O‘zbekistondagi mahalla raislarining faoliyatiga qarab, maoshi ham ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda 16-dekabr, chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.
“Mahalla bugun islohotchiga aylanishi, eng quyi pog‘onadagi tizimni haqiqatda xalqparvar qilishimiz lozim. Mahalla raislarining oyligini ko‘rib chiqaman. Ularning hammasiga bir xil miqdorda maosh berilmaydi. Raislarning faoliyati har olti oyda tahlil qilib boriladi. Uddaburon, tashabbuskor, ‘temir daftar’dagi oilalar va sektor rahbarlari bilan yaxshi ishlashni yo‘lga qo‘ygan, hududida jinoyatchilik bo‘lmagan mahalla raislariga mehnatiga qarab oylik beriladi. Samarali mehnat qilganlarga 2 barobar ko‘p miqdorda oylik to‘lanadi. Ular 5 million so‘mgacha maoshni ham, nafaqa yoshidagi raislar esa pensiyasini ham olaveradi. Bu bo‘yicha Moliya hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari birgalikda dastur ishlab chiqishadi”, — dedi prezident.
Avvalroq “Mahalla raisi — islohotchi» tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etili ma’lum qilingan edi. Shuningdek, tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib borishi rejalashtirilgan.