O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 404-moddasiga ko’ra, ayolga tug‘ruqqacha 70 kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda 70 kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qaroriga 1-ilova “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 22-bandiga ko’ra, qaramog‘ida 16 yoshga (o‘quvchilar 18 yoshga) yetmagan 3 yoki undan ortiq bolalari bo‘lgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qat’i nazar, o‘rtacha ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.
E’tibor bering 16 yoshga (o‘quvchilar 18 yoshga) yetmagan 3 yoki undan ortiq bolalari bo‘lgan xodimlarga bolnichniy puli 100% to’lanadi. Dekret pulini 75% yoki 100% to’lash bolalar soniga bog’liq emas, balki xodimning ishga qabul qilingan kundan keyingi stajiga ibog’liq!
Nizomning 35-bandiga ko’ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar xodim:
ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish stajiga ega bo‘lganda — o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi;
ishga qabul qilingan kundan 12 oy ortiq ish stajiga ega bo‘lganda — o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.
Diqqat etibor bering, umumiy ish staj haqida emas, aynan ishga qabul qilingan kundan keyingi staj haqida gap ketmoqda. Ya’ni aytaylik, 10 yillik ish stajiga ega ayol, boshqa yangi ishga qabul qilindi va oradan 6 oy o’tgach dekretga chiqdi, dekret puli 75 % to’lanadi.
Uchquduq tuman Adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Shodiyeva Nafisa Minboy qizi