O`zbekistonda mahkumlarning jazo muddatini kitob o`qish orqali qisqartirishni ko`zda tutuvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ilgari surilayotgan mazkur tashabbus xorijiy tajribaga asoslangan. Unga ko`ra, mahkumlar tasdiqlangan ro`yxatdagi kitoblarni o`qish va imtihon topshirish orqali jazo muddatini qisqartirish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Loyihaga ko`ra:
— 1 ta kitob o`qib, imtihonni topshirgan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqaradi.
— Mahkumlar yiliga ko`pi bilan 10 ta kitob o`qishi mumkin.
— Kitoblarning ro`yxati va mazmuni Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi tomonidan tasdiqlanadi.
Tashabbusning asosiy maqsadi – mahkumlarning bilim va madaniyatini oshirish, ularni ijtimoiy hayotga moslashishga tayyorlash va jazo o`tash jarayonida ruhiy hamda axloqiy rivojlanishga yordam berish.
“Kitob o`qish mahkumlar uchun nafaqat yangi bilim olish, balki o`zini qayta tarbiyalash va jamiyatga moslashish uchun motivasiya yaratadi,” deydi loyiha tarafdorlari.
Tashabbusga ko`ra, mahkumlar faqat kitob o`qibgina qolmasdan, uning mazmunini tushunganligini ham isbotlashi lozim. Buni tekshirish maqsadida belgilangan tartibda imtihonlar o`tkaziladi. Ma`lumot uchun, mahkumlar uchun adabiyotlar ro`yxati, shuningdek, ular o`qishi lozim bo`lgan kitoblar va imtihonlar o`zgarib, yangilanib boradi.