Gijja insonning eng ashaddiy dushmani hisoblanadi. Ularning 200dan ortiq turlari mavjud.
Gijjalarning aksariyat turlari odamning oshqozon-ichak yo‘lida parazitlik qiladi. Oshqozon-ichak yo‘lida parazitlik qiluvchi gijjalarning uzunligi turiga qarab 6 mm dan 4-6 metr, hatto undan ham uzun bo‘lishi mumkin. Gijjalarning ba ‘zi turlari esa, odamning jigari, o‘t qopi, o‘pka, miya yoki mushak to‘qimalarida parazitlik qilib yashaydi, ular yillar davomida kattalashib, a’zo va to‘qimalarning faoliyatini buzilishiga olib keladi. Gijjalar organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin, oqsil, kalsiy, uglevod hamda yod kabi boshqa kerakli elementlarni o‘zlashtiradi. SHuning uchun gijja kasalligiga chalingan odam quvvatsiz, rangsiz bo‘lib qoladi. Organizmni o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur oziq modalar, elementlarning etishmasligi oqibatida bolalar jismoniy o‘sishdan orqada qoladilar. Aqliy rivojlanishi susayadi. Intellektual o‘zlashtirish, eslab qolish qiyinlashadi. Organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi (immuniteti) pasayib, har xil turdagi yuqumli kasalliklarga chalinish moyilligi ortadi. Suyaklar mo‘rtlashib, umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, shuningdek, terida oq dog‘lar paydo bo‘lishi kabi holatlarga olib kelishi mumkin.
Gijjalar tirik organizmlardir. Hayoti davomida ajratadigan chiqindilari va ularning o‘limi natijasida hosil bo‘ladigan qoldiq mahsulotlar qonga so‘rilib, bir tomondan odam organizmini zaharlasa, ikkinchi tomondan allergik ta’sir ko‘rsatadi.
Gijjalar turiga qarab inson organizmida bir necha haftadan 40 yilgacha, ba’zida esa undan ham uzoq yashashi mumkin.
Agar bola;
- ovqatlanishidan qatiy nazar, ozib ketsa;
- ranglari oqarib, nimjon bo‘lib qolsa; -
- asabiylashadigan bo‘lib qolsa, injiqlansa;
- uxlaganda tishlarini g‘ijirlatsa va og‘zidan ko‘p so‘lak oqsa;
- qorni og‘risa, ko‘ngli aynisa zudlik bilan vrachga murojaat etish zarur.
Kasallikdan sog‘ayish uchun, albatta kaysi gijja kasalligini yuqtirganligini aniqlash hamda davolanishni to‘g‘ri tashkil etish juda muhimdir. Bir kishida bir vaqtning o‘zida bir necha gijja kasalligi bo‘lishi mumkin.
Gijja kasalligi sog‘lom odamga, gijja kasalligiga chalingan bemorlardan yuqadi. Bemorlar najasi bilan gijjalarni tashqi muhitga ajratadi. Gijjalarning aksariyat qismi oshqozon-ichak yo‘li orqali, «iflos qo‘l» bilan ovqatlanganda, qaynatilmagan suvni ichganda, meva va sabzavotlarni yuvmay iste’mol qilish oqibatida yuqadi. Kasallikni yuqtirishda pashshalar ham katta rol o‘ynaydi.Ba’zi gijja kasalliklari esa, kasallikka chalingan chorva mollarining go‘sht yoki jigarini iste’mol qilish oqibatida o‘tishi mumkin. It yoki mushuk kabi uy hayvonlari kasallikni tarqatuvchi manba bo‘lib hisoblanadi.
Odamlarda, ayniqsa maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan gijja kasalliklaridan biri - enterobioz kasalligidir. Kasallikni uzunligi 1sm bo‘lgan mayda oq gijjalar ostritsalar qo‘zg‘atadi. Bu gijja ingichka ichakning yo‘g‘on ichak bilan birikkan joyida yashaydi, Kechasi, bola uxlaganda gijjalar orqa chiqaruv teshigidan chiqib, oraliq soha, qiz bolaning jinsiy a’zosiga tuxum qo‘yadi. Har bir urg‘ochi ostritsa 12000 dan -17000 gacha tuxum qo‘yishi mumkin. Tuxum qo‘yilgan sohalar qattiq qichib, bolani juda bezovta qiladi. Bola orqa chiqaruv yo‘li va uning atrofini qo‘llari bilan qashishi natijasida tirnoqlari tagiga ko‘p miqdorda ostritsa tuxumlari yig‘iladi. Bola qo‘lini og‘ziga solganda, barmoqlarini so‘rganda, tirnoqlarini tishlaganda kasallikni o‘zlariga takroriy ravishda yuqtiradilar.
Ko‘pchilik hollarda yuqish jarayoni uzluksiz bo‘lgani uchun kasallik surunkali kechadi. SHu bilan birga bola kasallikni o‘z oila a’zolariga, o‘rtoqlariga yuqtiradi. Qo‘yilgan tuxumlardan 4-6 soatdan keyin lichinkalar chiqadi. Lichinkalar ichakda etuk ostritsalarga aylanadi. Agar bola enterobioz kasaliga chalingan bo‘lsa, ularni ichki kiyimlari, choyshablarini qaynating, so‘ngra yuvib, dazmollang. Ertalab va yotishdan oldin orqa chiqaruv sohasini iliq suvda sovunlab yuving, shundan keyin ichki kiyim va choyshablarni almashtiring.
Gijja kasalligiga chalinmaslik uchun:
- Hojatdan so‘ng, yumushlardan keyin va ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuving.
- Meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvib iste’mol qiling.
- Faqat qaynatilgan suvni iste’mol qilishga odatlaning.
- Bolalarni bir-birilarning ichki kiyimlaridan foydalanmaslikka o‘rgating. Ularda qo‘lni, o‘yinchoqlarni va boshqa predmetlarni og‘izga solish, tirnoqlarni tishlash kabi yaramas odatlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymang.
- doimo olib yuring.
- Bolalar tuvagi, eshik ushlagichlari, qo‘l yuvish jo‘mraklarini va umuman qo‘llar bilan tez-tez ushlanadigan joylarni kuniga 5-6 marta yuvib turing.
- Go‘sht, jigar va boshqa ichki a’zolarni xarid qilayotganingizda ularning sifatiga ahamiyat bering.
- Taomlarni etarli darajadagi issiqlik ishlovidan o‘tishiga ahamiyat bering.
- Xom qiymani va boshqa go‘shtli mahsulotlarni xomligida tatib ko‘rmang.
- Pashshalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymang.
- Iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ustini ochiq qoldirmang. Pashshalarni qo‘nishini oldini olish uchun, ustini doka bilan yopib qo‘ying. Birgina pashsha tanasi va qanotida minglab gijja va uning tuxumlari hamda boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni tashiydi.