LOTIN-КИРИЛЛ

TASVIRLARDA UYGʻONGAN TASAVVURLAR

      Ijodning sehrli dunyosi - rassomlar o‘z asarlari orqali insonning ichki olamini, his-tuyg‘ularini va orzularini tasvirlaydilar. Ularning asarlari go‘yo ruhning chuqurliklarida yashiringan hikoyalarni ochib beradi. Bugun hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz ham yoshligidan o‘zining noziktabiati bilan boshqalardan ajralib turgan Ma’mura Sattorova bo‘ladi.

      Ma’mura bolaligini eslarkan tengdoshlaridan farqli ravishda xafa qalbini birovga sezdirmasdan ko‘ngil kechinmalarini chizgan naqshlariga ifodalaganini ta’kidlaydi.  U  1984 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan.  Oilada  besh nafar o‘g‘il ichida yagona qiz farzand bo‘lib, ijodkorlik unga bolalikdan  hamroh!. Chekka qishloqda san’atda ustoz ko‘rmagan bo‘lsada, rasm chizishga bo‘lgan muhabbati va qiziqishi uni shu yo‘nalishda ta’lim olishga undadi.

     Ma’mura 2001 yilda Jizzax davlat pedagogika institutiga hujjat topshirib, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishida tahsil oldi.

  -Oilada bitta qiz bo‘lganim uchun uzoq masofaga  borib  o‘qishiga ruxsat berasanmi,  deya ota-onamni  fikridan qaytarmoqchi bo‘lganlar ko‘p edi. Xayriyat-ki, mening ichki dunyoyimni bilgan, qalbim taskin topgan sohani tanlashimni chin dildan istagan suyanchlarim ota-onam bu yo‘lda menga ishonch bildirdi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi ortidan bugun o‘zim sevgan kasbim bilan shug‘ullanyapman. Oilamga, ro‘zg‘orimga nafim tegayapti. Chekka qishloqda ulg‘aygan oddiy fermer qizi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak,  - deydi suhbat chog‘ida Ma’mura  Sattorova.

Ilk mehnat faoliyatini Xatirchi tumanidagi maktabda tasviriy san’at fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan bo‘lsa, 2011 yildan beri Uchquduq tumanidagi  musiqa va san’at maktabida faoliyatini davom ettirmoqda.

    Bilim maskani u  istagan rangtasvirga oshufta qalbli shogirdlar qurshovida bo‘yoqlar hidiga mast bo‘lib ijod qilish imkonini beradigan, o‘sha bolalikdagi orzular ro‘yobi, aslida. E’tiborlisi, Uchquduq tabiati va manzaralari uning ijodida alohida o‘rin egallaydi.

         Yaqinda seminar doirasida tashkil etilgan rasmlar ko‘rgazmasini ishtirokchilar iliq kutib olishdi. Unda muassasa tarbiyalanuvchilari va Ma’mura Sattorova ijodiga mansub 100 dan ortiq asarlar namoyish qilindi.

        Ma’mura uchun rasm chizish - faqatgina san’at emas, balki ruhning ifoda vositasi, ichki dunyoning yuzaga chiqarilishidir. Uning ijodiy asarlari insonning ichki olamini, his-tuyg‘ularini, orzularini va qayg‘ularini tasvirlaydi. Uning har bir asari o‘ziga xos ma’noga ega, undagi har bir chiziq va rang teran hikoyani ochib beradi.

      Uni nafaqat san’atda balki baxt borasida ham omadi chopgan.  Turmush o‘rtog‘i rassomchilikdan uzoq sohada faoliyat yuritsada, ayolining  ijodini hurmat qiladi  uni qo‘llab-quvvatlaydi.

       Oilada uch nafar qiz voyaga yetmoqda. Ularning ham  orzusi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bor. Katta qizi onasining  kasbiga qiziqish bildirib, qalam ushlagan.

       Darvoqe, Ma’muraning shogirdlari  bugungi kunda yurtimiz va Markaziy Osiyodagi taniqli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishmoqda.

      Ma’mura Sattorova singari qo‘liga qalam olib ijod qilayotgan ustozlarimizga kasbiy barkamollik tilab qolamiz.

Feruza YANDASHOVA, maxsus muxbirimiz.

O'qilgan: 127 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: