LOTIN-КИРИЛЛ

Qotil ona

     Ayol to‘qqiz oy qornida ko‘tarib, hayotga keltirgan 1,5 yoshli qizalog‘ini urib o‘ldirdi va o‘z qo‘llari bilan uni qabrga qo‘ydi. 

    Yaxshilar: "Yuzga aytganni zahri yo‘q!" deydilar. Ha, sezdim. Ushbu maqolaning sarlavhasini  o‘qiboq, ajablangan, yoqangizni  ushlagan  bo‘lsangiz kerak. Bionobarin, farzand inson uchun eng  bebaho ne’mat  ekanini yaxshi bilamiz. Ayniqsa,  o‘zbek millati borki,  butun umrini bolalariga, avlodlarining kelajagiga baxshida  qiladi. 

  Bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab  oilalarni  mustahkamlash, yoshlar  tarbiyasiga  e’tibor qaratish, ularning taqdiri uchun qayg‘urish  masalasiga  birlamchi  sifatida yondoshilayotgan barcha farzand tarbiyasi uchun yonib - kuyayotgan  bir paytda tinch va osoyishta  yurtimizning qaysidir bir burchagida nikohsiz "qizlar" ning homilador bo‘lib qolishi, ular o‘z aybini yashirish uchun bolasidan voz kechishi yoki norasidalarni tiriklayin axlat qutilariga tashlab ketishi gohida esa "bir parcha et" dan batamom voz kechish uchun manqurtlik darajasigacha  borishi juda-juda achinarlidir. 

Bundan bir necha oy burun ijtimoiy tarmoqlarda vodiylik Asalxon (maqoladagi  ismlar o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘i bilan Rossiyaga ishlash uchun borganligi, Asalxon qo‘shnilari ko‘z o‘ngida 1,5 yoshli qizalog‘ini huda-behudaga ayamay savalagani va bir necha kundan so‘ng u qizaloq vafot etganiyu uni ona o‘z qo‘llari bilan qabrga qo‘yayotgan video tarqaldi. Xoh ishoning, xoh ishonmang ana shundan buyon o‘zimga kelolmayman. Nahotki ona o‘z dilbandiga o‘limni ravo ko‘rgan bo‘lsa? deya dunyolarga sig‘mayman.

Vo, ajab! To‘lg‘oq azobidek og‘ir (ammo naqadar shirin) dardni hech nimaga qiyoslab  bo‘lmaydiku! Ha, momolarimizning  aytishlariga qaraganda har  bir ayol to‘lg‘oq paytida uning  qirqta jonidan o‘ttiz to‘qqiztasi  qabr yonida, faqat birgina joni esa ayol bilan  birga qolarkan. Qarang-a, naqadar dahshat! Ana shu dahshatlardan eson-omon qutulgan ayolgina onalik baxtiga  muyassar bo‘larkan. 

Zero, bu hikmat zamirida  olam-olam  mazmun bor. Buni faqat ona bo‘lib, jigargo‘shasini o‘z bag‘riga olganlargina  biladi. Ammo aytish joiz bo‘lsa ayshu ishratga  berilgan, savob bilan gunohni  farqiga bormagan qolaversa hayot faqat o‘yin-kulgidan iborat, deb bilganlargina yo‘q, yo‘q Asalxonga  o‘xshagan (ha azizlar, u ona deyishga noloyiq inson!) manqurtlargina bu oddiy haqiqatni tushunib yetmaydilar. Yo‘qsa,  u hali endigina atak-chechak qilayotgan qizalog‘ini urib o‘ldirarmidi?

...Dilbarxon o‘zga yurtda dunyoga keldi. Go‘dak dunyo yuzini ko‘ribdiki, bir kun ham ro‘shnolik ko‘rmadi. U jallod ona tomonidan bo‘lar-bo‘lmasga kaltaklanardi. Shu zaylda qizaloq 1,5 yoshga to‘ldi. Bir kuni  Asalxon qo‘shni xotinlar  ko‘z o‘ngida Dilbarxonni qo‘llaridan ushlab yurgizmoqchi bo‘ldi.  Qizaloq haminqadar yura boshladi. Ko‘zlari qonga to‘lgan ona uni tez-tez yurishga undadi. Ammo Dilbarxon onaning  buyrug‘ini bajarolmay holdan toydi, yiqildi. Asalxon esa qizaloqni yuz-ko‘zlaridan ayamay ura boshladi. Bir zumda go‘dakning og‘zi, burni qonga belandi. Shunda bu holatni videoga olayotgan qo‘shni ayol qarshisidagi yovuz Asalxonga: -Qarang, uni nozlanishini, mana ajabtavur yurarkanu... deya uni norasidaga bo‘lgan hayvonlarcha hatti-harakatini quvvatlagan bo‘ldi.

