Xoh musiqa xoh teatr san’ati bo‘lsin insoniylik tuyg‘ulari namoyon bo‘ladigan bu sohada faoliyat yuritishining ham o‘ziga xos qiyinchiliklari va ta’riflab bo‘lmas zavqi bo‘ladi.
Sohada 22 yillik ish tajribasiga ega Berdiyeva Lobar O‘ktamovna tumanimizdagi 10-son Bolalar musiqa va san’at maktabida teatr to‘garagi rahbari bo‘lib ishlaydi. U 2002 yildan boshlab o‘quvchi yoshlarga odamlarni ezgulikka chorlaydigan, yaxshilikka undaydigan eng go‘zal tuyg‘ularni in’om etadigan teatr san’atidan saboq berib kelmoqda.
Bolalik xotiralarini eslar ekan pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargoh ostonasidan san’at sohasida o‘qiyman, degan qat’iy ahd bilan chiqib ketgan onlarini haligacha entikish bilan yodga oladi. Bugun esa san’atning bir vakili ekanligidan, yoshlikda qilgan qat’iyati bugun shogirdlar kamolida ular erishayotgan yutuqlarda o‘z ifodasini topayotganidan qalbi g‘ururga to‘ladi.
-Garchi, bugun oliy ma’lumotli pedagog bo‘lmasam-da, o‘tgan yillar meni hayotning oliy dargohida tarbiyaladi tobladi,- deydi Lobar Berdiyeva.
O‘zining talabchanligi bilan bir qatorda xushmuomalaligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan qahramonimiz bugun musiqa maktabining sevimli ustozlaridan. Shogirdlari ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari bilan tuman va viloyat miqyosida turli tadbirlarda ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishayotir. Bugun ta’lim berayotgan iste’dodli o‘quvchilari nufuzli sahnalarda bir-biridan ajoyib rollarni ijro etishiga ishonchi baland.
Ha, Lobar Berdiyeva har bir shogirdining yutuqlaridan quvonadi. Shu bilan bir qatorda xalqaro va respublika miqyosdagi tanlovlar sovrindori bo‘lgan jamoasi bilan faxrlanadi. Yoshlikdagi qat’iyati ortidan bugun sevgan kasbi bilan shug‘ullanayotganiga esa mudom shukrona aytadi.