Ona tilida fikrlashga toza gapirishga, nutqingizni har xil yot unsurlardan saqlashga harakat qiling. Qayerda va kim bo‘lmasin, ona tili kamsitilishiga yo‘l qo’ymasin. Til mavsumiy libos emaski, ob-havoning o‘zgarishiga qarab almashtirilsa, Onaizor, Vatan, millat har biri bittadan, Ona tili ham bitta. Agar o‘z xalqingiz orasida gungalak-soqov va yot bo‘lishni istamasangiz, ona tilini puxta o‘rganing. Boshingizga ko‘taring. Kishi boshqa tilda bilimli bo‘la oladi, ammo faqat o‘z tilida bekamu-ko‘st bo‘lishi mumkin.
G‘aybulla as-Salom
Bizga ma’lumki, til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.
Yuqori rivojlangan davlatlar darajasiga erishish va raqobatdosh bo‘lish uchun O‘zbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari muhim, albatta. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan orqada qola olmaymiz, lekin shuni unutmaslik kerakki, o‘zbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir O‘zbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi zarur.
Hech kim hech qachon o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatni yo‘qotmasligi kerak. O‘z ona tiliga ega bo‘lmagan xalq mamlakat bo‘lolmaydi. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd bo‘lsa ham milliy til sofligiga putur yetadi. Shu sababli, bu ulkan hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, ona tiliga bo‘lgan muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yil sayin kengaytirish zarur.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov o’zlarining “Yuksak ma'naviyat — yengilmas kuch”asarida til haqida alohida to'xtalib, shunday fikrlarni bayon qiladi: “0'zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o'rtasidagi ruhiy-ma'naviy bog'liqlik til orqali namoyon bo'ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili — bu millatningruhidir” .
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. Lekin tilimiz sofligini saqlash borasida hali qiladigan ishlarimiz koʻp.
“Davlat tili haqida”gi Qonunning 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi”,- deb belgilangan bo‘lsada, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin deb belgilangan bo‘lsada, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti.
Xususan, ayrim savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohalari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va e’lonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.
Mazkur sohada xorij tajribasiga to’xtalar ekanmiz, “Ozarbayjon Respublikasida davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda Ozarbayjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburligi, ozarbayjon tili mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida davlat tili sifatida qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Qozog‘iston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, davlat tili qozoq tili bo‘lib, davlat tili – davlat boshqaruvi, qonunlar, sud ishlarini yuritish, ish yuritish tili bo‘lib, butun davlat hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qilishi, davlat tilini bilish har bir Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining burchi va vazifasi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Meni nazarimda O’zbekiston xalqi ko’p millatli xalq ekanligini hisobga olsak, yuqoridagi xorij tajribalarni mamlakat qonunchiligiga birdaniga tatbiq etish maqsadga muvofiq emas.
Yuqorida sanab o’tilgan muammolarga qarshi kurashish orqali ham til mustaqilligiga erishish mumkin.
Shuningdek, fuqarolik sudlari, balki, jinoyat va iqtisodiy sudlarida javobgarlikka tortilayotgan shaxs o’z majburiyatlari, lavozim yo’riqnomalari bilan davlat tilida tanishtirilmagan bo’lsa javobgarlikdan ozod etilishi, mehnat nizolari bo’yicha davlat tilida ishlab chiqilmagan nizom yoki ustav bilan intizomiy jazo chorasi qo’llanilgan buyruq bekor qilinishi haqidagi normani joriy qilish maqsadga muvofiq.
Shunda o’z-o’zidan korxona, muassasa va tashkilotlar o’z mulklari uchun javobgarlikni belgilash maqsadida ish yurituvdagi hujjatlarni davlat tilida yuritishga majbur bo’ladi.
Bundan tashqari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda atamalarning o‘zbekcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish ta’qiqlanishini qat’iy belgilab qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir.
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilishimiz mumkinki, o’z tilini yo’qotgan xalqda milliy tarbiya va madaniyat o’z-o’zidan tanazullaga yuz tutadi.Hazrati Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz” degan hikmati necha asr oʻtsa ham oʻzining maʼno-mohiyatini yoʻqotgani yoʻq. Aksincha, tarixiy jarayonlar bu hikmatning naqadar haqqoniyligini isbotlab bergan. Shuningdek, birinchi prezidentimiz I.A.Karimov, “Tilimizdagi mehr-oqibat, mehr-muhabbat, mehr-shafqat, qadr-qimmat degan, bir-birini chuqur ma’no-mazmun bilan boyitadigan va to‘ldiradigan iboralarni olaylik, qanchalik g‘alati tuyulmasin, bu iboralarni boshqa tillarga aynan tarjima qilishning o‘zi mushkul bir muammo”, — degan so'zlarida naqadar chuqur hayotiy haqiqat mujassam ekaniga va tilning jamiyat hayotida naqadar dolzarb o’rin egallashiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Uchquduq tuman prokuraturasi
tergovchisi
3-darajali yurist Sh.N.Barnoxo’jayev