O‘tgan davr mobaynida Respublikamiz iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar, islohotlar, qanchadan-qancha bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligi bevosita Konstitutsiyamizga bog‘liqligi, huquqiy fuqarolik jamiyati qurishda hukumatimizning Konstitutsiya va u asosida qabul qilingan qonunlar asosida faoliyat olib borayotganligi, mustaqilligimiz bilan bir qatorda Konstitutsiyamizning qabul qilinganligini ham har yili nishonlanishi bejiz emas, albatta.
Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizda har qaysi oila va fuqarolarimiz hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bo‘lsa, bularning barchasini Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan talab va qoidalarning hayotimizdagi amaliy ifodasi deb qabul qilamiz.
Konstitutsiyamiz tarixan sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Asosiy qonunimiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.
Shuning bilan birga Konstitutsiyamizdan xalqimizning uzoq o‘tmish davrlardan buyon shakllanib kelayotgan milliy tafakkuri, muqaddas qadriyatlari o‘z aksini topgan, xalqimiz ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik bag‘rikenglik mardlik kabi ulug‘ xislatlar o‘rin olgan.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Konstitutsiyaning g‘oyaviy mag‘zi, ya’ni konsepsiyasi ustida ish boshlab yuborildi. Natijada, 1992-yil bahorida Konstitutsiya loyihasining 149 ta moddadan iborat yangi taxriri ishlab chiqildi va u 1992-yil 26 sentyabrda umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi. Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi nihoyatda keng ko‘lamli bo‘lib, yuksak ijodiy ko‘tarinkilik va ishchanlik kayfiyatida o‘tdi.
U jamiyatimizda chinakam demokratiya qaror topishining yorqin namoyishi bo‘ldi. O‘z ruhi va mazmuni jihatidan muhokama davlat va jamiyat hayotining o‘ta muhim masalalari bo‘yicha butun xalqning umumiy suhbatiga aylanib koldi. Loyihaning qizg‘in hamda manfaatli muhokamasi xalqimizning o‘zi mustaqil O‘zbekiston Asosiy Qonunining bevosita ijodkori bo‘lganligini ko‘rsatdi. Qariyb ikki oy davom etgan umumxalq muhokamasidan so‘ng bildirilgan taklif va mulohazalar umumlashtirildi va loyiha ushbu taklif va mulohazalar asosida qayta tuzatilib, 1992-yil 21-noyabrda muhokamani davom ettirish uchun ikkinchi marotaba matbuotda e’lon qilindi.
Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining irodasini bevosita aniqlash, shuningdeq muhokama davomida to‘plangan boy materiallarni har tomonlama chuqur o‘rganish va umumlashtirish, uni davlatning mujassam Asosiy Qonuni sifatida ifodalash imkonini berdi. Asosiy Qomusimiz mustaqilligimizning mevasi, mahsuli sifatida dunyoga keldi.
1992-yil 8-dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida muqaddima, 6 bo‘lim, 27 bob, 155 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiya qabul qilingan kun 8-dekabr mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Respublikamizda davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab, konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonun-qoidalar vakolat berilgan idoralar tomonidan amalga oshirilishligi, jamiyat va davlat hayotning muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi, respublikada demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishini, ularga ko‘ra inson, uning hayoti erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning so‘zsiz tan olinishi kabi munosabatlar o‘z aksini topgan.
Shuning uchun ham eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, qadr-qimmati to‘g‘risidagi tamoyil Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilgan. Konstitutsiyamizning barqarorligi, uning eng muhim prinsiplari va normalarini har bir O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari to‘g‘ri anglab olmog‘i zarur. Chunki u ma’naviy – madaniy ehtiyojlarni, vatanparvarlik tuyg‘ularini, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqning vijdoni va diyonatini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, biz uchun muqaddasdir.
Shu bois O‘zbekiston Konstitutsiyasi halqimizda vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi, davlatimiz ramzi bo‘lmish O‘zbekiston madhiyasi, bayrog‘i va gerbida o‘z ifodasini topgan baxt saodat sari etaklaydi.
Janagul Bulekbayeva