"Yangi O‘zbekiston" gazetasi orqali e’lon qilingan "Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarning O‘zbekiston xalqiga Murojaati bilan tanishib chiqdim. Murojaatda keltirilgan fikrlar menga ma’qul bo‘ldi. Haqiqatdan ham biz bugungi kunda mehr-oqibat singari tushunchalarni yoshlar ongiga ko‘proq singdirishimiz lozim bo‘lgan bir vaqtda, oila tashvishlari deb o‘zimiz ham e’tiborsiz bo‘lib qolganga o‘xshayapmiz. Men yaxshi yashamadim, farzandim yashasin deb boylik, mol-dunyo ketidan quvib ayrim yoshlarimizni turli oqimlarga kirib ketishi, oson pul topaman deb xatto Vatan xoini bo‘lishiga ham oilaning, mahalla-kuyning aybi bor deb o‘ylayman. Tinch-totuv mamlakatda yashayapmizu ayrim hollarda keksalarga hurmat, yoshlarga mexr -oqibatli bo‘lish lozimligini xatto kattalar ham unutib qo‘yapti. Menimcha bolalariga ko‘proq ma’naviyatni, odob-ahloqni singdirish o‘rniga pul, mol-davlat topish bilan shug‘ullangan oilalarda xudbin farzandlar tarbiya topsa kerak. Bugungi farovon yurtda yashayotgan har bir yoshi ulug‘ otaxonu-onaxonlar tarbiyani maktabda ko‘proq o‘rgatishiga ishonib o‘tirmasdan, oilada, xatto ko‘cha-kuyda, jamoat joylarida ham yoshlarimizga necha asrlik ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizni singdirsak albatta yoshlarimiz ushbu qadriyatlarimizga sodiq bo‘ladi. Buning uchun biz nuroniy otaxonu-onaxonlar har doim yoshlarning eng yaqin maslahatchilari, ustozi bo‘lishimiz lozim.
Uchquduq tuman Abay MFY faxriysi Sh. Rustamov.