AQShning Alyaska shtati Juno shahridagi Bartlett mintaqaviy kasalxonasida Pfizer va BioNTech kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlangan ikki nafar tibbiyot xodimining mazasi qochdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
15-dekabr kuni emlashdan keyin 10 daqiqa o‘tib, o‘rta yoshli ayolda anafilaktik reaksiya boshlangan: nafasi qisib, toshma toshgan va puls tezlashgan. Ayolga osma ukol qo‘yishgan, ammo uni olib tashlagandan keyin simptomlar takrorlangan. Jabrlanuvchi reanimatsiyaga joylashtirilgan. Uning ahvoli yaxshilangan, uni 17-dekabr kuni kasalxonadan chiqarish rejalashtirilgan.
Yana bir tibbiyot xodimi 16-dekabr kuni vaksina olganidan keyin 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas yomon ahvolga tushgan. Unda ko‘z shishishi, bosh aylanishi, tomoq qichishi kabi simptomlar kuzatilgan. Uni tez yordam bo‘limiga yetkazishgan. Bir soat o‘tib, erkakning ahvoli yaxshilangan va uyiga javob berilgan.
Kasalxona ma’lum qilishicha, jabrlangan ayolda allergik reaksiyalar oldin kuzatilmagan. Jabrlangan erkakda bunday holat ilgari bo‘lgan-bo‘lmaganligi noma’lum.
16-dekabr holatiga ko‘ra, Bartlett mintaqaviy kasalxonasi 144 doza vaksinani ishlatgan. Alyaska shtati bosh shifokori Enn Zink ma’lum qilishicha, kasalxonadagi bunday hodisalar emlash grafigi va protokollariga ta’sir o‘tkazmaydi.
Pfizer kompaniyasining rasmiy vakili Jerika Pitts aytishicha, vaksina kamdan-kam hollarda emlashdan keyin anafilaktik reaksiya kuzatilishi ehtimoli haqidagi ogohlantirish bilan birga yetkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQShda 14-dekabr kuni koronavirusga qarshi emlash boshlandi. Birinchi navbatda kasallanganlar bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlari emlanmoqda. Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil oxirigacha Amerika hukumati 40 million kishini emlashni rejalashtirmoqda.
2-dekabr kuni Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishni ma’qullagan edi. Shundan keyin Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi vaksinatsiyani boshlashi xabar berildi. Vaksinatsiyaning birinchi kunida ilgari allergiyasi bo‘lgan ikki tibbiyot xodimida anafilaktik reaksiya kuzatilgach, hukumat oldindan jiddiy allergiyasi bo‘lganlarni Pfizer va BioNTech vaksinasi bilan emlashni taqiqlab qo‘ydi.
4-dekabr kuni esa Bahrayn ham Pfizer vaksinasidan foydalanishni ma’qulladi. Shuningdek, Pfizer va BioNTech vaksinasi AQShda hamda Meksikada ham ma’qullandi.