Tuman hokimligi kichik majlislar zalida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilgan ishlarning tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Uchquduq tuman hokimi S.F.Xamroyev rahbarligida tashkil etilgan yig‘ilishda tuman markazidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari, kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi xodimlar hamda sanitariya-epidemiologiya tuman bo‘limi mas’ullari ishtirok etdi.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 1,2,5,10,12 va 14-DMMTlari oshxonasida sanitariya-epidemiologiya tuman bo‘limi mas’ullari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari tahlil qilindi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan qator kamchiliklar jumladan, meva va poliz mahsulotlarining yaroqlilik sertifikati mavjud emasligi, muzxonalarda baliq va go‘sht mahsulotlari aralash saqlanayotganligi va boshqa sanitar normalar qo‘pol ravishda buzilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning rivojlanishi, ta’lim va tarbiya olishi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratish uchun nazoratni kuchaytirish ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishiga alohida e’tibor qaratish zarurligi, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, shu jumladan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham yuqorida keltirilgan masalalarga e’tibor qaratib faoliyat yuritishlari so‘zga chiqqan mutaxassislar tomonidan aytib o‘tildi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI