Joriy yilning 13 avgust kuni Uchquduq tumani "Yoʼlchilar" ovul fuqarolar yigʼini hududidagi 11-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining hovlisida viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʼi v.v.b Oʼ.Tillaev tomonidan tumandagi MTB, MTTlarning rahbar va masʼullari hamda tizimdagi faol pedagoglar va yoshlar ishtirokida yigʼilish oʼtkazildi. Bundan tashqari, fuqarolar va tadbirkorlar bilan ommaviy sayyor qabul tashkil etilib, mavjud muammolar oʼrganildi, taklif va tavsiyalar eshitildi.
Xususan, fuqaro Gulizebo Yusupova oilaviy MTTni tashkil etishga amaliy yordam soʼradi.
-"Yoʼlchilar" OFY hududida yuz nafarga yaqin bog‘chaga qamrab olinmagan 3-7 yoshli bolalar boʼlib, MTTga ehtiyoj bor. Аgar tashkiliy va huquqiy tomondan koʼmak koʼrsatilsa, 20-25 nafar bolajonga taʼlim-tarbiya berishga imkon yaratiladi,-deydi G.Yusupova.
Shuningdek, Uchquduq shahri, Shon-sharaf koʼchasida yashovchi fuqaro Dilnavoz Xudoynazarova oʼz mutaxassisligi boʼyicha ish soʼrab murojaat qildi. U maktabgacha taʼlim yoʼnalishi boʼyicha oliy maʼlumotga ega boʼlib, vaqtincha ishsiz. Fuqaroning murojaati joyida oʼrganib chiqilib, qisqa muddatda ijobiy hal etiladigan boʼldi.
Shuningdek, yigʼilishda 2021 yilning oʼtgan yetti oyi davomida qilingan ishlar tahlil qilinib, 2021 yilning ikkinchi yarim yilligi boʼyicha maktabgacha taʼlim sohasida amalga oshirilishi lozim boʼlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Yigʼilish yakuni boʼyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʼrsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, mazkur yigʼilishdan soʼng, Uchquduq tumanida maktabgacha taʼlim tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh faol pedagoglar va yoshlarga boshqarmaning tashakkurnomalari va esdalik sovgʼalari topshirildi.