Bugungi kunda yong‘in xavfsizligini ta'minlash har bir tashkilot uchun ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yonuvchan yoqilg‘i-moylash materiallari, elektr tizimlari va texnik vositalar bilan ishlovchi avtomobil transport boshqarmalari uchun bu yanada dolzarbdir. Shu munosabat bilan, joriy yilning aprel oyida Avtomobil transport boshqarmasida yong‘in xavfsizligi holati bo‘yicha rejalashtirilgan tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida bino va inshootlarning yong‘inga qarshi holati, o‘t o‘chirish vositalarining mavjudligi va ishlashga tayyorligi, elektr tizimlarining holati, ishchilarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilim darajasi va evakuatsiya rejalari ko‘zdan kechirildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, boshqarma binolari belgilangan yong‘in xavfsizligi talablari asosida jihozlangan. Xususan, yong‘in o‘chirish moslamalari (ognitushitel), quvurlar, suv ta’minoti tizimlari va favqulodda chiqish yo‘llari soz holatda. Elektr simlari zamonaviy standartlarga mos ravishda tortilgan va haddan tashqari yuklama holatlari kuzatilmagan.
Bundan tashqari, xodimlar bilan yong‘in yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilgan, evakuatsiya sxemalari aniq ko‘rinadigan joylarga joylashtirilgan. Texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari ham yong‘in xavfini kamaytiruvchi choralar bilan jihozlangan.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, avtomobil transport boshqarmasining yong‘in xavfsizligi holati ijobiy baholandi. Shu bilan birga, uzluksiz nazorat, xodimlar malakasini oshirish va zamonaviy yong‘inga qarshi texnologiyalarni joriy etish orqali bu sohada xavfsizlik yanada mustahkamlanadi.
ShKB OYoXTTEBo`limi inspektorlari
kapitan J.A.Shadmanov
oddiy askar I.F.Qilichevlar