Bugun yonginamizda yashab kelayotgan afg‘on urushi qatnashchilarini qadrlash, urushda halok bo‘lganlar xotirasini yod etish har birimizning insoniylik burchimizdir. Afg‘onistondan sobiq ittifoq qo‘shinlari olib chiqilganiga 35 yildan oshdi. Lekin, mash’um urushda jigarbandidan ayrilgan onalarning ko‘z yoshlari hali qurib bitmadi...
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘on urushida 65 ming nafar o‘zbek yigiti qatnashib, 1500 nafardan ko‘prog‘i halok bo‘lgan. Ularning aksari 18-19 yoshda edi…
Abdiyev Sharif Abdulloyevichning ham ayni yigitlik chog‘lari Afg‘on urushi yillariga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda u endigina 18 yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramasdan Buxoro texnologiyalar institutining birinchi bosiqichini tamomlashi bilan, o‘z tengqurlari qatori safida Afg‘on urushida ishtirok etdi. Garchi haydovchi sifatida jangga safarbar etilgan bo‘lsada, urush maydoni kasb tanlamasligini uning dahshati hech kimga yon bosmasligini ko‘zida nam qalbida o‘kinch bilan eslaydi. O‘zi kabi tengdoshlari va safdoshlarining ko‘z o‘ngida nobud bo‘lishini ko‘rish dahshatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmasligini ta’kidlaydi, qahramonimiz.
— Shu kunlarga yetkazganiga shukr, Prezidentimizning biz faxriylarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiboridan xursandmiz. Ilohim, insoniyat boshiga urush hech qachon qaytmasin, biz ko‘rgan u kunlarni boshqa hech kim ko‘rmasin. Yurtimizdagi tinchlikka, xalqimiz farovonligiga, yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlarga ko‘z tegmasin, — deydi Sharif aka Abdiyev.
Bugungi kunda ikki farzandning otasi ikki nafar shirindan shakar nevaralar qurshovida bo‘lgan Sharif aka hali tetik Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli markaziy fizika va kimyo laboratoriyasida maydalash syexi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.
Har tong duoga ochilgan qo‘llar yurtimiz tinchligini so‘rar ekan, duogo‘y nuroniylarimiz salomat, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!.
Feruza YANDASHOVA, maxsus muxbirimiz.