Profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, uzoq muddatga chiqib ketganlar bilan hamkorlikdagi ishlarni manzilli olib borish, hamda Prezidentning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori da belgilangan vazifalar to‘g‘risida masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishni tuman hokimi S.F.Xamroyev boshqarib bordi. Unda Uchquduq tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari ham ishtirok etdi.
Zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun vaqtinchalik boshpanalar yaratiladi
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpanalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda. 2024 yil 1 iyundan boshlab:
• “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
• xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining 102 telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
• xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
• profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
• tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;
• rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar “Inson” markazlariga real vaqt rejimida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda hududiy markazlarga qarashli 14 ta namunali tumanlararo markazning mavjud shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi to‘liqligicha hududiy markazlarga o‘tkazilgan holda tugatiladi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI