LOTIN-КИРИЛЛ

KO‘KLAM RANGLIK, ILHOM OTLIK  “YUKLARIM”DAN TO‘KILGAN O‘YLAR

                Bola edik. Tarix o‘qituvchimiz Nizomjon Gʻofurovning o‘quvchilik paytlarida olimpiada g‘olibi sifatida tarixiy shaharlarga sayohat yo‘llanmasi bilan rag‘batlantirilgani, qadimlikdan olgan taassurotlari to‘g‘risidagi hikoyalarini jon qulog‘imiz bilan tinglab, kun kelib biz ham ro‘yi zaminning sayqali Samarqand, muqaddas dinimizning ildizlari chuqur botib ketgan Buxoroi sharif va qadimlikda ham, bugun ham ko‘ksida ohanrabosi mavjud non shahri Toshkentga borishni orzulaganmiz. Beg‘uborlikda qilingan orzularning qanoti bo‘larkanmi, palahmon taqdirim ulug‘ mutafakkir nomi bilan atalgan Navoiyga bog‘langanida, o‘quvchilik paytlarimdagi  orzularimning ijobatini  shu viloyatdan topishim xayolimga ham kelmagan...

                Zulfiyaxonimning tavalludlari bilan boshlangan bahor yana bir go‘zallik va nafosat bayramini yetaklab kelayotgan pallada, ryespublikamizning qadimiy, go‘zal  maskanlariga yo‘l olgan - bayram munosabati bilan tashkil etilgan sayohat karvonidagi nasibam sabab, aziym Shosh tomon ildamlayotgan ulovga ilindim. 1-sonli Birlashgan kasaba uyushmasining Shimoliy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun tashkillashtirgan bayram sayohatlari  xodimlarga  Xiva,  Samarqand va Toshkentning olis moziydagi, kechagi va yorqin ranglarga burkangan buguni haqida taassurotlar yig‘ish uchun ayni muddao bo‘ldi!

                Tun o‘z pardasini uyqusirab yig‘ishtirayotgan sahar chog‘i sahroda shitob bilan borayotgan avtobusda kimdir qonmagan uyqusini tutish, kimdir telefonini titkilash bilan ovora, bo‘zarib borayotgan cho‘lga qarab kimdir xayollarga cho‘mgan va yana kimlardir shirin tushlari-la band. Ko‘zimga uyqu inmaydi. O‘zim Qizilqumdaman-u, sarosar xayollarim Toshkanda – “O‘tkan kunlar”u “Ikki eshik orasi”da daydiydi:“Toshkentga ketyapman! Kumushoyni olib ketgan kundagi cho‘bin otdan to‘kilgan izlar qolgan, shahodati shamollarga sovrulgan jadidlarini allalayotgan Shoshga! Keng bag‘riga dunyoning har qaysi millat bolasini sig‘dirib boshlarini silagan saxiy, jasoratli, oqibatli odamlar shahriga, sabotlilarining zahmatlari evaziga Ikkinchi jahon urushidagi  g‘alabaga hissa qo‘shgan shaharga! Sharof otaning ko‘ziga uyqu bermagan zilzilalardan  omon chiqqan  Toshkentga ketyapman...”

                Yo‘l yurish yaxshi, ayniqsa bahor-da! Adoqsiz cho‘l tobora ortda qolar, yurganimiz sari qish bilan xayrlashib, go‘yoki bahor tomon yelayotgandekmiz. Buni ham sababi bor,  bahor bizni Uchquduqqa kechroq keladi, Nurota tomonlar ko‘klarga burkanganida, bizda, daraxt novdalari semirib, po‘rtayib quloq chiqarmoq uchun hozirlanadi. Nurota haqida o‘ylashim bilan, uzoqdan tog‘larining oq boshlari ko‘rindi, salla o‘ragan mo‘ysafiddek salobatli. Yo‘l bo‘yida endigina yorqin-zangori barg chiqargan keksa daraxtlar qaqragan barmoqlarini samoga uzatgancha bahorning iliq yomg‘iriga ilhaq bo‘lib duo qilayotgandek. Osmonda sokin suzayotgan parqu bulutlar kuzda dehqon ekkan bug‘doylarning yashil,
tip-tiniq oyinasida o‘zini tomosha qilayotgan tannozlarga o‘xshaydi. Bahor zumrad ko‘rpasini yoyib yuborgan kengliklarda gapuqmas qo‘zichoqlar shataloq otib yuribdi, shu qo‘zilardek chopging, kengliklarda baxtdan hayqirging keladi! Uzoqdan o‘zingga boqasanu o‘zingga havasing keladi: tomirlaring jannatmonand zaminga ilashib-chirmashib ketganidan, ajdodlaring shu muqaddas tuproq ostida nafas olayotganidan, kelajaging, paymonang yana shunga qaytishidan!

