Tuman markazidan o‘ttiz besh kilometr uzoqlikdagi “Sharqiy” ochiq usulda qazib olish koni. Dunyo e’tirof etgan sof va sifatli oltin shu tuproq ostida uxlamoqda. Ilm sohiblarining sa’y-harakatlari va konchi azamatlarning mashaqqatli mehnatlari ma’danni uyg‘otib, metallurglar qo‘liga tillo bo‘lib tug‘ilmoq uchun yuboriladi.
Ona Vatan iqtisodiyotini mustahkamlash yo‘lidagi fidokorona mehnatni ham va ushbu mehnatlarga yarashiq rag‘batni ham kombinat bo‘linmalaridagi xodimlar yuz-ko‘zidan,
yurish-turishidan, gapni po‘stkallasini aytganda, olayotgan maoshidan anglash qiyin emas. Tafakkuri va shukri uyg‘oq odamga biydek sahrodami yo zangori vohadami qayerda bo‘lmasin, quyosh bilan boshlangan har bir tong baxt va farovon hayotni xis etish uchun yetarli! Zero, ne’matni anglash uchun insondan ko‘p narsa talab etilmaydi, qalbni shukur bilan ziynatlasak bo‘lgani! Maqolamiz qahramoni ham samimiyat va oddiylik libosi ichra qalbi shukurdan naqsh olgan inson, konchi azamatlar bilan bir safda mehnat qilishdek mas’uliyatli kasbi bilan faxrlanadigan xodima, ajoyib ona va yaxshi turmush o‘rtoqdir.
Zuhraxon Abdurahmonova 1976 yilda gul vodiyning Andijonida tug‘ilgan. U oiladagi o‘n bir nafar bolaning beshinchisi bo‘lib, Fotimaga ergashib dunyoga kelgan. Otasi avtobus haydovchisi, onasi uy bekasi, o‘sha davrning kolxoz dalalarida dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oddiy o‘zbek oilasida katta bo‘ldi, biroq, qo‘li rul chambaragida, ko‘zi-e’tibori yo‘lda bo‘lgan shofer otasining qalbi ilm-ma’rifatga, ziyoga chog‘langan edi. Shu jihatdan ham halol rizq, go‘zal axloq, odamiylik kabi fazilatlar bu nuroniy otaxondan dilbandlariga qoldirilgan eng yaxshi meros bo‘ldi. Bog‘chadan so‘ng, yetaklashib maktabga borishgan Fotima va Zuhrani avval, yoshi yetmaydi, deya birinchi sinfga qabul qilishmagan, ammo ikki qizaloqning yig‘isi maktab direktorining qarorini o‘zgartirib, o‘sha yili o‘quvchi bo‘lishgan ekan. Egizaklar maktab bilan birga zilol dalalarda mehnatda chiniqdilar, uy ishlaridan tashqari, kolxoz dalalarida, suvi mo‘l qishlog‘iga tutash qo‘shni Qirg‘iziston tomonlarda sholi ekishgani, paxta terganlari gashtli mehnat bo‘lganini bugun ular kulib-kulib eslaydilar. Yoshlikdagi mehnatga chiniquv bugungi baxt va rohatga yo‘l ochgan bo‘lsa ajab emas!
Uchquduqqa, Rohatoy ismli jiyanini ko‘rgani kelgan Zuhraxonning keyingi taqdiri mana shu bepoyon cho‘llar bilan tutashib ketdi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Ravshanbek Zuhraxondek odobli qizni qo‘ldan chiqarmadi, Andijonga sovchi yubordi. O‘zbekchiligimizda qizni yaxshi joydan qoldirmaslik zarur, kabi yozilmagan qoidalarimizga muvofiq, Uchquduqdan – yaxshi insonlarning farzandidan kelgan sovchi oq ro‘molcha bilan qaytganida vodiy va Qizilqum orasidagi masofalar qisqarib ketdi go‘yo! 1995 yilda turmush qurdilar, birin-ketin qiz-o‘g‘illar dunyoga kelishdi. Zuhraxonning oila va farzandlar bilan o‘ralashib qolgani, bundan tashqari, kombinat tizimida rusiyzabon muhit hukmronligi bois ham ishlab ro‘zg‘orga ko‘maklashish to‘g‘risida orzu qilishga vaqti bo‘lmadi.
Shu o‘rinda, ulug‘larning rahnamo etib tanlanishi ortida Yaratganning bandalariga bo‘lgan beqiyos mehribonligi borligiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. O‘zbekiston Qahramoni, “NKMK” AJ boshqaruv raisi – bosh direktorimiz Quvondiq Sanaqulovning kombinat bosh direktori etib tayinlanishi bu ulkan korxonada shu tuproqda tug‘ilgan minglab qorako‘zlarning ham faoliyat yuritishlari kafolati bo‘ldi, desam haq so‘zni aytgan bo‘laman. Zuhraxon kabi ilmga ixlosi bor, biroq ushbu salohiyatini rivojlantirishga sharoiti bo‘lmagan juda ko‘plab xotin-qizlar bosh direktorimizning xalqchil boshqaruvi ostida Navoiy kon-metallurgiya kombinatidek gigant korxonada ishlash baxtiga muyassar bo‘ldilar.
