Oʻzbekiston boʻyicha 24-28-iyul kunlariga ob-havo prognozi eʼlon qilindi.
Boshlangan haftaning katta qismida Oʻzbekiston hududi boʻyicha issiq ob-havo boʻlishi kutilmoqda.
Kunduz kunlari harorat 39-42 darajaga, janubda va choʻl hududlarda, shuningdek 24-25-iyul kunlari respublika shimolida baʼzi joylarda 43-44 darajaga yetadi.
27-iyulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatiga, 28-iyulda respublikaning barcha hududlariga Qozogʻiston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat 35-38 darajagacha, janubda 40-42 darajagacha biroz pasayadi.
Bunday harorat hafta oxirida ham saqlanib turadi.
Shimolda, janubda va choʻl hududlarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha, ayrim joylarda 20-22 m/m gacha kuchayishi, chang-toʻzon kuzatilishi mumkin.
Togʻli hududlarda 24-iyulda kunning ikkinchi yarmida va hafta oxirida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Poytaxtimizda: 24-27-iyul kunlari havo asosan kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan birozdan oʻrtacha tezlikgacha esadi. Harorat 24-27-iyulda 39-42 daraja, 28-iyulda 38-40 daraja boʻladi.
Eslatilishicha, ushbu haftada kunlar issiq boʻlishiga qaramay, havo harorati oʻtgan yillarda oʻrnatilgan rekord koʻrsatkichlarga yetib bormaydi. Shunday qilib, respublika hududining katta qismida eng issiq iyul oylarida maksimal havo harorati 43-46 darajani, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 47-49 darajani tashkil etgan.