Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov korrupsion jinoyatlarga qo‘l urib, javobgarlikka tortilgan shaxslarni har bir soha kesimida ochiqlash rejalashtirilganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.
Agentlik rahbarining qayd etishicha, ayni paytda “E-antikor” platformasi ustida ish olib borilmoqda.
“Shu platformada korrupsion jinoyatlarga qo‘l urib, javobgarlikka tortilgan shaxslarni har bir soha kesimida ochiqlashni rejalashtirganmiz. Har olti oyda yoki muayyan davriy oraliqda bu ma’lumotlarni internetga joylab boramiz.
Buning vaqti keldi va eng asosiysi, vazirlik va idoralarning o‘zlari ham bunga — sohalarini tozalashga tayyor.
U yoki bu davlat idorasida bitta korrupsion xatti-harakat bo‘lsa, butun tizim nufuziga putur yetishini rahbarlar tushunib yetishdi. Bugungi kunda korrupsiyaviy xatar yuqori bo‘lgan sohalarning rahbariyati ham, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ham mana shunday jinoyatga qo‘l urganlarni ochiq-oydin ko‘rsatishga tayyorligini bildiryapti”, — dedi Burhonov.