LOTIN-КИРИЛЛ

INSON MEHNATI BILAN ULUGʻ, SHU BILAN QADRLI!

 

            Insonning umri davomida jamiyat va xalq uchun ko‘rsatgan fidoyiligi hamisha qadrlanib kelingan. Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘ri, mehrini baxshida etadi. Kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat-e’tibor topadi.

    Baxtiyor Utashev 1977 yilda Navoiy viloyatining so‘lim Xatirchi tumanida tavallud topgan. Tomchilardan daryo hosil bo‘lganidek, oilada qut-baraka, yaxshilik ham, oiladagi chiroyli muomala va hamisha bir-birlarini tushunib shukr qilib yashashdan tug‘iladi. Baxtiyor aka 7 nafar farzand kamolga yetayotgan  oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan bo‘lsada, oiladagi izzat-hurmatni yaxshilikni yaxshi-yomon kunda yelkadosh bo‘lishdek tuyg‘ularni qalbiga singdirib voyaga yetdi.

   Akalari bilan bir kiyimni navbat bilan kiyib katta bo‘lgan qahramonimiz paxta va sholi dalalarida harakatlanayotgan, katta ariqlarni qaziyotgan texnikalarning kuchiga, haydovchilarning mahoratiga hayron qolib ulg‘aydi.  Shu-shu, yoshligidan texnikaga bo‘lgan qiziqishi ortib bordi. Bu qiziqish uni Toshkent texnologiyalar universitetiga hujjat topshirishga undagan bo‘lsada, talabalik baxti nasib etmadi. Harbiy xizmatdan qaytgan Baxtiyor aka bu bilan maqsadidan qaytmadi, Toshkent geologiya qidiruv texnikumiga o‘qishga kirib shu yo‘nalishda ishlashni maqsad qildi.

    2001 yilda Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli GTK da mashinist yordamchisi bo‘lib faoliyatini boshlagan Baxtiyor aka, 2004 yilda burg‘ulash uskunasi mashinisti, 2010 yildan bugungi kunga qadar brigadir bo‘lib faoliyatini davom ettirmoqda. U ustozi Shaxobiddin Gadoyevdan o‘rgangan bilimlari, uzoq yillik tajribasini 30 ga yaqin shogirdlari bilan bo‘lishib,  hurmatdagi ustoz darajasiga ko‘tarilgan fidoiylardan.

    Baxtiyor aka  burg‘ulash sohasida 22 yildan ziyod tajribaga ega mehnatkash xodim sifatida nafaqat shogirdlarining balki hamkasblarining  ham hurmatini qozongan.

-O‘zingga ishonib topshirilgan texnikani ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash ish unumdorligining asosidir. Oddiy ehtiyotsizlik oqibatida vaqtdan yutqazish ish samaradorligiga katta zarar keltiradi. Shuning uchun ham ishda talabchanlik va qattiqko‘llik muhim, – deydi  Baxtiyor Utashev.

    U 2022 yil dekabrida  “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan bo‘lsa, yaqinda Prezidentimiz Farmoniga binoan, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

-Men bu xushxabarni ish joyimda kutib oldim. Hamkasblarim, rahbariyat mening bu kabi kamtarona mehnatlarim juda yuqori baholanganini aytib, suyunchilarkan mamlakatimizda, yurtim deb qilinayotgan har qanday mehnat qadr topayotganiga amin bo‘ldim, – deydi Baxtiyor aka.

     Darvoqe, har bir insonda avvalo, oilasi tinch bo‘lsa kayfiyati ko‘tarinki, qilayotgan ishi unumli natijasi esa ko‘ngildagidek bo‘ladi. Har bir inson haqiqiy halovatni birinchi navbatda o‘z oilasidan oladi. Oiladagi kattalar orasidagi munosabatlar unda voyaga yetayotgan farzandlarga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

Baxtiyor Utashev ayoli Ozoda Raxmonova bilan 2 nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda. Katta o‘g‘li Muhammadali bugungi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi, kichik o‘g‘li Maqsudjonning ota kasbiga qiziqishi baland. Kyelajakda shu yo‘nalishda ta’lim olishni maqsad qilgan. Baxtiyor aka farzandlariga kasb tanlab bermadi, ularni o‘z qiziqishlari bo‘yicha o‘qitishni maqsad qildi. “Qaysi soha mutaxassisi bo‘lsangiz, uni mukammal egallang. Shundagina haqiqiy soha vakiliga aylanasiz”,  deydi qahramonimiz.

     Ha, inson o‘ziga berilgan e’tirofdan faqatgina quvonadi, bu uning mehnatiga rahmat, kelgusi faoliyatida qanot bo‘ladi. Umid qilamizki bu e’tibordan keyin  Baxtiyor aka Utashev yanada g‘ayrat bilan ishlab, yangi marralar sari dadil odimlashi shubhasiz. Bunga esa uning bilimi, tajribasi va kuch-g‘ayrati yetarli. 

Feruza YANDASHOVA,

maxsus muxbirimiz.

 

O'qilgan: 747 bora O'zgartirish kiritilgan san'a 12 Sep 2023

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: