Endilikda avtomototransport vositasini tasarruf etish ishonchnomasini shahodatlash uchun notariusga borish shart bo‘lmaydi.
Notarial idoraga bormagan holda amalga oshiriladigan notarial harakat turlari ko‘paydi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, endilikda fuqarolar:
— er va xotinning umumiy mol-mulkni, shu jumladan ko‘chmas mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzish uchun xotin (er)ning rozilik arizasini;
— avtomototransport vositasini tasarruf etish (sotish, hadya, qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish va boshqa turdagi tasarruf qilish) ishonchnomasini;
— hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlashni videokonferensiya orqali (onlayn) notarial rasmiylashtirishlari mumkin.