holat yuzasidan ham huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga sud adolatli hukm chiqardi. Zero, shahar bedarvoza emas, jinoyatni sodir etgan har bir shaxs qilmishi uchun qat’iy javobgarlik belgilanganini unutmasligi zarur.
Umid XAZRATOV,
Navoiy viloyati IIB “NKMK”
IIB TQX tezkor vakili kapitan.