2024-2025 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda har bir viloyatda bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 10-11-sinf o‘quvchilarini pedagog kasbiga tizimli tayyorlash uchun pedagogik sinflar tajriba-sinov tariqasida tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini pedagog kasbiga maqsadli tayyorlash va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024-2025 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda har bir viloyatda bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 10-11-sinf o‘quvchilarini pedagog kasbiga tizimli tayyorlash uchun pedagogik sinflar tajriba-sinov tariqasida tashkil etiladi.
Maktablarga pedagogika bo‘yicha mashg‘ulotlarni tashkil etish jarayonlarida tegishli hududdagi pedagogika oliy ta’lim muassasalari yordam beradi.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida pedagogik sinflar uchun alohida o‘quv dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Pedagogik sinflarni tamomlagan bitiruvchilarga shahodatnoma hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi yordamchisi kasbi bo‘yicha ishlash huquqini beruvchi davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagogik sinflari tashkil etilgan maktablar va biriktirilgan pedagogika oliy ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga metodik yordam ko‘rsatadi.
Hujjat bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagogik sinflarni tashkil etish va bitiruvchilari bandligini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
pedagogik sinflarni tashkil etish tartibi;
maktablar va pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari hamkorligi;
pedagogik sinflar bitiruvchilariga tegishli kasb bo‘yicha ishlash huquqini berish.