Darhaqiqat, qaytish haqida o‘ylaganing hamono Mirzo Boburning ichini yegan armon seni ham tirnaydi, Vatanda tug‘ilmoq, yashamoq va o‘lmoq saodatini xis etasan...

Avtobusning pishillab to‘xtashi xayollarimni tarqatib yuboradi, hamroxlarim duv etib pastga – laxcha cho‘g‘lardek yonib turgan Baxmal olmalari savdosiga tushadilar. Sharof Rashidov beqiyos mehr qo‘yib sevgan o‘lka! “Inson – davr ko‘zgusida va davr – inson taqdirida” nomli kitobni o‘qiganimdan keyin men ham Jizzaxga ayrocha mehrqo‘ydim.Vatanga Sharof otani bergani uchun, mardlarni, mehnatsevarlarni, shijoatlilarni tarbiyalagani uchun! Hozir ham avtobus oynasidan yoqut olmalar sotayotgan dehqonlarni kuzatarkanman, bu sodda va samimiy, mehnatkash va tanti insonlarga ruhiyatimning eng pok manzillaridan mehr jo‘nataman, “Mehnatlaringiz rohat bo‘lsin!”, deya pichirlab  qo‘yaman.

                Oldinda Sir shovullaydi. Mahobatli va o‘ktam! Sirdaryodan shunchaki o‘tib bo‘lmas, tarix tafakkuringga bostirib keladiyu shu oniy lahzalarda asrlar qo‘padi, beixtiyor daryo bilan dardlashib o‘tib ketasan: “Sirdaryo, nomingdan aylanay, bag‘ringda ajdardek pishqirayotgan suvmi yo sirlar sukutimi? Hasrat to‘la sukunating shu qadar haybatli bo‘lsa, dardlaringni aytsang nihon og‘riqlaringga dosh berib bo‘larmikin? Olis, qat-qat, boy tarix senda, vatanni sotgan, talaganlar ham, vatandan quvilgan va uni jon qadar sevganlar ham seni va yo og‘ang Amuni kechganlar. Qay birini g‘arq qilib, qay birining olchoqligiga ojizona termulib qolgansan. Axsiga tutashib ketgan irmoqlaringda sag‘ir qolgan Zahiriddinning ham ko‘z yoshlari bordir? Boshingdan ne kunlar o‘tganini bilmay, hayotbaxshligingni xis etmay turib senga  muhabbat qo‘yib bo‘larmi Sir?! Vatanimning tomiri, yaralganingdan buyon to shu kun qadar bashar uchun mavjlanib-sollanib yotibsan?  Sendan suv ichgan bog‘lardan mevalar yedim. Sen qondirgan paxtalar menga kamzul bo‘ldi. Suvsagani qo‘ymay suv tutganing – boshoqlar tandirlarda rizq bo‘lib pishdi.

Daraxtlarning tomirlariga, gul barglariga,  o‘t-o‘lanlarga sizib kirdingu yana inson uchun go‘zal sukut-la xizmatga shaylanding  –  musaffo havo bo‘lding! Hayotbaxshim, xokisorim, tirik tarixim...”  Daryo bilan “suhbatlasharkanman”, osmonda qanotlarini baralla yoyib uchayotgan laylakka, laylaguyalarga to‘lib ketgan basavlat daraxtlarga ko‘zim tushadi: “Sirdaryo laylaklarga to‘lib ketibdi-ya, opa!”, deyman yonimdagi hamroxim Dilorom opamga. U esa menga bobosining laylagi haqidagi  ajib hikoyani aytib beradi.

