Ziroat Mirziyoyeva raislik qiluvchi “Zamin” fondi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIPIATM) bilan hamkorlikda eshitish qobiliyatining skriningini o‘tkazish sinov loyihasini boshladi.
Fond matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sinov loyihasi yiliga 70 mingdan ziyod chaqaloq dunyoga keladigan Toshkent shahrida boshlangan bo‘lib, 2-dekabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha,15 yoshgacha bo‘lgan bolalarda eshitish qobiliyatini yo‘qotish holatlarining 60 foizini profilaktika choralari yordamida oldini olish mumkin. Agar eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bolaga umrining dastlabki uch yilida yordam ko‘rsatilmasa, bunday bola nutq bilan bog‘liq muammolarga duch kelishining ehtimoli katta bo‘lganligi tufayli, vaqt o‘tib, kar va soqov bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun eshitish qobiliyatidagi nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlash kerak, bu yo‘nalishdagi eng samarali usullardan biri – yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini universal skriningdan o‘tkazish hisoblanadi.
Yangi tug’ilgan chaqaloqlar shahardagi 4 ta bolalar shifoxonasida va barcha 15 ta tug’ruq markazlarida eshitish qobiliyatining skrining tekshiruvidan o’tkazilishi mumkin. Eshitish qobiliyatining nuqsoni aniqlansa, har bir chaqaloqqa maxsus diagnostikadan o’tish hamda eshitish va nutqni rivojlantirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni ko’rish uchun RIPIАTM ga yo’llanma beriladi. Eshitish qobiliyatining skriningidan o’tgan yangi tug’ilgan chaqaloqlar to’g’risidagi ma’lumotlar RIPIАTM qoshida yaratilgan treking-markazda to’planadi va qayta ishlanadi. Ushbu loyiha 1 yillik sinov muddatidan muvaffaqiyatli o’tgandan so’ng respublikamizdagi barcha tug’ruq markazlariga tatbiq qilinadi.
Ziroat Mirziyoyeva loyihaning dastlabki natijalari bilan tanishdi. Tug‘ruq markazlari shifokorlari va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onalari bilan suhbatlashib, ularga eng ezgu tilaklarni bildirdi.