Trixofitiya — yuqumli zamburug‘ kasalligi bo‘lib, uni Trichophyton turkumiga mansub zamburug‘lar qo‘zg‘atadi. Trixofitiya asosan teri va teri ortiqlarini (tirnoq va sochlarni) zararlaydi. Mahalliy tilda bu kasallik “ temiratki ” ham deyiladi. Barcha zamburug‘ kasalliklari singari bu kasallik ham mavsumiylikka xos.
Zamburug‘larning nam, yog‘ingarchilik oylarda ko‘payishi va o‘sishi uchun qulay sharoit bo‘lganligi uchun yilning namgarchilik oylarida kasallikning ko‘payishi kuzatiladiKasallik manbai bemor yoki kasallangan uy hayvonlari (mol, qo‘y, it,mushuk va boshqalar hisoblanadi. Shuning uchun ham chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilarda kuzatiladi.
Trixofitiya kasalligining quyidagi turlari farqlanadi:
yuza trixofitiya
surunkali trixofitiya
- yiringli-infiltrativ trixofitiya
Yuza trixofitiya
Yuza trixofitiya — aksariyat hollarda 5-12 yoshli bolalarda uchraydi. Asosan surunkali trixofitiya bilan og‘rigan katta yoshli bemorlardan yuqadi. Zamburug‘ bosh sochlariga tushgach 2-3 hafta yashirin davridan keyin tangacha kattaligidagi oqimtir, yumaloq yoki ovalsimon ko‘rinishdagi dog‘lar paydo bo‘ladi. Dog‘larning yuzasi kepaksimon po‘stloqlar bilan qoplanib, shu sohadagi sochlar 2-3 mm yuqoridan sinadi.
Yuza trixofitiyada zamburug‘lar zararlangan soch ichida joylashadi. Yuza trixofitiyada soch bilan birga terining o‘zi ham shikastlanadi, bunda terida avvaliga pushti-qizil yumaloq yoki oval shakldagi kepaklanuvchi dog‘lar paydo bo‘ladi. Chegarasi aniq bo‘lib,chekkalari biroz ko‘tarilib turadigan to‘g‘nog‘ich boshidek keladigan tuguncha va pufakchalar paydo bo‘ladi. Ular birikib har xil shakllarni hosil qiladi. Bu kasallikda tirnoqlar ham zararlanib, xira tortib mo‘rtlashib, notekis va g‘adir-budur bo‘lib qoladi.
Surunkali trixofitiya
Surunkali trixofitiya — asosan kattalarda uchrab, klinik ko‘rinishi batamom o‘zgacha tus oladi. Boshda chegarasi noaniq kepaksimon po‘st tashlab turuvchi oqimtir dog‘lar hamda singan sochlarning o‘rni qora dog‘ bo‘lib ko‘rinadi. Ular davolanmasa kasallik manbai bo‘lib yuraveradi.
Yoshi kattalarda markaziy nerv sistemasi va ichki sekresiya bezlari faoliyatining o‘zgarishi zamburug‘larga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli kattalarda bu kasallik o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi ham mumkin. Lekin ichki sekresiya bezlari faoliyatida, xususan tuxumdonlarda biror illati bo‘lgan ayollarda bu kasallik surunkali tus olib, yillar davomida bezovta qiladi.
Kasallik ayollarda ko‘proq uchrab, boshning sochli qismi, silliq teri va tirnoqlarning birga zararlanishi bilan kechadi. Boldir, tizza, tirsak, dumba sohalarida bir-biriga qo‘shilishga moyil bo‘lgan, po‘st tashlab turadigan, binafsha rangli dog‘lar paydo bo‘ladi.
Oyoq-qo‘l kaftlarining terisida yallig‘lanish belgilarisiz, po‘st tashlab turadigan kasallik o‘choqlari vujudga keladi. Boshning chakka va ensa sohalarida sochlar tagidan sinib, qora nuqtalar hosil qiladi. Shu sohalarda po‘st tashlagan zararlanish o‘choqlari, sochsiz atrofiyaga uchragan joylar ham kuzatiladi.Kasallik uzoq kechadi, bu paytda bemorlar yosh bolalar uchun kasallik manbai bo‘lib qolishlari mumkin.
Yiringli-infiltrativ trixofitiyalar
Yiringli-infiltrativ trixofitiya- bularni zoonoz Trichophytonlar (hayvon zamburug‘lari) qo‘zg‘atadi. Kasallik buzoq, sigir, ot, qo‘y va itlardan yuqadi. Hayvonlarda kasallik ancha yengil o‘tadi, lekin odamlarda og‘ir kechadi. Kasallik yuqqanidan keyin 2-3 hafta o‘tib bemorning bosh terisida yiringli tugunchalar paydo bo‘ladi, ular bosib ko‘rilsa yiring chiqadi.