 

ABDUMO‘MIN BOBONING LAYLAGI

...Oqtom mahallasida yashagan Abdimo‘min bobo juda mehnatkash, odamshavanda, himmatli inson bo‘lgan ekanlar. Har ko‘klam kelganida Sangzor daryosiga orqa qilgan katta hovlilarida mol so‘yib, elu xalqni chaqirib, mazali kulchatoy pishirib ulasharkanlar. Shundog‘am mehmon arimaydigan, dasturxonlari yig‘ilib ulgurmayoq yana qo‘noq keladigan uylari o‘sha kuni qishloqning er-yigitlari, bola-chaqayu xotin-xalaji bilan to‘lib ketarkan. Pishqirib turgan Sangzor yoniga – Abdimo‘min  boboning hovlisidagi simyog‘ochda bobo ardoqlab, nevaralari, mahalla bolalariga ozor yetkazmasliklarini tayinlaydigan laylak har bahor kelib, bola ochib, o‘stirib, sovuq tushganda yana qaytib uchib ketarkan. Laylakning tashrifi shu hovli, mahalladagi barchani quvontirar, bolalar: “Abdimo‘min boboning laylagi keldi, Abdimo‘min boboning laylagi keldi!”, deya shodlanib qichqirisharkan. Ona laylak har kelganida in ustida turib bobo bilan o‘z tilida salom-alik qilar, ketar chog‘i ham tumshuqlarini bir-biriga urib “kuy chalib”, bo‘ylari cho‘zilib qolgan bolalari bilan hovlining tepasida bir necha marta doira chizib uchib, minnatdorona xayrlasharkan. Boboning nevaralaridan laylak hayiqmas, uzun oyoqlari bilan salobatli odimlagancha daryoda baliq yo qurbaqa yoxud chuvalchang tutayotgan payti bolalar bilan yonma-yon yuraverarkan. Laylakning 13fevralda tuxum qo‘yishi, biroq sovuq zahridan bu tuxumlar puch bo‘lib qolishi, bahorning
 sakkizinchi kunida qo‘ygan tuxumidan mitti laylaklar ochib chiqishi haqida ham bobo xabardor. Keksa bo‘lishiga qaramay, laylakning tashrifi yaqinlaganda simyog‘ochga tirmashib chiqib, uyani tartibga keltirar, inga paxta, somon, xashak tashlab qo‘yardi.

1989 yil qishning adog‘ida kelgan laylak qadrdon hovliga yana qo‘ngan, bu safar ham an’anaga ko‘ra bobo bilan salom-alik qilibdiyu biroq, bahor oyoqlaganda boboning umri tugab qolibdi. O‘sha kuni laylak, hovliga to‘lgan tumonat odamlarga qaragancha boshini quyi solib musibatni his etib bir necha kun uchmabdi.  Biz bilamizki, bu oppoq, nozik va go‘zal qushlar tinchlik va to‘kinlik bor joyda, e’zoz sezgan yerlarida in quradilar, ularga ozor bergan joylarga zinhor-bazinhor qaytmaydilar. Abdimo‘min bobo oxiratga safar qilgan  yili ona laylak qushlik qadriyatiga ters ravishda sovuq kunlar kelishini kutmay, polaponlari  parvozni o‘rganishi bilanoq uchib ketibdi.

Shundan beri qancha bahorlar kelib ketibdi. Nabiralar har ko‘klam yaqinlashganda osmonga termulib, bobolarining laylagini kutishar ham bobolarini ham laylakni eslab yig‘lasharkan, biroq, ona laylak bu atroflarda boshqa ko‘rinmabdi. Menimcha, u qush bo‘lgani uchun ham insonlar ko‘nikishga majbur bo‘lgan ayriliqni o‘ziga ozor deb bilib, Sangzor daryosi bo‘yidagi qadrdon hovliga  qaytmagan...

Dilorom opam bobosining laylagidan tashqari, Jizzaxliklarning ko‘klam kelgandagi ajoyib udumlari, qoila, qurtoba kabi ilikuzildi paytida kuch bo‘ladigan taomlari haqida ham aytib berdi. Yoningda shunday ma’rifatli hamroxning borligi qanday yaxshi  –  yo‘l bo‘yi o‘sasan, tarixiy, jo‘g‘rofik, etnik meroslardan tafakkuring oydinlashadi, yo‘ling tugab, otlangan manzilingga yetganingni sezmay ham qolasan kishi! 