-Voy, uningizni  og‘zi-burni qonab ketayabdiyu. Tezroq yuvib oling... " Qo‘shni ayolning gapi  Asalxonga moydek yoqib ketdi va ojiz qizaloqning og‘zini chirkin qo‘llari bilan berkitib, yana savalay ketdi... 

Yorug‘ dunyoga yig‘lab kelgan Dilbarxon bu dunyoning siru sinoatiga, uni hayotga keltirgan kimsaning berahimligiga aqlibovar qilmay, yig‘lab ko‘z yumdi.

Jajji murda uchun o‘sha ijara uyning bir burchagidan chuqur qilib qabr qazildi. Mayitni esa qabrga Asalxon o‘z qo‘llari bilan qo‘yayotgan bir mahalda dunyo bexabar er xotiniga so‘z qotdi: "Harholda men ham uning otasi bo‘laman. Yuzini och! Oxirgi marotaba bir ko‘ray!... "

Jajji Dilbarxonning yuz-ko‘zlari  tayoq zarbidan ko‘krib ketgandi. Hatto quloqchalari atrofida qonlar sizilib qolganligi yaqqol  ko‘rinib turardi.

Ey, Yaratgan egam! Bu ayolga ko‘z, zabon va yurak berguncha uni mayib-majruh  qilib  yaratsang bo‘lmasmidi?! U ham ayolmi?! Onami?! Yo‘q. Yo‘q. Aslo! Bu qotillik jazosiz qolmadi. Beburd er ham,  mehrsiz Asalxon ham qilmishiga yarasha jazoga tortildi...Bugun meni bir narsa ko‘proq o‘ylantiradi. U ham bo‘lsa  sovuqdan-sovuq  simto‘rlar  qarshisida Asalxon  nimalar haqida  o‘ylasa ekan?. U ozodlikning, yurt osoyishtaligiyu farzand bebaho ne’mat ekanligini  tushunib yetdimikin? Tunlari jajji Dilbarxonning oh-nolasi uni tinch qo‘yayotganmikin?!...

Gapning mavridi kelganda bugun dilimdagi gaplarni tilimga chiqarishni o‘zimga ep ko‘rdim. Ha, kasb taqozasi bois yurtimizdan xorij mamlakatlariga ishlash uchun borib kelgan xotin-qizlar bilan suhbatlashganimda, ularning aksariyat qismi oshxonalarda  "idish-tovoq yuvish", ko‘chalarda "supiruvchi" yoki bo‘lmasa bir boyvachchaning uyida "xizmatkor" bo‘lib ishlaganliklarini aytishadi. Qarang-a, ularning birortasi  tayinli ish bilan mashg‘ul bo‘lganliklarini aytisholmaydi. Axir, bunday ishlar o‘z yurtimizda ham tiqilib yotibdiku! Yozin-qishin  ish borku! Mana bitta misol. O‘tgan yili paxta-yig‘im terimida qashqadaryolik terimchi qiz  paxta terib 15 mln. daromad qilganligi butun matbuotda shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Yo‘qsa, shaxsan  men nafaqada bo‘lsamda har yili  mehnat ta’tilim paxta terim mavsumiga to‘g‘ri kelganligi bois, fursatdan foydalanib  mahallamizdagi "Nosir ota Xalilov" fermer xo‘jaligi dalalaridan tonnalab paxta teraman. 

Ha, halol mehnatning mevasi shirin bo‘larkan. Qani endi xorijning "xo‘rozqandi"ni afzal bilgan ayrim opa-singillarimiz bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishsa juda maqbul ish bo‘lardi.

Shundoq ekan, yurtimizning  ayrim oqbilakoyimlariga qarata: "Har joyni qilma orzu, har joyda bordir, toshu tarozi!" demoqchiman. 

Ha, Asalxon mo‘may daromad ilinjida o‘zga yurtlarga qadam ranjida qilmaganda edi, bugun uning peshonasiga QOTIL ONA, degan tamg‘a bosilmasdi. 

Nuriya Po‘latova.

O'qilgan: 326 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: