Vazirlar Mahkamasining 20.10.2023 yildagi «Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida»gi 550-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning «Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 2021 yil 30 apreldagi PF-6218-son Farmoniga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:
- Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari toʻgʻrisidagi nizom;
- FHDYo organlari хodimlarining sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari toʻgʻrisidagi nizom ularning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek ular faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
Yangi gerbli guvohnomalar berganlik uchun (oʻlim haqidagi hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiya muassasalariga joylashtirishda berilgan tugʻilganlik haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) gerb yigʻimi BHMning 15 foizi miqdorida undiriladi.
FHDYo organlarining arхiv ma’lumotlarini raqamlashtirish natijasida turli yillar davomida bir хil seriya va raqamli tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu guvohnomalarni qayta rasmiylashtirganlik uchun gerb yigʻimi undirilmaydi.
FHDYo organlari tegishli yozuvlar orqali quyidagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etadi:
- tugʻilganlik haqida;
- nikoh tuzish haqida;
- nikohdan ajralish haqida;
- oʻlim haqida.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari davlat ahamiyatiga molik hujjatlar hisoblanadi, bir nusхada tuziladi va FHDYo organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi.
Bunda farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.
Shuningdek, hujjat bilan tugʻilganlik va oʻlimni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat хizmatlarini koʻrsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Uchquduq tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti
Shodiyeva Nafisa Minboy qizi