Nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, u holda qonuniy vakili) tomonidan birgalikda berilgan arizasi yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDY organida amalga oshiriladi.
Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, FHDY organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi
Alohida hollarda otalikni belgilash haqidagi ariza FHDY organiga bola tug‘ilmasdan oldin ham berilishi mumkin
Bunday holatlarda bola tug‘ilgunga qadar uning tug‘ilgan vaqti va ismi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmaydi.
Bolaning tug‘ilganligi boshqa FHDY organida qayd etilgan taqdirda, oldindan berilgan arizani saqlagan FHDY organi so‘rovnoma bo‘yicha uni qayd etish joyiga yuboradi.
Otalikni ishonchnoma bo‘yicha belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar otalik bolaning tug‘ilganligi qayd etilgandan so‘ng belgilansa otalikni belgilash haqidagi arizaga yoki sudning ushbu masala yuzasidan qaroriga bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinadi.
Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasining mas’ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDY organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.
Onasi vafot etganda, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud onalik huquqlaridan mahrum etilganda, uning yashash joyini belgilashning imkoni bo‘lmaganda voyaga yetmagan bolaga nisbatan otalikni belgilash vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otasining arizasiga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Bunday holatlarda arizaga quyidagi hujjatlardan biri:
onasining o‘limi haqidagi guvohnoma nusxasi;
onasi muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi;
onaning onalik huquqidan mahrum etilganligi to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi;
onaning bedarak yo‘qolgan deb topilgani to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi ilova qilinadi.
Agar bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.
Ota-onaning birgalikdagi arizasi bo‘lmagan taqdirda otalik (agar otasi yoki onasi voyaga yetmagan bo‘lsa) ota-onalardan biri yoki vasiylik va homiylik organining da’vo arizasi bo‘yicha sud tartibida belgilanishi mumkin.
Bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar sud qaroriga asosan kiritiladi. Bu holda FHDY organiga qonuniy kuchga kirgan sud qarori va bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.
Dilzoda Azamatova
Uchquduq tuman FHDY bo`limi 1-toifali inspektori