Yoshlar tarbiyasida o‘zbek milliy qadriyatlarining tutgan o‘rnini oshirish, mustahkamlash hamda buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lgan, bebaho, asl qadriyatlarimizni targ‘ib qilish maqsadida Uchquduq sanoat texnikumida “Milliy qadriyatlar kuni” o‘tkazildi. Xalqimizning moziy sinovlaridan o‘tib kelayotgan boy madaniy va ma’naviy merosi, milliy qadriyatlari, urf—odat va an’analari, qo‘shiqlari, bayram va marosimlaridagi ozodlik, erkinlik uchun kurash ruxi, ota—bobolarimizning mustaqillik yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, bunyodkorlik ishlari bugungi tadbirda yana bir bor targ‘ib qilindi. Bugungi tadbirda milliy anʼanalarni oʻzida mujassam etgan milliy kiyimlar, milliy taomlari va qadim-qadimdan bizgacha yetib kelayotgan arqon tortish, tosh koʻtarish kabi milliy oʻyinlarimiz oʻynaldi. Shuningdek o‘zbek milliy laparlari kuylalanib, qozonlarda milliy taomimiz boʻlmish osh damlandi.
Hozirda mamlakatimizda 136 millat, elat, xalq va etnik guruhlarning vakillari yashaydi. Ularning har biri o’z milliy madaniy urf-odatlari, an’analari, tiliga va konstitutsiyaviy huquqiy tenglikka ega. O’zbekistonda bugungi kunda 100 dan ortiq milliy madaniy markazlar faoliyat ko’rsatmoqda. “Milliy qadriyatlar kuni” tadbiri ham turli millat vakillarining ijodiy tadbirlari, badiiy ko’rgazmalari, bir tomondan ayni millatning O’zbekiston fuqarosi sifatida o’z o’rni borligini ko’rsatsa, ikkinchi tomondan shu zaminda yashovchi barcha millatlarning O’zbekiston xalqi – O’zbekiston fuqarosi ekanligini namoyon etuvchi, mustahkamlovchi milliy g’oya atrofida birlashuviga olib boradi. Bugungi kundagi turli zararli ta’sirlardan saqlanish, har qanday sharoitda ham xalqimizga azaldan xos bo’lgan milliy qiyofa, betakror fazilatlar egasi bo’lib qolishimizda qadimiy an’ana va qadriyatlarimizning o’rni beqiyos, ularni asrab-avaylab, amal qilib yashash o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi tadbir ham o‘quvchi-yoshlarni yurt tarixi, milliy anʼana va qadriyatlari, urf-odatlari bilan yaqindan tanishtirish hamda keng targ‘ib qilish bilan birga ularda milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish, ijtimoiy-maʼnaviy bilimlarini yanada oshirish, vatanparvarlik, ona Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.