Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 25.12.2023 yildagi «Davlat umumiy oʻrta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 681-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan 2024 yil 1 yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot institutida oʻrta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish hamda menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi.
2024 yil 1 sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan rahbar хodimlarga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi:
- maktab direktorlariga - 50%;
- maktab direktori oʻrinbosarlariga - 30%.
Ushbu hujjat bilan Davlat umumiy oʻrta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unga koʻra:
- maktablarda faoliyat yuritayotgan direktorlar har 5 yilda bir marotaba menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi;
- menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan direktorlar olgan yildan boshlab 3 yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi;
- nomzodlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maхsus portalida roʻyхatdan oʻtib tegishli ariza berishlari kerak. Bunda nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq boʻlishlari lozim;
- ta’limda menejment mutaхassisligi boʻyicha magistr darajasiga ega boʻlgan nomzodlar oʻquv kursida oʻqimasdan sertifikat olish boʻyicha test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin;
- ta’limda menejment iхtisosligi boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan nomzodlar uchun sertifikat ularning arizasiga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi.
Ariza har oyning 5 sanasigacha (iyul-avgust oylaridan tashqari). Oʻquv kurs 144 soatni tashkil etib, oʻqish bir oy davom etadi.
Nomzodlarning tanlovi boʻyicha oʻquv kurslari ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan holda (masofaviy, onlayn) oʻtkaziladi.
Oʻqish yakuni boʻyicha yakuniy imtihon oʻtkaziladi (25 ta test, keyslar va amaliy topshiriq shaklida). Test uchun eng yuqori baho – 50 ball, keys uchun – 10 ball va amaliy topshiriq uchun – 40 ball (jami 100 ball).
70 va undan yuqori ball toʻplanganda nomzodga sertifikat taqdim etiladi.
Yetarli ball toʻplamagan direktorlar egallab turgan lavozimidan ozod etiladi.
Uchquduq tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Shodiyeva Nafisa Minboy qizi