 

TOSHKENT HAYRATI

Darhaqiqat, mana, oldimizda viqor-la ko‘krak kerib turgan zamonaviy binolar, baland-baland inshootlar – mag‘rur atmosfera! “Ulovlar qatnovi tig‘iz bo‘lgan bu yo‘llarda kattakon avtobus bilan harakatlanish oson bo‘lmasa kerak”, deya sergaklanaman, biroq haydovchimiz Azizjonning mahoratiga ishonch menga xotirjamlik beradi-da, yana ko‘rkam shaharning yolqinlari ichiga singib ketaman. Shaharni yaxshi bilgan hamkasblarimhozirgi paytda Toshkentga kelgan mehmonlar e’tiboridagi  Nest one, Toshkent city,
Ice city, Toshkent city Mall  kabi yuksakka bo‘ylagan oynavand binolarni ko‘rsatib izohlaydilar. Yo‘limizda tyeleminora, Oqmachit, Xastimom majmuasi, O‘zbek milliy akademik drama teatri, bog‘lar, mehmonxonalar, kafeyu restoranlar, umuman olganda, bu yerda qurilgan va qurilayotgan zamonasoz binolar,  yo‘llar,  dam olish maskanlari... Nur shahar!

Muhtasham Toshkentning “Orzu” mehmonxonasiga joylashdik. Shundoqqina yonimizda Rossiya mehmonxonasi – kaftingizni peshonangizga qo‘yib qarasangiz boshingizdan do‘ppi tushadi! Qay tomon qaramang, betakror go‘zallik, zamonasoz shinamlik! Toshkentlik azamatlar-yey, qurilishni, dizaynni boplashibdi! Ayniqsa, bizni  shirin taomlari bilan siylagan “Art-plov” restoranining milliy ruhdagi dizayni, restorandagi qalampirnusxa chust do‘ppili, chamandagul do‘ppiliyigit-qizlarning odobini aytmaysizmi! Ha, kasaba qo‘mitamiz ishchi-xodimlar  uchun anchagina qayg‘urgan, bu kabi tashkiliy ishlar ortida biz bilmagan va  tushunmagan  tashvishlar yetarli!

Toshkentda otgan birinchi tong yomg‘ir bilan boshlandi. “Yaxshi yil bahoridan ma’lum”,  deganlaridek, shu yil ryespublikamizning barcha hududlariga yomg‘ir tushdi, joni borki bu yog‘in-sochindan quvondi. Bizning cho‘llar ham shu yil gulga burkanadi. Mehmonxonadagi nonushtadan so‘ng, Toshkent sayri boshlandi. Yoshlarning istaklariga ko‘ra, avval Toshkent city mallga otlandik. Bu mahobatli binolarni tomosha qilarkanman, hayratdan gung odamga o‘xshab qolgandim, o‘ta noziklik,  yuksak arxitertura ilmi va aql-zakovatga yondoshib barpo etilgan bu ulkan kompleksni ta’rif etishim uchun hayratlarini suratga muhrlay oladigan zo‘r musavvir yo dizayner-rassom bo‘lmog‘im kerak!

“GʻALABA” BOGʻIDA

Biroq, bu hashamatdan qancha hayratlanmay, ruhim sokinlik istar, asarlarda o‘qiganim – qahramonlarimni sog‘inardim. Ayni paytda meni Toshkent city malldan “Gʻalaba” bog‘i yodgorlik majmuasi tomon tortayotgan ohanrabo tarix edi, vatanning, millatning boshidan o‘tgan o‘tmish meni  chorlamoqda edi. 

Havo iliq, yomg‘iri biram yoqimli, yomg‘irpo‘shning keragi yo‘q. Bog‘ga yaqinlasharkanmiz, radiokarnayda  Ikkinchi jahon urushi yillaridagi mashhur qo‘shiq yangraydi:

“S chego nachinayetsa Rodina,

S kartinki i v tvoyem bukvare,

S xoroshix i vernыx tovariщyey,

Jivuщix v sosednem dvore...”

