Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabrigida 2024-yilda ish haqi, pensiya, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishini maʼlum qildi. Xo‘sh, bu yil mazkur to‘lovlar uchun davlat budjetidan qancha mablag‘ sarflanadi?
Joriy yilda davlat budjetidan ish haqi (ijtimoiy soliq bilan), stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar uchun jami 177,1 trillion so‘m ajratiladi. Bu haqda “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan. Mazkur miqdor jami davlat budjeti xarajatlarining 56,6 foiziga teng.
Qonunda bu yilgi ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek, ayrim xizmatlar turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun qo‘shimcha 9,5 trillion so‘m ajratilishi belgilangan.
Xarajatlarning eng yirik miqdori ish haqi va ijtimoiy soliq xarajatlariga — 129,1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Stipendiyalarga 1,9 trillion so‘m, ijtimoiy nafaqalarga 18,6 trillion so‘m ajratiladi.
Joriy yildagi ish haqi, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar uchun xarajatlar miqdori o‘tgan yildagidan 26,6 trillion so‘m ( 2023-yildagi ko‘rsatkich 150,5 trillion so‘m) ko‘p bo‘lishi rejalashtirilgan.
Budjet qonunchiligiga ko‘ra, 2024-yilda Pensiya jamg‘armasiga 16 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi (2023-yildagi miqdor 15 trillion so‘m). Prognoz qilinishicha, 2025-yilda jamg‘armaga 19 trillion so‘m, 2026-yilda esa 23 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.