Gelmintozlar (yun. helmins, helminthos — gijja, qurt) — odam, hayvon va oʻsimliklarda parazit chuvalchanglar — gelshintlar qoʻzgʻatadigan kasalliklar. Odamda gijjalarning 150 dan ortiq turi uchraydi. Yashash sharoitlari: iqlim, tuproqning holati, dehqonchilik xususiyatlari va aholining gigiyenik koʻnikmalari darajasiga qarab turli mintaqalarda turli xil gijjalar uchraydi. Asosan gijjalarning 4 sinfi: nematodalar, sestodalar, trematodalar va akantotsefallar parazitlik qiladi. Shunga koʻra tekshirish chog’ida topilgan gijjaning sinfiga karab nematodoz, sestodoz, trematodoz, akantotsef kabi guruhlarga ajratiladi; har bir guruhga bir necha turdagi gijjalar kiradi. Masalan, enterobioz, askaridoz nematodoz guruhiga, hoʻkiz solityori, choʻchqa solityori, keng tasmali gijjalar sestodozlar guruhiga mansub. Odam gijjalarning oraliq yoki mutlaq xoʻjayini boʻlishi mumkin. Gelmintoz kechishida oʻtkir va surunkali davr farq qilinadi. Olimlar orasida odamda gelmintlarning boʻlishi maʼlum jihatdan uning qon guruhiga ham bog’liq, degan fikrlar mavjud. Oʻzbekistonda Gelmintozdan enterobioz, gimenolepidoz va askaridoz koʻproq uchraydi. Gelmintlar odamning nafas olishi, ovqat hazm qilishi, muskul sistemasi, jigar, taloq, qon, miya, koʻz va boshqa aʼzolarida parazitlik qiladi. Gijjalarning xili, soni va qaysi aʼzoda boʻlishiga qarab kasallik har xil kechadi. Gelmintozda odamning vazni hamisha kamayadi, u lanj, injiq boʻlib qoladi, boshi aylanadi va h. k. Gijja ichakda boʻlsa, ich qotadi yoki ich ketadi, koʻngil ayniydi, baʼzan bemor qayt qiladi, jigarda boʻlsa, koʻz oqi va badan sargʻayadi, oʻpkada boʻlsa, yoʻtal tutadi. Gelmintozda koʻpincha mehnat qobiliyati pasayadi, bola yaxshi oʻsmaydi, xotirasi susayadi va h. k. Gijjalarning lichinkalari yoki tuxumlari topilishiga qarab tashhis qoʻyiladi. Serologik reaksiyalar (immun fluoressentlash, bevosita gemag-glyutinatsiya reaksiyalari va h. k.)dan foydalanish Gelmintozni erta aniqlash va vaqtida tashhis qoʻyish imkonini beradi.
Gelmintozning oddini olish uchun aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borish, pokizalikka rioya qilish muhim. Ayniqsa, yasli-bogʻchaga qatnaydigan bolalarning har biriga alohida tuvak boʻlishi va qoʻllarini bot-bot sovunlab yuvib turishiga alohida eʼtibor berish lozim. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash,
chala pishirilgan ovqatni isteʼmol qilmaslik, koʻkat va mevalarni obdon yuvib ishlatish, xom goʻsht toʻgʻrashga ishlatiladigan taxtakachni pishganiga ishlatmaslik Gelmintozning keskin kamayishiga olib keladi. Koʻkatlarni ishlatishdan I soat oldin 3%li osh tuzi eritmasiga solib qoʻyib, keyin yaxshilab chayib tashlansa, gijja tuxumlari butkul yoʻqoladi. Gijjalarning turiga qarab gelmintozning davosi har xil.