Ayolning homiladorlik vaqtidan bola bir yoshga kirgunicha nikohdan ajratish toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilmaydi
O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 39-moddasiga ko'ra, erning nikohdan ajratish to'g'risida talab qo'yishini man etadigan hollar; xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug'ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to'g'risida ish qo'zg'atishga haqli emasligi belgilangan.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi 06-sonli "Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo'yicha qonunchilikni qo'llash amaliyoti to'g'risida"gi qarorining 6-bandiga ko'ra, garchi u tug'ilish to'g'risidagi yozuvlar daftarida bolaning otasi sifatida yozilmagan bo'lsa ham, haqli emasligi, mazkur qoida bola o'lik tug'ilgan yoki bir yoshga to'lmay vafot etgan hollarga ham tatbiq etilishi belgilangan.
Xotinning nikohdan ajratish to'g'risida ish qo'zg'atishga roziligi bo'lmagan hollarda, sudya da'vo arizasini qabul qilishni rad etadi, agar u qabul qilingan bo'lsa, sud FPK 122-moddasining 8-bandiga asosan arizani ko'rmasdan qoldiradi. Nikohdan ajratish to'g'risidagi ariza xotinning roziligi bilan qo'zg'atilgan ishni sud majlisida ko'rish vaqtida u nikohdan ajratishga e'tiroz bildirganda, shuningdek javobgarning homiladorligi va uning nikohdan ajratishga roziligi yo'qligi ishni apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasida ko'rish vaqtida ma'lum bo'lganda ko'rmasdan qoldirilishi lozim.
Nikohdan ajratish haqidagi da'vo arizasining ko'rmasdan qoldirilishi, agar Oila kodeksining 39-moddasida ko'rsatilgan holatlar barham topgan bo'lsa, takroriy ravishda sudga nikohdan ajratish haqida da'vo arizasi bilan murojaat qilishga to'sqinlik qilmaydi.
Shuni nazarda tutish lozimki, Oila kodeksining 39-moddasida ko'rsatilgan holatlar mavjudligi nikohdan ajratish to'g'risidagi da'vo xotin tomonidan qo'zg'atilishiga to'sqinlik qilmaydi.
Uchquduq tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Shodiyeva Nafisa Minboy qizi