Majmuaga qadam qo‘yishim bilan meni mahzunlik qamrab oldi. Maskanning naqadar muqaddasligini his etar, qadamlarim og‘irlashar, mash’um urush musibat solgan onalarning faryodi eshitilar edi go‘yo... Urush yillari  bolasining, jigarlarining, bosh egasining omon qaytishi uchun borini bergan, jafolar ko‘rgan, qaro mehnati bilan xuftonini bomdodga ulagan  milatimiz qahramonlarining ruhi kezib yurgandek misoli! Maydonda turgan – hujumlardan omon qaytgan samolyotlar, urush o‘chog‘ida kuymagan tanklar, mard, tanti, sodda, beg‘ubor o‘zbek yigitlarini olov maydonlariga olib ketgan poyezdlar bilan so‘zsiz suhbatlashaman.

Kompleksni shunchaki sayr etib bo‘lmas, bu yerda o‘tkazgan har bir lahzangizda millatning front va front ortidagi azob-uqubatlarini his etasiz. Boya, Toshkent cityda sho‘x-sho‘x yog‘ayotgan yomg‘irlar ham endi mahzundek, bulutga tutash daraxtlar ham endi menga o‘xshab mung‘ayib qolgandek. Majmuadagi  Shon-sharaf davlat muzeyi, general Sobir Rahimovga bag‘ishlab bunyod etilgan “Mangu jasorat”, Zulfiya aya Zokirova va uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan “Matonat madhiyasi” monumentlari, millatimizning qonli janggohlardagi mardligi, front ortidagi azobu uqubati, mehnatiyu tortgan zahmati  va fidoyiligidan so‘zlovchi tarixiy-badiiy ekspozisiyalar menga oqsoqoldek, Duma choldek, Robiya va qora ammadek insoniylikning eng yuksak pog‘onasidan-da yuqori ko‘tarilgan oqko‘ngil Toshkentliklarni eslatadi. Mohir quruvchilar, usta va me’morlar, rassom va haykaltaroshlar tomonidan urush alami va dorilomon kunlar baxtini his etib, xuddi tirikdek yaratilgan ekspozisiyalarga termulaman, etigimdan sizib kirgan, boshimdagi ro‘molimni ho‘l-ho‘l qilib sirg‘altirgan, ko‘zyoshimga qo‘shilib yog‘ayotgan yomg‘irni-da  sezmayman.

Minglab bahodirlarini tuproqqa bergan sabri alp o‘zbek onalari, qaytgan-qaytmagan arslonlar, matonatli, bag‘rikeng, mushfiq millatimizning o‘sha mash’um yillardagi mehnati ortidan chekkan zahmatlari uchun yig‘layman... Yonimda  Dilorom opam meni yupatadiyu o‘zining ham ko‘zlari jiqqa yosh. Ikkinchi jahon urushiga jonining ozig‘ini, tuprog‘ining ozig‘ini bergani evaziga g‘alabaga yetgan xalqimizning urush yillari tarixini o‘zida jo etgan majmuaning bunyod etilishidek savobli ishda bosh-qosh bo‘lganlaru  mehnati  singganlardan  minnatdorona  ravishda,  yana kelishni dilimga tugib bog‘dan  chiqdim. 

Har bir o‘zbekistonlik bilishi zarur  bo‘lgan tarix ortimda, oldinda esa,  bir guruh ma’rifatparvarlarning ruhlari uyg‘oq maskan meni kutardi.  

“Shahidlar xotirasi” bog‘idagi “Alvasti ko‘prik”dan pastga qaraymanu o‘zbek ziyolilarining qatag‘on yillardagi qoni to‘kilgan  yerlardan taraqqiyparvarlarning o‘limga tik boqqan, ammo vataniga ilinj bilan tikilgan nigohlari ko‘ringandek bo‘ladi. Qodiriyni, Cho‘lponni qo‘msayman. Ichimda “Ehh, bolalarini asrolmagan Vatanim-a!”, degan faryod tug‘iladi. Keng bag‘riga Usmonini sig‘dirolmagan, millionlab chaqirimlarga ona tuprog‘idan yulib olib ketilgan, o‘ssa - Vatanga, adabiyotga nafi tegadigan, Namangonimning barq urib yashnolmagan niholini sog‘inaman...

