O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq hamda bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risi”da qaror qabul qildi hamda reglament tasdiqlandi.
Reglamentga asosan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi quyidagicha belgilandi: Ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar), bolalarning yaqin qarindoshlari (bobosi, buvisi, voyaga yetgan akasi yoki opasi) yoki uchinchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchilar) yo‘llanmalar olish uchun davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelib murojaat qiladilar yoki elektron shaklda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun mustaqil ravishda (yoki vakolatli organ yordamida) YIDXPda ro‘yxatga olinadilar, shuningdek, davlat xizmatidan kompleks tarzda foydalanish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga tug‘ilishni qayd etish bilan bir vaqtda murojaat qilishlari mumkin.Bolani uchinchi shaxslar tomonidan tashkilotga navbatga qo‘yish yoki yo‘llanma olish uchun murojaat etish faqat ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki bolaning yaqin qarindoshlari tomonidan berilgan ishonchnoma asosida amalga oshiriladi.
Ariza beruvchilar quyidagi huquqlarga egadirlar:
so‘rovnomada tashkilotning bola uchun to‘g‘ri keladigan yoshdagi bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lgan guruhini (yo‘llanma olish uchun) yoki bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lmagan guruhini (navbatga kiritilishi uchun) ko‘rsatish (tanlash);
bolani tug‘ilgan vaqtdan boshlab tashkilotga navbatga qo‘yish;
bir vaqtda uchtagacha tashkilotga bolani navbatga qo‘yish;
xato kiritilgan ma’lumotlarni tuzatish;
davlat xizmati ko‘rsatilayotgan har qanday bosqichda undan foydalanishni rad etish huquqiga egadirlar.
Uchquduq tuman adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Holiqov Nurbek Qo’ldosh o’g’li