Kombinat har bir xodimiga imkoniyatlar eshigini ochadigan manzil. Qulayliklari ham bu qutlug‘ dargohning hududlaridek bepoyon! Ana shunday imkoniyatlardan biri – xodimlarni kasbga o‘qitishdir. 2007 yilda “Sharqiy” koniga ishga qabul qilingan Zuhraxon Abdurahmonova ushbu imkoniyatdan foydalanib, boshqaruv pulti operatori kasbi bo‘yicha ta’lim oldi va hozirga qadar 11-sonli ma’danni maydalash va boyitish uchastkasida mehnat qilmoqda. Qahramonimiz faoliyati davomida hamkasblari bilan xushmuomala va samimiy. Bir qarashda, bu nozikta’b ayolning oltinni dunyoga keltirish jarayoniga qanday bog‘liqligi bor, dersiz?
Shovqindan qulog‘ingiz qomatga keladigan kompleks joylashgan 11-sonli ma’danni maydalash va boyitish uchastkasida bo‘lganimda uning ishlash jarayonini kuzata turib, ona zamin bag‘ridagi oltinini osonlikcha berib qo‘ymasligiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Tasavvur qilyapsizmi, yaydoq cho‘l va bu had-hududsiz kengliklarda tabiatning injiqliklari ham chegara bilmas, yozning jaziramasi, qishning ayovsiz sovuqlari betutqin! Biroq, Yaratganning inoyati bilan insonga berilgan yuksak salohiyat, o‘tkir iste’dod va ilmiy iqtidorning ham oxiri ko‘rinmas! Ana shu iqtidorning in’ikosi o‘laroq, ilm va texnologiya uyg‘unlikda bunyod etilgan uchastkada ish jarayoni zanjir kabi uzviy. Kar’yer hududlaridan qazib olinib, alpqomat texnikalar tashib kelgan toshlar ushbu uchastkaning kompleks texnologiyasi ko‘magida maydalanib, saragi sarakka, puchagi puchakka ajratiladi. Qabul qilish bunkeri undan so‘ng katta-kichik toshlar maydalash qurilmasiga uzatiladi. Qurilmada musht yeb maydalangan toshlar endi konveyer lentasida erkalana-erkalana elakka duch keladilar. Men badiiyat jihatidan mubolag‘a bilan tasvirlayotganim – g‘oyat mas’uliyatli va ilmiy-texnologik jarayon Zuhraxon Abdurahmonova, Ulbosin Igimbekova, Go‘zal Ramazonova va Zina Zarbusinova kabi nozik xilqat vakilalarining nafis barmoqlari orqali avtomatlashtirilgan dastur yordamida boshqariladi. Nazorat qilinadi va kuzatib boriladi.
-Yurt iqtisodi kutayotgan oltinni saralash yo‘lida birgina diqqatning chalg‘ishi yohud soniyacha e’tiborsizlik kechirilmasdir,- deydi Zuhra opa, ish jarayonidan ko‘zini uzmay.
U shu qadar mas’uliyat va zavq bilan ishga sho‘ng‘ib ketganidan bizning qulog‘imizga yoqmayotgan kompleks shovqinini-da, havoda uchayotgan changlarni-da ko‘zga ilmaydi. Aksincha, ko‘z o‘ngida yuksalayotgan xirmonga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganidan huzur tuyib mehnat qilmoqda.
Bejiz yuqorida mitti Zuhra va Fotimaning birinchi sinfga qadam qo‘yishlaridagi “yig‘loqiliklarini” keltirmadim. Ko‘nglida ilm olishga rag‘bati, informatika, axborot texnologiyalariga mayli kuchli bo‘lgan Zuhraxon Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilgan inson qadri siyosati, millat qizlari va ayollarining ma’rifatli, oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilgan qulay islohotlar sabab, 2022 yilda 46 yoshida talabalik baxtiga yetdi.
Hartugul, Zuhra opa bir etak nevaralar qurshovida qolganida talaba bo‘lishni yoki ulkan ilm va texnologiya qad rostlagan korxonada ishlashni, qulog‘idagi tillo halqasining shu shaklga yetguniga qadar kechadigan ulkan mehnatni tush ko‘rmagan, hayol qilmagan! Biroq mehnatning rag‘batiga shukur ortidan keladigan moʻjizalarga ishongan. Uning kasbi ortidan topgan baxti haqiqatan ham moʻjiza!
Bugun, birgina uning misolida kombinatning ko‘plab moʻjizaviy taqdir sohibalari – baxt egalari haqda birozgina to‘xtaldik xolos. Kompleksning ish jarayoniga singib ketgan Zuhra opani ko‘p bezovta qilmay, xayrlashib yo‘lga chiqdim.
Kondan qaytarkanman, avtobus oynasidan ukpar bulutlarga termulgancha sanoat maydonlarida mehnat qilayotgan To‘marismonand, Zebochehra, Uvaysko‘ngil opa-singillarimiz uchun beg‘ubor tilaklarimni shaffof bulutlardan yasalgan qanotlarga bog‘lab, Yaratgan huzuriga yo‘llab qo‘ydim. Axir, muslim bandaning boshqa bir dindoshi uchun qilgan yaxshi niyati ijobat, bu – va’da! Va’da ortida esa moʻjizalar bor!
Nilufar Muydinova,
Shimoliy kon boshqarmasi mutaxassisi.