Boshlovchilik uchun muhimi so‘z. Bundan ham muhimi — KERAKLI vaqtda KERAKLI SO‘Zni aytish! Gapirayotgan mavzuingni ko‘pchilik oldin ham katta davralarda gapirgan yoki odamlarni hayratga solib bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘zingni ovozing, o‘zingni ohangrabong bo‘lmasa odamlarning yodida qolishing tugul sening so‘zing, gapirayotgan gaping shovqinlar ichida qolib ketaveradi. Mavzu dolzarb bo‘lsa-yu, hissiz ohang bo‘lsa uning ta’sirchanligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Uchquduqlik boshlovchi Qobuljon Qurbonovning har bir davrada, har bir tadbirda aytadigan o‘z so‘zi, gapi bor. U nafaqat Uchquduq tumani, balki Navoiy viloyatida o‘tkaziladigan deyarli ko‘pchilik tadbirlarda boshlovchilik qiladi. Undagi jozibali nutq san’ati va boshlovchilarga xos sehrli ovozi kishilar diqqatini o‘ziga torta oladi.
Qobuljon asli xatirchilik. Navoiy madaniyat va san’at kollejini bitirib, 2013 yilda “Uchquduq” madaniyat saroyiga ishga keldi. Bugungi kunda madaniyat saroyining badiiy rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U ikki kasbni bir qo‘lda tutgan, desak xato bo‘lmaydi. Negaki, badiiy rahbar sifatida tashkil etgan tadbirlari nafaqat NKMK ishchi-xodimlariga balki tumanning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan auditoriyasi uchun qiziqarli, barchaga birdek manzur bo‘lmoqda. Boshlovchiligi esa o‘sha tadbirlarga fayz bag‘ishlaydi.
-Yoshligimdan mahoratli so‘z ustasi O‘tkir Siddiqovga taqlid qilardim, – deya xotirlaydi Qobuljon. Men ham katta sahnalarda chiroyli kiyinib chiqib butun zalni o‘zimga qaratsam, so‘zim bilan mahliyo etsam derdim. Shu sohada o‘qish barorida xalqimizning sevimli boshlovchilari bilan tanishdim. Marhum ustozim Rahmatilla Mirzayevning: “Birovning so‘zini birovga yetqazish qanchalik mahorat talab etishini har sahnaga chiqqanda yodga ol”, degan o‘gitlari yodimga tushadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor birinchi ustozim Fotix Jalolovdan o‘rganganlarim bugun ham Uchquduq ahliga qilayotgan xizmatlarimda as qotyapti, –deydi suhbatdoshimiz.
Bugun Qobuljon Qurbonov badiiy rahbarlik qilayotgan “Uchquduq” madaniyat saroyida 14 ta to‘garak faoliyat yuritadi. Milliy raqs, estrada, vokal, xor, folklor singari jamoalarga yuzlab uchquduqlik yoshlar jalb etilgan. Madaniyat saroyi qoshida faoliyat olib borayotgan “Xushchaqchaq” havaskor teatr jamoasi tomonidan “Yodgor”, “Bebaxt orzular”, “Non qadri”, “Ulfatlar nayrangi” spektakllari tomoshabinlarga manzur bo‘lish barobarida teatr san’atiga, aktyorlikka qiziquvchi uchquduqlik yoshlarni sahnada kashf etdi. Ayni kunlarda ijodiy jamoa “Oltin xazina yoxud aqldan ozish hech gapmas” super komediyasi ustida ishlayapti.
Uchquduqda san’atni, madaniyatni sevadigan minglab konchilar, metallurglar, chorvadorlar umrguzaronlik qiladi. Albatta, olis hududlarga taniqli ijodkorlarning doimiy tashrif buyurishi amrimahol. Ammo uchquduqliklar madaniyat saroyining “Yeles” xalq vokal jamoasi xonandalari Banu Iskakovani o‘zining “Yulduz Usmonova”si, Gulnur Qurakbayevani – “Qaraqat Abildina”si, Mag‘jan Saduaqasovni – “Quandiq Raxim”i, xushovoz xonanda Feruz Ibodullayevni esa – “Ozodbek Nazarbekov”i deb biladi. Shu bois, turli millat vakillari do‘st-inoq yashayotgan Uchquduqda qo‘shiqchilar repertuaridan qardosh xalqlar qo‘shiqlari ham o‘rin olgan.
- Madaniyat saroyimizning “San’at” milliy cholg‘u ansambli “Qizilqum san’at g‘unchalari 2019” tanlovida bosh sovrin – gran pri, “Ekspressiya” estrada raqs ansambli o‘tgan 2023 yilda Toshkentda o‘tkazilgan “Art Silk Way” tanlovida gran pri - bosh sovringa sazovor bo‘lishgan. 2021 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Roza Vostoka” xalqaro tanlovida ham faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Xonanda Banu Iskakova esa respublika Botir Zokirov nomidagi “Ofarin” konkursi diplomanti. Bu ijodkorlar poytaxtda yoki katta shaharlarda ijod qilsalar bundan-da katta muvafaqqiyatlarga erishishlari mumkinligini bilishadi. Biroq, bugun Uchquduq xalqi uchun xizmatlari kerakligini tushunishadi va his etishadi,-deydi badiiy rahbar Qobuljon Qurbonov.
Ha, aslida san’atkor, ijodkor uchun xalqning olqishidan katta mukofotning o‘zi yo‘q. Bu mukofotni olayotganlardan biri –“Uchquduq” madaniyat saroyi xodimlaridir.
Yana so‘zni qaxramonim Qobuljon Qurbonov haqida davom ettiraman. San’at sohasidagi ijodkorlikni sen o‘zingga kasb qilib tanlolmaysan. Chunki u Yaratgan tomonidan berilgan ne’mat. Qobul hududda o‘tadigan siyosiy tadbirmi, ko‘ngilochar dasturmi, muhim sanalarga bag‘ishlangan bayram shodiyonalarimi hammasida boshlovchilik qiladi. Uni ana shunday “tushadigan” ovoz bilan siylagan. U esa ana shu qirralarini ochilishida o‘z ishxonasi “Uchquduq” madaniyat saroyining hissasi kattaligidan ayniqsa, madaniyat saroyi direktori yosh iste’dod Po‘lat Amonovdan minnatdor.
“Bugungi kuning qadriga yetish, shukronalik katta davralarning peshtoqiga harflar bilan ilinishidan tashqari, baralla aytiladigan so‘z. Ana shunday so‘zni aytish menga nasib etganidan xursandman. Chunki so‘zgina insonning qalbiga tezroq o‘rnashib oladi. Otam Ziyodulla Qurbonov uzoq yillar biz bolalari uchun mehnat qilib qarilik gashtini surar payti ikki ko‘zidan ajraldi. Bugun bizni faqat ovozimizdan taniydi. Otamning meni ovozimni eshitib qanchalik xursand bo‘lishini yuzlaridan ko‘raman... Onam Saida Qurbonova og‘ir xastalik sabab to‘shakka mixlangan. Har gal ko‘rishga borganimda yoki telefonda gaplashganimda: “Ovozingni eshitib, og‘riqlarim esimdan chiqdi”, desalar xursand bo‘laman. Xalqimizning faqat yaxshi kunida xizmat qilish kasbimning birinchi darajali “qasamyodi”. Va faqat shu uchun duo olaman. Ana shu duolar esa endigina 70 dan sakragan 80 ga yetayotgan onam uchun kifoya qilishini niyat qilaman”, deydi Qobuljon Qurbonov.
Laylo KARIMOVA