TEATR – BU IBRATXONA

Toshkentga kelib, teatrga bormagan yoki metroga tushmagan kishi Toshkentga bormabdi, hisob! Poydevorlari tarixga chirmashib turgan, katta tezlikda relьs bosayotgan metrodaman. Atrofdagilar – hamma o‘z xayollari bilan band. Ishga chopayotgan, o‘qishga shoshayotgan, bozorga yugurgan, mehmondan qaytayotgan odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilayotgan metroda borarkanman, ish jadvaliga ko‘ra tinim bilmay harakatlanayotgan ushbu ulkan yo‘lning bunyod etilishi uchun bosh bo‘lgan Sharof otani eslayman. Bir ko‘prik qurganning yoki odamlarning yo‘llaridan ozor beruvchi tikanni olib tashlagan kishining naqadar ulkan savobga erishajagini hisobga oladigan bo‘lsak, Sharof Rashidovning xalqi uchun qilgan mehnatlarini ifoda etishga qalamim no‘noqlik qiladi. Qalban tashakkur aytaman, oxiratlari obodligini tilayman. 

Uchquduqdan meni Toshkentga boshlagan navbatdagi tabarruk manzil O‘zbek milliy akademik drama teatri edi. Sevimli dramaturgimiz Nurillo Abbosxonning “O‘zgalar dardi” asari asosida sahnalashtirilgan spektakldan ajib taassurotlar bilan chiqdik.  Spektakl tomoshasi uchun nafaqat Toshkent, balki uzoq-yaqindan ziyo izlab  kelgan hamyurtlarimni ko‘rib ko‘nglim tog‘dek yuksaldi.

 

SAFAR SO‘NGIDA

Safarimiz oxirladi, taassurotlar suratlarga, xotiralarga muhrlandi. Shu onda qalbim ham nurga belangan edi go‘yo, taqdirimga shukronalik, kombinatda ishlayotganimdan masrurlik, “NKMK” xodimlari kasaba qo‘mitasiga bildirmoqchi bo‘lgan minnatdorlik  tuyg‘ularim  to‘lib-toshardi. Bu sayohatni men kabi katta tasavvurlar bilan kutgan hamroxlarim ko‘p, kimdir birinchi marta, kimningdir ikkinchi yo uchinchi kelishi, kimlargadir Toshkent kaftdek tanish.

Bu dunyoda har bir odam ruhiyatining o‘lchamidan ortiq yashay olmaganidek, bayram asnosidagi ushbu sayohatdan ham har kim dunyoqarashidan kelib chiqib ta’sirlandi, tasavvur yig‘di. Sayohat asnosida kimdir bozorga borishga, kimdir bunyodkorliklarni tomosha qilishga yoki yaqinlari bilan ko‘rishishga ulgurdi. Kimdir menga o‘xshab farzandlariga olgan o‘yinchog‘ini tomosha qilib xursand!

Ayolligimga borib qaysidir hamkasbim sotib olgan kiyim-kechaklariga havasim keldi, xarid qilgan juft-juft poyabzallarini ko‘rib ko‘zlarim yarq etib ketdi. Biroq, mehmonxonadan chiqarkanman, mendan boyroq odam yo‘qligini, mening ko‘klam ranglik, ilhom otlik “yuklarim” katta-katta jomadonlarni sudrab olgan ulovdoshlarimning yuklaridan ham og‘irroq, qimmatroq ekanini angladim!

Avtobus vishillab o‘rnidan siljirkan, ruhimda bahor kurtaklaridek potirlab toshayotgan shukronalikdan masrur, ikki kundayoq qadrdonlashib qolganim  Toshkent  bilan xayrlashdim.

XULOSA O‘RNIDA         

Yuqorida yozganlarim, ko‘pmingkishilik Navoiy kon-metallurgiya kombinatining  birgina xodimasiga bayram arafasida ulashgan quvonchi edi, xolos. Endi, yillar davomida yig‘ilgan baxtiyorlikni tasavvur etavering! 

Nilufar Muydinova, SHKB mutaxassisi.

O'qilgan: 277 bora O'zgartirish kiritilgan san'a 01 May 2024

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: