Anatoliy Nikolavichni xotirlab...
Charx urib aylanayotgan dunyoda kiftingga ortmoqlaganing, qalbingga to‘ldirganing nur bo‘lsin ekan! U juda nuroniy kamtar va mehnatsevar inson edi. Qaysi bir joyga bormasin o‘zi bilan nur tashirdi go‘yo.
Ba’zan kadrlar bo‘limiga biror bir yumush bilan kelsa albatta xonamga yo‘l solib o‘tardi. Tashrifidan xonam ham, ko‘nglim ham yorishib ketardi...
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni uni sira kamtarlikdan uzoqlashtirmagan, shunday kichik ko‘ngil, kamsuqum, kamtar edi bizning Panin bobo! O‘zi ham ekskavatori ham konchi azamatlarga yaxshi tanish. Televizordami, rasmdami ko‘rishsa, hamon “Paninning ekskavatori”, deya iftixor qilishardi. Futboldagilar esa qahramon bilan bir maydonda to‘p surish yuksak faxr ekaniga g‘ururlanibmi, ijtimoiy tarmoqdagi asosiy rasmlariga u bilan tushgan suratlarini yuklashgan. Mening esa ulug‘larni ko‘rgan nuroniy deya, yonimizdan o‘tgan afsonamiz, deya g‘ururlangim keladi.
Oftobning qaynoq tafti, sovuqning ancha izg‘irinlari Uchquduqni, uning kon xazinalarini “siylamay” o‘tmaydi. Yozning jaziramasiyu qishning ayozida shahar markazidan 35 km. uzoqlikdagi kon qazilmalarida mehnat qilish oson ish emas. Tilloni qattiq “quchib” olgan zamin oltinni osonlikcha bermaydi. Yoz taftidan sarimoydek erib tursa-da, jaziramaning tandirdek otashi mehnatni og‘irlashtiradi. Qishda esa tuproq toshdek qotib, ayoz bor zahrini sochadi.
Anatoliy Nikolayevich ana shu tabiat injiqlari ichida mehnat qilib hurmat qozongan insonlardan edi. Qalbi yaxshilikka limmo-lim to‘liqligidan ko‘zlaridan yaxshiligi to‘kilib turardi.
Panin Anatoliy Nikolayevich mustaqillikning ilk yillaridanoq respublikamiz mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida faol mehnatga bel bog‘lagan konchilardan. “Tog‘ elektromexanikasi” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgach 1970 yildan 2021 yilgacha Shimoliy kon boshqarmasi ochiq usulda qazib olish “Sharqiy” konida ekskavatorchi bo‘lib ishlagan, ma’dan yashiringan katta-katta xarsanglar bag‘rini o‘yib-parchalab vatanimizning “oltin xirmoni”ga hissa qo‘shgan.
Tog‘-kon sanoatidagi fidoyi mehnatlari sabab bir necha bor yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Bir paytlar ko‘ksiga biram yarashib turgan “Oltin Yulduz”i ham pok mehnatlarining samarasi edi, aslida!
U nafaqat konchilik sohasida, balki sportda ham boshqalarga namuna bo‘lgan fidoyi futbolchi edi. Bir qancha to‘psurar shogirdlari bilan tuman, viloyat va tashkilotlar o‘rtasidagi o‘yinlarda faol qatnashgan. Qaysi yashil maydonda to‘p surmasin, yosh avlodga madaniyati axloqi fidoiyligi bilan o‘rnak bo‘lgan. Futbol komandasidagi har bir bola uchun uning kelajak taqdiri salomatligi uchun kurashgan inson.
Bugun ham “Lochin” o‘yingohi yonidan o‘tarkanman kichkintoy futbolchi bolajonlarning Anatoliy Nikolayevichni o‘zaro “Panin buva” deb atashgani hali ham quloqlarim ostida jaranglaydi. Ulkan hurmatga, bolalarcha beg‘uborlikka, mehrga sug‘orilgan “Panin buva” atamasi menga sevimli adibim Oybek domlaning bolaligidagi “Fanorchi ota”ni eslatadi. Katta-kichikning yo‘llarini beta’ma yorituvchi, mo‘mingina fanorchi otani!
Panin buvamni eslab qolaman: Ajab! Qaysi vaqt, qaysi zamon bo‘lmasin, qaysi din, qaysi millat bo‘lmasin odamlar ko‘nglini yo‘lini umrini yorituvchilarning yumushi bir xil ekan – nur ulashish, nur tashish...
Nilufar MUYDINOVA,
SHKB Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi mutaxassisi