Senat yalpi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi qonun muhokama etildi.
Qonun bilan 2025 yilga mo`ljallangan soliq—byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari belgilangan. Shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida biznes yuritishni engillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalari ijrosini ta`minlash maqsadida ayrim qonunchilik hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritilmoqda.
2025 yil uchun belgilangan soliq siyosati asosiy soliq stavkalarida qo`shilgan qiymat solig`i 12, foyda solig`ining bazaviy stavkasi 15, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i 12, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5, qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlar uchun er solig`i 0,95, ijtimoiy soliq 12 (byudjet tashkilotlari – 25) foiz, aylanmadan olinadigan soliq esa o`zgarishsiz – 4 foiz miqdorida qoldirilmoqda. Qishloq xo`jaligi erlarini sug`orish va baliqlarni etishtirish (o`stirish) uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 1 kub metrga 100 so`m etib belgilangan.
Qonun qabul qilinishi natijasida tadbirkorlik sub`ektlariga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo`yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinadi.
Qayd etilganidek, soliq siyosatida asosiy soliq stavkalarini o`zgarishsiz saqlab qolgan holda aholini sog`lom turmush tarziga jalb qilish hamda atrof-muhitni himoya qilishni rag`batlantirish yo`nalishlari nazarda tutilmoqda.
2025 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlar uchun soliq yukini kamaytirish orqali qulay biznes muhitini yaratish maqsadida mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig`i bekor qilinmoqda hamda barcha nashriyot va matbaa korxonalari 2025 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar foyda solig`idan ozod etilmoqda.
Qonunda xalq deputatlari mahalliy kengashlarining mahalliy byudjetga oid vakolatlari kengaytirilgan. Ularga tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat`iy soliq stavkasini eng kam va eng yuqori stavkalar (diapazonda) doirasida belgilash hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda noruda qurilish materiallari bo`yicha er qa`ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffisientlar qo`llash vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar ma`qullagan qonunda byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda sog`lom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni rag`batlantirish masalalariga e`tibor qaratilgan.