Yiringlagan sohadan “ari uyasi” ni eslatuvchi yiringli ajralma ajraladi. Bemorlar boshidan mog‘or hidi kelib turadi. Yiringli sohadan sochlar osongina to‘kilib ketadi. Bemorlar sog‘aygandan keyin o‘sha sohalarda soch siyrak, kam chiqib, joyi bilinib turadi. Zamburug‘lar terini ham shikastlab, bunda terida dumaloq halqlar hosil bo‘ladi. Zararlanish ochiq joylarda, asosan bo‘yin, bilak va yuzda uchraydi.
Yuqorida keltirilgan holatlar kuzatilsa darhol teri-tanosil shifokoriga (dermatovenerologga) murojaat qilish lozim. Trixofitiyaning yuqorida keltirilgan barcha shakllari teri-tanosil kasalliklar dispanserida statsionar sharoitda davolanishga muhtoj hisoblanadi.
Afsuski, aksariyat bemorlar uylarida o‘zboshimchalik bilan turli davo-muolajalar o‘tkazishi oqibatida kasallikning yiringli-infiltrativ shaklida, ya’ni mutaxassis shifokorga kasallikni o‘tkazib yuborgandan keyin murojaat qilish hollari hanuzgacha uchrab turibdi.
O‘tkazib yuborilgan vaqt esa, albatta o‘z so‘zini aytmay qolmaydi. Shunday ekan, teri sohasida o‘zgarishlar kuzatilganda fursatni qo‘ldan boy bermay shifokorga murojaat qilish lozimligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz
Teri kasalliklari - odam va hayvonlar organizmidagi shilliq qavatlar, teri hamda uning hosilalari (soch, tirnoq) patologik oʻzgarishi bilan ifodalanadigan kasalliklar guruhi. Odam uchraydigan Teri kasalliklari toshma toshishi, dogʻ, pufakcha, tuguncha, qipiqlanish, yaralanish, terining shilinishi, yorilishi va boshqa tarzida namoyon boʻladi. Tashqi muhitdagi har bir fizik va kimyoviy omillar terida turli yalligʻlanishlar (dermatitlar) paydo boʻlishiga olib keladi; bulardan qavarish, bichilish, sovqotish, kuyish birmuncha koʻproq uchraydi. Terining talaygina kasalliklariga biologik omillar, mikroskopik zamburugʻlar (qarang Terining zamburugʻli kasalliklari), bakteriyalar, hayvon parazitlari (qarang Qoʻtir) va viruslar (qarang Soʻgal, Uchuq) sabab boʻladi.
Ichki omillar: mahalliy, infeksiya oʻchogʻi boʻlishi (mas., murtak bezlari, qovuqda), ichki aʼzolar (meʼda, buyrak, jigar) kasalliklari ekzema, eshakem kabi allergik tavsifdagi (qarang Lglergiya) Teri kasalliklariga olib kelishi mumkin. Organizmda oqsil, uglevod va yogʻ almashinuvining buzilishi, shuningdek, vitaminlar yetishmasligi, nerv (mas., neyrodermit) va endokrin sistema faoliyatining buzilishi (mas., seboreya, husnbuzar), tomirlar, qrn yaratish aʼzolari va boshqalarning zararlanishi natijasida ham Teri kasalliklari yuzaga kelishi mumkin. Bularning hammasi terida yalligʻlanish, qon quyilishi, pigmentatsiya va muguzlanishning buzilishi, teridagi ayrim tuzilmalar (biriktiruvchi toʻqima tolalari, yog va ter bezlari, soch piyozchasi va boshqalar)ning nobud boʻlishi, qon aylanishi hamda teri oziklanishining izdan chiqishi kabi patologik oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Bunda teriga har xil kattalikda toshmalar toshishi (dermatozlar), tugunchalar paydo boʻlishi, baʼzan bu tugunchalar ichida qon yoki yiring tuplanishi mumkin. Toshmalar qichishishi, achishishi, baʼzilari bemorni mutlaqo bezovta qilmasligi mumkin. Infeksion (qarang Ich terlama, Qaytalama terlama, Skarlatina, Chechak va b.), shuningdek, venerik kasalliklarda ham teriga toshmalar toshishi kuzatiladi. Toshmalar tabiatini faqat mutaxassis vrach toʻgʻri aniklab, diagnoz qoʻyishi va davo tayinlashi mumkin. Oʻz bilgicha davo qilish turli koʻngilsizliklarga olib keladi. Shuning uchun Teri kasalliklariga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlganda, albatta, vrachga murojaat etish va uning maslahatlariga bekamu kust amal qilish lozim.
Uchquduq tuman Sanitariya-epidemiologik
osoyishtalik va jamoat salomatligi
bo’limi xodimi
S.M.Hamroqulova