Qonunchiligimizda koʻp kvartirali uyning yertoʻlasidan foydalanish, saqlash tartibi, foydalanishda belgilanadigan asosiy talablar, yertoʻlada shugʻullanish mumkin boʻlgan va mumkin boʻlmagan faoliyat turlari, shuningdek, yertoʻladan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari bor.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu haqda batafsil tushuntirish berdi.
– Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yil 7 noyabrdagi «Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida»gi qonunning 13-moddasi birinchi qismiga asosan umumiy mol-mulk joylarning mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻlishi belgilangan.
Ushbu moddaning oltinchi qismida esa umumiy mol-mulkning ayrim qismlari umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida boshqa shaxsga berilishi mumkinligi belgilangan.
Demak, uyda yashovchi barcha mulkdorlarning roziligini olgan taqdirdagina podvalni oʻz nomingizga oʻtkazishingiz mumkin boʻladi. Aks holda u yerni egallashingiz noqonuniy hisoblanadi.
Yana shuni taʼkidlash lozim, ushbu moddaning yettinchi va sakkizinchi qismiga binoan: umumiy mol-mulk, agar uning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun oʻtkazilishi boshqa mulkdorlarning oʻz mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan boʻlsa, boshqa shaxsga berilishi yoxud bir yoki bir nechta mulkdorga yoki boshqa shaxslarga foydalanish uchun oʻtkazilishi mumkin emas.
Tayanch va toʻsiq konstruksiyalarni, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻrama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari hamda qurilmalari va boshqa uskuna hamda qurilmalarni boshqa shaxsga berish taqiqlangan.