O‘zbekistonda oktabr oyidan boshlab issiqlik ta’minoti uchun to‘lovning yangi tizimi ishga tushirildi, deb yozmoqda Spot. Unga ko‘ra, 2020—2021-yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkaziladi. Bugungi kunda u 1 kvadrat metr isitiladigan joy uchun 142 so‘mni tashkil qiladi.
Tarif oshgani va iste’molchilar avvalgiga qaraganda ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri kelishi haqidagi fikrlar paydo bo‘lgach poytaxt hokimligi matbuot xizmati issiqlik ta’minoti uchun to‘lov oshmagani, faqat to‘lov tartibi o‘zgarganini ma’lum qildi.
“Toshissiqquvatti” DUK issiqlik ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Oksana Kasnovaning bildirishicha, iste’molchilar, xohishga ko‘ra, isitish mavsumi tugaganidan keyin ham ushbu stavkada to‘lashni davom ettirishi mumkin, shunda yangi mavsum boshida ular issiq suv ta’minoti uchun to‘lashga “zaxira” mablag‘ga ega bo‘ladi.
Issiq suv ta’minoti uchun 2020-yil oxirigacha pul to‘lagan iste’molchilarga kelsak, eski to‘lov tizimi bo‘yicha to‘lov 3-avgustgacha, ya’ni 2020-yil 1-yanvardan 28-martgacha ko‘rsatilgan xizmat uchun amalga oshirildi.
Yangi to‘lov tizimi joriy etilganligi sababli 3-avgustdan boshlab to‘lovlar o‘tkazish to‘xtatildi va 17-oktabrdan boshlab davom ettirildi. Avvaldan to‘lov qilganlarning qoldiq pullari keyingi issiqlik mavsumiga o‘tkaziladi. Shunday qilib iste’molchi hech narsa yo‘qotmaydi.
Shuningdek, issiqlik ta’minoti butun shaharda bir kunda berilmagani sababli muayyan yashash uyida isitish mavsumi boshlanishi sanasini qanday aniqlash mumkinligiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Ta’kidlanishicha, buning uchun xonadon egalari isistish mavsumi boshlanishi sanasi ko‘rsatilgan dalolatnomaga ega o‘z shirkatlariga murojaat qilishlari lozim. Ana shu sanadan boshlab yangi isitish mavsumi uchun to‘lov hisoblash boshlanadi.
Bundan tashqari, issiqlik tarmoqlarida avariya yuz berganda bu issiqlik ta’minoti uchun to‘lovda hisobga olinish-olinmasligi ko‘pchilik uchun bahsli savol bo‘lib qolmoqda. Bunday holatda “Toshissiqquvvati” tuman bo‘linmalariga murojaat qilish lozim. Shundan so‘ng mutaxassislar dalolatnoma tuzib, avariya kimning aybi bilan yuz berganini aniqlaydi. Aybdor “Toshissiqquvvati” DUK bo‘lib chiqsa, avariya tufayli ta’minlanmagan issiqlik uchun qayta hisob-kitob qilinadi. Shirkat aybdor bo‘lgan taqdirda, qayta hisob-kitob qilish masalasini ularning o‘zlari bilan hal qilish lozim.