Tasodifiy beriladigan avtoraqam, Sayxunobodda eksperiment va lavozimi o‘zgarayotgan “zamhokim”lar – 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti 2024 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tdi.
Foto: Kun.uz
Avtomobil davlat raqamlarini berish tartibi o‘zgaradi
1 avgustdan boshlab avtomobillarga davlat raqami belgilari tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 17 iyul kuni qabul qilingan qarorida so‘z boradi.
Hozirgi tartib bo‘yicha davlat raqami belgilari o‘sib boruvchi raqamlash ketma-ketligi bo‘yicha berilmoqda («chiroyli raqamlar» bundan mustasno, ular auksion orqali sotiladi).
Yangi tartibga ko‘ra, davlat raqamlari Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining «Davlat raqam belgilari» moduli orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Tibbiyot chiqindilari muqobil energiyaga “aylantiriladi”
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda Sayar LLC kompaniyasi (investor) tomonidan “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida Sayar green mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona (loyiha kompaniyasi) ta’sis etilgani keltirilgan.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida investor, loyiha kompaniyasi va hukumat nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlangan.
2024 yil 1 avgustdan:
tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilari to‘liq hajmda loyiha kompaniyasiga topshiriladi;
loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi ta’minlanadi. Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.
Investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilarini loyiha kompaniyasiga to‘liq yetkazib berish bo‘yicha talabga rioya etmaslik sanitar osoyishtalik va chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish davomida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik hisoblanadi.
Sayxunobodda 1 yillik eksperiment
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 2024 yil 1 avgustdan 2025 yil 1 avgustga qadar huquqiy eksperiment o‘tkaziladi. Eksperiment doirasida tumandagi yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlarining 10 foizi hamda «mahalla yettiligi» o‘z hududida tadbirkorlikni sub’yektlari tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlariga rasmiylashtirilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qo‘shimcha tushgan 50 foizi mahalla budjetiga yo‘naltiriladi.
Bunda:
ushbu band qoidalari yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan tushumlarga hamda budjet tashkilotlarida yaratilgan ish o‘rinlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
mazkur bandda ko‘rsatilgan daromadlar moliya yili uchun belgilangan ajratma me’yorlariga muvofiq tegishli viloyat va tuman (shahar) mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan hisobot choragidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar tuman mahalliy budjetlari orqali mahalla budjetiga yo‘naltiriladi;
Sayxunobod tumani «mahalla yettiligi» o‘z hududida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlariga rasmiylashtirilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qo‘shimcha tushgan 50 foizini mahalla budjetiga yo‘naltirish tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Raqamli kriminalistika institutiga bir qator huquqlar beriladi
Prezidentning 2024 yil 21 iyundagi tegishli qarori bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilish ko‘zda tutilgan.
2024 yil 1 avgustdan mazkur institutga quyidagi huquqlar beriladi:
➖raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlar o‘tkazish;
➖jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish hamda o‘rganilgan ma’lumotlar bo‘yicha xulosalar tayyorlash;
➖raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni zamonaviy raqamli kriminalistika ekspertiza turlari bo‘yicha masofaviy va an’anaviy tarzda o‘qitish;
➖raqamli kriminalistika faoliyatini amalga oshirish hamda maxsus kriminalistika laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish uchun shartnoma asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
➖ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari doirasida hamda texnik vosita va butlovchi ehtiyot qism sifatida foydalanish uchun Ichki ishlar vazirligida yuritiladigan raqamli axborot tashuvchi qurilmalar (mobil telefon, smartfon, planshet, kompyuter texnikasi, videoregistrator, qattiq disk, flesh xotira va tashqi jamlagichlar) kolleksiyasidan foydalanish;
➖ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur bo‘lgan statistik va boshqa axborotni vazirliklar va idoralardan bepul asosda so‘rab olish.
Ayrim “zamhokim”larning lavozimi o‘zgaradi
2024 yil 19 iyul kuni davlat rahbarining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Hujjat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning xavfsiz va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun qulay muhit yaratish va mazkur sohaga yangicha yondashuvlarni joriy etish nazarda tutilgan.
Xususan, qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan boshlab:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimlarining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi — qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga;
Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi — hokimning qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘zgartiriladi.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan boshlab doimiy ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslar imkoniyatlari, ular erishgan yutuqlar to‘g‘risida videorolik va targ‘ibot materiallari tayyorlanib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilinadi. Qolaversa, kino mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun davlat buyurtmalari bo‘yicha e’lonlar talablariga ssenariyda majburiy ravishda nogironligi bo‘lgan shaxs ishtirokidagi epizodlar mavjud bo‘lishi bilan bog‘liq talab kiritiladi va tanlovlarda inobatga olinadi.
Boshqa o‘zgarishlar
2024 yil 1 avgustdan boshlab:
kichik sanoat zonalari ishtirokchilari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik sub’yektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlari bajarilgani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari huzuridagi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar tomonidan majburiyatlarni bajarish muddati tugagandan so‘ng uch oy ichida qabul qilinadi, amalga oshirish muddati 2024 yil 1 avgustga qadar tugagan loyihalar bundan mustasno;
turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish obektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi;
pedagog kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatgani uchun undiriladigan yig‘imlardan Maktabgacha va maktab vazirligiga o‘tkaziladigan qismning 50 foizi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markaziga yo‘naltiriladi;
boshlang‘ich narxi bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha bo‘lgan davlat aktivlarini, yer uchastkalarini hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning mulklarini sotish va ijaraga berish bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron onlayn-auksion savdolari jarayonida, ishtirokchilar tomonidan uchinchi qadamdan boshlab shaxsiy hisobvarag‘ida kamida ularning narx taklifiga nisbatan amaldagi zakalat miqdoridagi summaga ega bo‘lish tartibi kiritiladi. Bunda, ushbu mablag‘lar zakalat sifatida hisobga olinadi;
xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi;
alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, maktab-internatlarda qisqa muddatli ta’lim va tarbiya berishga mo‘ljallangan «G‘amxo‘rlik» guruhlari tashkil etiladi;
metall, shu jumladan, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash boshlanadi.