Bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mintaqalarida havo harorati yuqori darajada isimoqda. Iqlimshunoslar iyul oyining dastlabki kunlaridan Tinch okeanida suv haroratining isib ketishi bilan bog‘liq “El-Ninyo” hodisasini bunga asosiy sabab sifatida keltirmoqda.
“El-Ninyo” haqida qisqacha
“El-Ninyo”—Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanib, o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi. U odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Iyul oyi boshida BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta “El-Ninyo” sharoiti yuzaga kelganini eʼlon qildi. Bu hodisa global haroratning keskin oshishi va haddan tashqari issiq ob-havo ehtimolini oshiradi.
Iqlimshunoslar tahliliga ko‘ra, hozirda mazkur hodisa dunyo iqlimiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda. Tinch okeani markaziy va sharqiy mintaqalarida suv haroratining meʼyordan uch darajagacha ko‘tarilib ketishi dunyoda kunlik harorat rekordlari yangilanishiga olib kelgan.
Maʼlumotlarga qaraganda, o‘tmishda “El-Ninyo” hodisalari butun dunyo qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotiga muammo tug‘dirgan. Shuning uchun ekspertlar barcha mamlakatlar uning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun choralar ishlab chiqishi zarurligini takrorlamoqda.
Oxirgi marta 2016-yilda kuzatilgan “El-Ninyo” O‘zbekistonga ham sezilarli taʼsir ko‘rsatgan. O‘sha davrda qish iliq, bahor issiq va jazirama yoz ketidan kuzning oktabri sovuq, noyabrda esa qor yog‘ib yuborgan.
“Agar 2016-anolog yilga ishonilsa, kelayotgan qishimiz ham iliq bo‘lishi mumkin. Albatta, bu uzoq muddatli prognozlar. Uning o‘zini oqlash darajasi juda past. Lekin yo‘qdan ko‘ra bor maqoliga amal qilinsa, kelgusi qadamlar shu asnoda tashlansa, yomon bo‘lmaydi”, — deydi iqlimshunos Erkin Abdulahatov.
Prognozlarga ko‘ra, 2024-yil dunyoda oxirgi 8-9 yillik va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin.
Havo qachon salqinlashadi?
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 27–29-iyul kunlari O‘zbekistonda havo harorati biroz pasayishi kutilmoqda. Xususan, 27-iyulda Qoraqalpog‘iston va Xorazmga, 28-iyul kuni O‘zbekistonning boshqa hududlariga Qozog‘istondan nisbatan salqin havo kirib keladi. Mamlakatda harorat 35-38 darajagacha, janubda 40-42 darajagacha pasayadi. Bunday harorat joriy hafta oxirida ham saqlanib turadi.
“Chilla tobora yo‘qolib bormoqda”
Gidrometerolog Erkin Abdulahatovning “Daryo” muxbiri bilan suhbatda avvallari yozda chilla paytidagi anomal issiq yaxshiroq bo‘lganini aytgan.
“Chunki yozda havo quruqroq bo‘lardi. Hozir tunda harorat pasayish o‘rniga, ko‘tarilib ketmoqda. Oldinlari harorat kechasi 20 darajagacha pasayib, etni junjitadigan havo bo‘lgan. Hozir esa unday emas. Chunki havodagi namlik yuqori. Issiqlar o‘zining vaqtida – chillada bo‘lmayapti. Ilgari yozda namgarchilik 20-30 foizga ortgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 50 foizgacha ko‘tarildi. Buning oqibatida insonlar organizmi qiynalyapti. Chilla degan narsa tobora yo‘q bo‘lib ketmoqda. Masalan, shu yilning aprel oyida Xorazmda +42 daraja issiq harorat kuzatildi. Bu zararli, albatta. Aprel – uyg‘onish davri. Havo issiq bo‘lgani hisobiga Xorazm hozir suv tanqisligini boshdan kechiryapti”, — dedi mutaxassis.
Avvalroq O‘zbekistonda eng issiq havo harorati kuzatilgan yillar haqida maʼlumot berilgandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra,
- 1983-yilda Buxoro viloyatida respublika tarixidagi rekord harorat +49,9 darajali issiq kuzatilgan.
- 1914-yilda Surxondaryo viloyati Termiz sharida +49,6 daraja issiq bo‘lgan.
- Toshkent shahrida esa 1997-yil 18-iyulda termometr ustunchasi +44,6 daraja issiqni qayd etgan. Bu o‘sha davr uchun so‘nggi 160-yillik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori, rekord darajadagi issiq haroratdir.
- Nukusdagi eng yuqori havo harorati 2002-yil avgust oyida kuzatilgan bo‘lib, issiqlik +46,8 darajagacha ko‘tarilgan.